Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi
17.09.2017
Rukn: Tadbirlar, Yangiliklar.
Muallif: .

15 sentabr kuni Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vazirining o‘rinbosari Shim Bo Gyun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida axborotlashtirish, “elektron hukumat” yo‘nalishlarida o‘rnatilgan ikki tomonlama hamkorlik samaralari qayd etilib, Koreya hamda O‘zbekiston Respublikalari 2012 yildan boshlab amalga oshirib kelayotgan loyihalar o‘z samarasini berayotgani ta’kidlandi. Koreya tomonining ma’lum qilishicha, mamlakatni axborotlashtirish, “elektron hukumat”ni rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar so‘nggi 50 yildan buyon hukumatning diqqat-e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Bu esa mamlakat raqobatbardoshligini oshirish, iqtisodiyot rivoji hamda davlat boshqaruvidagi samaradorlikda o‘zining natijasini bermoqda.

Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi Koreya Respublikasida “elektron hukumat”ni rivojlantirish, axborotlashtirish sohalariga bevosita mas’ul organ hisoblanadi. O‘zbekiston bugun kadrlar malakasini oshirish, yosh pedagoglarni tayyorlash, IT-ta’limni rivojlantirish, axborot texnologiyalari yo‘nalishlaridagi loyihalarni amalga oshirishda ushbu vazirlik tizimidagi Koreya axborotlashgan jamiyati milliy agentligi, Koreya hududlarda axborotlashtirishni tadqiq qilish va rivojlantirish instituti bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

O‘z navbatida, bugun axborot texnologiyalari jamiyatning har sohalarida tatbiq qilinayotgani, jumladan davlat xizmatlarini rivojlantirish, jamiyat xavfsizligini ta’minlash, ochiq ma’lumotlarni ishlab chiqish va ommalashtirish, salmoqli ma’lumot (big data)ni qayta ishlashda zamonaviy IT-trendlarni hisobga olib, aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish muhim vazifa bo‘lib turibdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori bilan “Xavfsiz shahar” dasturining qabul qilinishi bu yo‘nalishda yangi tizimlar va ishlanmalarni tayyorlash, xalqaro tajriba asosida jamiyat osoyishtaligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining hissasini oshirishni taqozo qiladi. Janob Shim Bo Gyun bu borada Koreyaning “aqlli transport” hamda videokuzatuv tizimlarini o‘rganish, o‘zbekistonlik mutaxassislarning Seulda o‘rnatilgan xavfsizlik tizimlarini bevosita ko‘rish va o‘rganishlari uchun maxsus o‘quvlarning tashkil qilinishini, loyihaning amalga oshirilishida koreyalik malakali ekspert va konsultantlarning ishtirokini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda yaqin hamkorlikni o‘rnatish yuzasidan O‘zbekiston va Koreya hukumatlari o‘rtasida anglashuv memorandumini imzolash rejasi kelishib olindi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq