Pochta qutisining yaratilish tarixini bilasizmi?
03.09.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

Mamlakatimiz “Aloqa tarixi muzeyi” zallariga tashrif buyurib, aloqa tarixidan munosib o‘rin olgan o‘z davrining muhim yangiliklari, ixtirolar, qurilmalar bilan yanada yaqindan tanishish mumkin. Bu safargi tashrifimiz vaqtida pochta qutisi tarixiga qiziqib qolib, bu haqda batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik va Siz muxlislar e’tiboriga havola qilishga qaror qildik.

Shunday qilib, navbatdagi sahifamizni pochta qutisining yaratilish tarixiga bag‘ishlashga qaror qildik.

Yuz yillar ilgari barcha xonadonlarda telefon mavjud bo‘lmaganligi, hozirgi zamonaviy aloqa vositalari taqdim etadigan qulayliklar: Internet, mobil telefonlari esa hatto hech kimning xayoliga ham kelmaganligini yaxshi bilamiz. O‘sha davrlarda odamlar bir-birlariga maktublar yozib, muloqot qilganlar. Mak­tublar davr ruhiga mos ravishda, siyohdon, qalam va qog‘oz yordamida amalga oshirilgan. Keyin uni xat jildga solib, xat oluvchining manzili va ism-sharifini ko‘rsatib, pochta qutisiga tashlaganlar va orzi­qib, sog‘inchli umid tuyg‘ulari bilan uning javobini kuta boshlaganlar.

Shuni ta’kidlash zarurki, pochta qutisining tarixi ancha uzoq davrlarni bosib o‘tgan, yaqin o‘nlab yillar ilgari iste’moldan chiqib keta boshladi. Hozirgi davrda pochta qutilari agar qayerlardadir ko‘rinib qolsa, hatto hech kimning e’tiborini ham tortmaydi, ular keraksiz buyumga aylana boshlagan, unga bo‘lgan ehtiyoj allaqachon o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, deb aytish mumkin. Sababi bugungi kunda muloqot uchun qulay aloqa vositalarimiz mavjud, xat-xabarlarimizning deyarli barchasini zamonaviy vositalar orqali jo‘natish va qabul qilib olishga odatlandik. Barcha muloqotla­rimizni tezkor amalga oshirishga intilamiz. Shu boisdan ham afsuski, juda kamdan-kam holatlardagina kimlar bilandir xat yozishib, muloqot qi­lamiz.

Keyingi davrlarda agar mazkur qutilar qayerdadir foydalanishda qolgan bo‘lsa, ulardan kommunal xizmatlar uchun kvitansiyalar va biror shoshilinch e’lon xabarlarinigina olish mumkin. Pochta qutisi ham talabgirlik davri o‘tgan va zamondan ortda qolayotgan barcha buyumlar kabi jahon aloqa tarixi zarvaraqlaridan munosib o‘rin egallab, foydalanishdan chiqib bormoqda. Biroq u o‘z davrida turli xat va xabarlar yetkazuvchi, ayniqsa, sog‘ingan dillar uchun quvonch bag‘ishlovchi, umid o‘chog‘i bo‘lganini hali unutganimiz yo‘q. Bu fikrni albatta katta yoshdagi kishilar tasdiqlaydilar, biroq yosh, o‘sib kelayotgan farzandlar esa u haqda yetarli ma’lumotga ega bo‘lmasalar kerak. Shu sababli o‘z davrida eng muhim buyum bo‘lib hisoblangan — pochta qutisining yaratilish tarixi ko‘pchilikni qiziqtirsa ajabmas.

Bir necha asrlar ilgari maktublar egalariga turli usullardan foydalanib, yetkazib berilganligi tarixdan ma’lum. Faqat XVI asrga kelib, dengizchilar tomonidan pochta qutisi vazifasini o‘tovchi g‘oya yaratilgan va xat-xabarlar mana shu g‘oyadan foydalanib, pochta qutisi vazifasini bajargan birgina belgilangan joy yoki buyum orqali egasiga yetkazilgan, insonlararo muloqot amalga oshirila boshlangan. Xat muallifi mazkur pochta qutisiga xat tashlab ketgan, xat yo‘llangan kimsa esa xatni olib, o‘qib, javob maktubini qoldirgan. Shu tariqa, XVI asrda dengizchilar xat orqali o‘zaro axborot almashganlar. U davrlarda pochta qutisi vazifasini yashirin pana joy, masalan, toshlar orasidagi, daraxtlardagi kavaklar va boshqa joylar bajargan. Zamonaviy pochta qutisining paydo bo‘lishiga aynan shu usul asos bo‘lgan. Davrlar o‘tib, barcha odamlar o‘z uylarining eshiklari yoki devoriga hech bir qiyinchiliksiz pochta qutisini o‘rnatib, xat-xabar va gazeta-jurnallarni olishlari mumkin bo‘lgan.

Biroq ungacha uzoq yillar bu borada qadimiy usullardan foydalanilgan. Masalan, ko‘p asrlar ilgari Yevropa, Hindiston yoki Xitoy tomon safarga otlangan dengizchilar bu sohada qiyinchilik­larga duch kelganlar, Afrika tomon dengiz safari bundanda murakkab bo‘lgan. Bunday uzoq davom etadigan sayohat mobaynida dengizchilar qirg‘oqda to‘xtab, suv va oziq-ovqat zahiralarini to‘l­dirganlar, shuningdek, muloqot vositasi sifatida va axborot alma­shish maqsadida belgilangan tosh yoriqlari orasidagi joydan o‘zla­riga tegishli maktubni olib, javob qoldirganlar.

Tarixiy ma’lumotlarda XVI asrda pochta qutisiga dastlab Portugaliya dengizchilari tasodifan asos solganliklari bayon etilgan. O‘sha davrda dengiz orqali mamlakatlararo savdo aloqalari rivojlangan. Kunlardan birida, dengizda savdo kemalari karvoni suzib kelayotgan vaqtda juda kuchli to‘fon bo‘lib, dengizda dahshatli to‘lqinlar ko‘tarilgan. Kuchli to‘fondan faqat bir necha kemagina omon qolgan, xolos. Qirg‘oqqa salomat chiqib olgan savdogar-dengizchilardan biri usbu dahshatli hodisa tafsilotlarini qog‘ozda bayon etgan va yozgan nomasini oyoq kiyimi bo‘lgan — boshmog‘iga solib, bu voqeadan boshqalarni ham xabardor qilish maqsadida uni daraxtga bog‘lab qo‘ygan. Keyinchalik shu oyoq kiyimi pochta qutisi sifatida dengizchilarga xizmat qilgan.

Boshqa bir hikoyada esa pochta qutisi tarixini Gollandiya dengizchilari boshlab berganliklari haqida ma’lumotlar bor. Ular qirg‘oqqa har gal chiqib, suv va oziq-ovqat zahiralarini g‘amlab olish vaqtida o‘z vatandoshlari, yaqinlari uchun maxsus joylarda xat yozib qoldirganlar va o‘zlariga tegishli maktub mavjud bol‘sa, uni olib, javob xati qoldirganlar va shu tariqa muloqot qilganlar. Shunday qilib, dastlabki pochta ish yurita boshlagan,.

XVII asrga kelib, birinchi shahar pochtasi Parij shahrida tashkil etilgan. Biroq o‘sha davrda amal qilgan pochta tizimi va pochtani egasiga eltib beruvchi xodimlar uchun katta moliyaviy mablag‘ talab etilgan. Davrlar o‘tishi bilan pochta ishi ham biz­nesga aylangan. XVII asrda parijlik de Velaye bu ishni ommalashtirish uchun pochta florentiy tamburo (egasiga yetkazib berish qutisi)ni tashkil qildi. Shu tariqa, Parij jahonga birinchi bo‘lib, pochta qutisini taqdim etdi. Biroq de Velaye pochta tizimi uzoq amal qilmadi. Yarim asrdan so‘ng pochta qutisi tarixida bu soha takomillashib, qit’alararo: Angliya va Amerika o‘rtasida xat yozishmalarida foydalanila boshlandi.

Dengiz safariga otlanayotgan kema sardorlari safarga chiqish oldidan mehmonxona, ovqatlanish joylari devorlarida xatlarni jamlash uchun kanop matodan tikilgan xaltalar osila boshladi. Mazkur xaltalarga o‘z maktubini Amerikaga jo‘natish uchun qoldirib, bor-yo‘g‘i 1 pens miqdorida to‘lovni amalga oshirganlar. Manzilga yetib olgach, kema sardori pochta xaltasini pochtmeysterga topshir­gan. Pochta qutisi juda sekin ommalashdi. O‘sha davrda ko‘pchilik mazkur pochtaga ishonqiramay qaragan. Faqat XIX asr o‘rtalariga borib, undan Germaniyada foydalana boshlaganlar. Vaqti kelib, il­miy-texnik taraqqiyot bu shohaning rivojiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Jumladan, XX asrda Angliyada «ekspress» deb atalgan avtomatik pochta qutisi paydo bo‘ldi. Bu xat va tanga tashlanadigan avtomat quti bo‘lib, xat jo‘natuvchi uning richagini bosib, ichidagi maktub­ni qabul qilib olish uchun maxsus xizmatchi xodimni chaqirtirgan.

Rossiyaning Moskva shahrida sayohatchi qutilar deb atalgan dastlabki pochta qutilaridan 1928-yilga kelibgina foydalana bosh­laganlar. Mazkur qutilarni pochtamt yonidan o‘tadigan yo‘nalish tramvaylariga o‘rnatganlar. Rossiyada pochta qutisini 1848-yilda avval Sankt-Peterburgda, keyinroq esa Moskva shahrida o‘rnatganlar. Mazkur pochta qutilarini yog‘ochdan ishlaganlar va ustidan temir bilan qoplaganlar.

Pochta qutisining shakli ham davr o‘tgan sayin o‘zgara borgan. Masalan, XVI asrda yog‘ochdan ishlangan pochta qutilarini pochtachi ko‘tarib yurishiga to‘g‘ri kelgan. Uning ko‘rinishi hashamatli, naqshinkor va katta hajmli bo‘lgan. Uni charmli kamar bilan pochta tashuvchi tanasiga mahkamlaganlar. Pochtachi buyurilgan manzilga borib, xatni olar, uning xizmati uchun esa fuqarolar haq to‘lardilar. Germaniyada 1851-yildan boshlabgina pochta qutilaridan foydalana boshlaganlar. Pochta qutisini devorga qoqib qo‘yishni 1875-yilda Avstriyada amaliyotga kiritganlar.1866-yilda Londonda ekspress-pochtadan foydalana boshlaganlar. Bunda pochta bo‘lin­malarida signal berilishi bilan pochtachi tezda kelib, xatlarni olib, egalariga eltib bergan.

Yillar o‘tib, pochta qutisi ko‘plab joylar, uy devorlari, ustunlar, ma’muriy binolar va boshqa joylarga ham o‘rnatila boshlandi. Ke­yinroq pochta qutilarining soni ko‘paytirilib, aholiga qulay bo‘lgan juda ko‘p joylarga o‘rnatildi.

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiy etgan sa­yin mazkur soha ishlari ham takomillashib bordi. Bugungi kunda pochta xizmati va pochta qutisi vazifasi davr ruhiga monand zamonaviylashib, butunlay o‘zgarib ketdi. Ushbu o‘zgarishlar odamlar uchun katta qulayliklarni taqdim etmoqda.

Maqola O‘zbekiston «Aloqa tarixi» muzeyi va infoCOM.UZ jurnali o‘rtasidagi hamkorlik loyihasi asosida tayyorlandi. Maqola materialida Vikipediya — ochiq ensiklopediya va boshqa adabiyotlardan foydalanildi.

Muallif: Nilufar Azizova

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq