O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ochiq eshiklar” haftaligi bo‘lib o‘tmoqda
06.09.2017
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2017 yil 4-8 sentyabr kunlari O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ochiq eshiklar” haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad: foydalanuvchilarni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida xizmat ko‘rsatishdagi keng imkoniyatlar bilan tanishtirish. Ta’lim sifatining oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgan, darslarga tayyorgarlik, mustaqil, ijodiy fikrlashda ko‘mak berayotgan, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etayotgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi har o‘quv yili boshida “Ochiq eshiklar” haftaligi tadbirini o‘tkazib kelmoqda. Zero, kutubxona imkoniyatlari bilan tanishish uchun eng manzur usul — u yerda o‘tkazilayotgan “Ochiq eshiklar kuni”ga tashrif buyurishdir.

Haftalik doirasida foydalanuvchilarga kutubxona bo‘ylab uning imkoniyatlari va resurslari bilan tanishtiruvchi ekskursiyalar, prezentatsiyalar, ilmiy-ta’limiy xorijiy elektron bazalar bilan ishlash bo‘yicha, “Ilmiy ishlar bazasi” bilan ishlash bo‘yicha treninglar tashkil etildi.

Hayotimizda fan va ilg‘or texnologiyalarning taraqqiy etib borayotganini inobatga olgan holda, yoshlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, ularni har tomonlama rivojlangan barkamol avlod bo‘lib yetishishi maqsadida hukumatimiz tomonidan ta’lim sohasini isloh qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ta’lim va ma’naviy tarbiyani uzviy olib borish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shuningdek, yangi axborot texnologiyalarin o‘zlashtirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Yoshlar o‘rtasida ilmga bo‘lgan intilish mustaqillik davrida olib borilgan islohotlarning samarasidir.

“Ochiq eshiklar” haftaligida kutubxona tarixi, faoliyati va resurslari bilan tanishtiruvchi ekskursiyalar o‘tkazildi, ilmiy-ta’limiy xorijiy elektron bazalar, “Ilmiy ishlar bazasi” bilan ishlash bo‘yicha treninglar tashkil etildi, foydalanuvchilar Milliy kutubxonaning axborot resurslaridan, ya’ni bosma va elektron nashrlardan hamda elektron va an’anaviy katalog va kartotekalardan foydalanish, kerakli resurslarni izlash, ularga buyurtmani rasmiylashtirish, info-kiosk hamda internet va WI-FI xizmatlaridan foydalanish qoidalari bilan ham tanishdilar.

Respublikaning turli oliy o‘quv yurtlari, litsey, kollej va maktablardan tashrif buyurgan mehmonlar uchun Kichik majlislar zalida kutubxona faoliyatini yoritib beruvchi hujjatli film namoyish etildi, unda kutubxona tarixi haqida va bugungi kundagi faoliyati haqida ma’lumotlar berildi.

Ro‘yxatga olish tartiblari bilan boshlangan va Milliy kutubxona kitob muzeyi, ko‘rgazmalar zali, kafedralar, o‘quv zallar, kitobxonlar kataloglari va kartoteka zallari, elektron katalaoglar zali bo‘ylab davom etgan mazmunli va batafsil ekskursiya “Ochiq eshiklar” haftaligiga kelganlarda katta taassurotlar qoldirdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq