O’zbekiston Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi yuqori darajali milliy domenlar assotsiatsiyasiga a’zo bo’ldi
20.10.2017
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Uzinfocom tomonidan muvofiqlashtiriladigan milliy «UZ» domeni Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi yuqori darajali milliy domenlar assotsiatsiyasi domenlari safiga qo‘shildi.

Assotsiatsiyaning Tbilisida bo‘lib o‘tayotgan 72-anjumani chog‘ida boshqaruv a’zolari mazkur qarorni bir ovozdan ma’qulladilar. Bungacha esa Osiyo-tinch okeani yuqori domenlari assotsiatsiyasi ijrochi direktori Leonid Todorov Toshkentda bo‘lib, Uzinfocom markazi faoliyati bilan yaqindan tanishgan edi.

Ekspertlarning qayd etishlaricha, APTLD tarkibiga qo‘shilish O‘zbekistonga xalqaro Internet tarmog‘ini rivojlantirishni boshqarishda faol ishtirok etish, Milliy domenni ilg‘or tajribalar asosida rivojlantirish, axborot xavfsizligi, foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish hamda bu yo‘nalishda milliy qonunchilikni mustahkamlash yuzasidan samarali choralarni tatbiq qilish, «elektron hukumat» va onlayn savdoni rivojlanishga zamin yaratadi.

1998 yilda faoliyatini boshlagan Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yuqori darajali milliy domenlar assotsiatsiyasi (APTLD) – Osiyo mintaqasidagi milliy domenlarni ro‘yxatga oluvchi muassasalar assotsiatsiyasi notijorat kompaniya sifatida 2003 yildan rasman Malayziyada faoliyatini boshlagan. Hozirgacha tashkilotga 50 dan oshiq davlatning milliy domen ro‘yxatga oluvchilari a’zo bo‘lishgan. Jumladan, ular orasida CNNIC (.cn, Xitoy), AUDA (.au, Avstraliya), NIXI (.in, Hindiston), VNNIC (.vn, Vetnam), DENIC eG (.de, Germaniya), Internet tarmog‘idagi milliy domenni muvofiqlashtiruvchi markazi (.rf, Rossiya) kabi yuqori darajali milliy domenlarning ma’murlari bor.

Yuqori darajali «UZ» domeni ilk marotaba 1995 yilning 29 aprelida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 30 maydagi «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish to‘g‘risida»gi 3080-son qarori bilan, 2003 yil mart oyida ICANN Xalqaro tashkiloti bilan imzolangan kelishuvga muvofiq milliy domenni boshqarish huquqini, milliy «UZ» domenning ma’muri xisoblangan «UZINFOCOM» markaziga berildi.

Bugungi kunda «UZ» domenidagi faol veb-saytlar soni 34,7 mingtani tashkil qiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq