MEROS.UZ – O‘zbekiston madaniy merosini o‘zida jamlagan portal
09.10.2017
Rukn: Internet.
Muallif: Jurnal tahririyati.
2017-yil 31-avgust kuni mamlakatimiz mustaqilligining 26 yilligi munosabati bilan UZINFOCOM Markazi tomonidan meros.uz loyihasining yangi talqini yurtdoshlarimizga tuhfa etildi.
Loyihaning yangi talqiniga bir qancha qo‘shimcha imkoniyatlar qo‘shildi, jumladan, hududlardagi madaniy meros obyektlari, aynan ushbu hududning o‘ziga xos go‘zal maskanlarini o‘zida jamlagan interaktiv xarita, har bir sayyoh yoki Internet foydalanuvchisi o‘z blogini yaratish va madaniy meros safiga qo‘shilishi joiz deb bilgan obyektlarni portalga joylashtirishi, har bir ma’lumotga tegishli izoh qoldirishi, mavjud obyektlar galereyasiga fotolavhalar qo‘shish imkoniyatlari va boshqa interaktiv funksiyalar qo‘shildi.
Portal «Obyektlar», «Maqolalar», «Xarita», «Galereya» va «O‘zbekistonning yetti mo‘jizasi» bo‘limlaridan iborat bo‘lib, «Xarita» bo‘limida O‘zbekistonning Jahon xaritasida hududiy joylashgan o‘rni keltirilgan (1-rasm).
1-rasm. O‘zbekistonning hududiy xaritasi va mazkur hududlardagi obyektlar joylashuvi
Xarita yordamida O‘zbekistonning qaysi hududida qanday madaniy obyektlar mavjud ekani, ularning ko‘rinishi va nomini ko‘rish mumkin. Agar obyekt haqida ma’lumot zarur bo‘lsa, shu obyektga oid «ma’lumotga o‘tish»ni amalga oshirib, uni o‘qish imkoni yaratilgan (2-rasm).
2-rasm. Obyektga oid ma’lumotlar taqdimi
«Maqolalar» bo‘limi o‘zida O‘zbekiston hududlarida joylashgan turli obida va qadamjolar haqida qiziqarli ma’lumotlarni o‘zida jamlagan. Har bir sayyoh, arxeolog yoki madaniy meroslar haqida o‘zi bilgan qiziqarli ma’lumotlarni boshqa foydalanuvchilar bilan ulashish niyatida bo‘lgan Internet foydalanuvchisi ushbu bo‘limda o‘z maqolasini joylashtirish va blog yuritish imkoniga ega (3-rasm).
3-rasm. Maqola joylashtirish imkonini beruvchi bo‘lim
ZiyoNET ta’lim portali doirasida 2015-yil may oyida ishga tushirilgan yurtimiz madaniy tarixiy merosi bo‘lgan — arxeologik obyektlar, urf-odatlar va madaniyatimizning boshqa obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan — «O‘zbekiston madaniy merosi» resursi www.meros.uz manzili bo‘yicha joylashgan. Ushbu resursning asosiy maqsadi:
- O‘zbekistonning tarixiy madaniy merosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bir joyda jamlash va ularni barcha yoshdagi foydalanuvchilar orasida ommalashtirish;
- Yurtimizning xalqaro turizimdagi yuqori salohiyatini ochib bergan holda uning turistik jozibadorligini yanada oshirish hisoblanadi.
Ushbu resurs yurtimizning turli hududlaridagi arxeologik majmualari, shahristonlari, qadimiy yodgorliklaridan topilgan nodir ashyolar, metall va sopol buyumlari, libos va ziynatlari, devoriy bezaklar, uy-ro‘zg‘or anjomlari, mehnat qurollari, muayyan davrga oid manzaralarini, har bir hududning o‘ziga xos tarixi, etnografik xususiyatlarini o‘zida tasvirlaydi. Bugungi kunda mazkur resurs mamlakatimizning 600 tadan ortiq tarixiy, madaniy, arxeologik yodgorliklari va urf-odatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan. Mazkur saytning asosiy qulayliklaridan biri bu foydalanuvchilar uchun obyektlarning joylashgan manzili O‘zbekiston xaritasida ko‘rsatilganligi bo‘lib hisoblanadi. Shuningdek, har bir obyekt matnli ma’lumotlar va qiziqarli fotosuratlar bilan boyitilgan bo‘lib, ushbu obyektlar Davlat tomonidan qo‘riqlanayotganligi yoki UNESCO madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan.
Mualliflar: Kamola Axmedjanova, Malika Mirtoirova, UZINFOCOM Markazi