Maqsad ta’lim tizimini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan
03.09.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida erishilayotgan yutuq va marralar haqida so‘z yuritilganda, eng avvalo, ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan umummilliy dasturlarimiz, ularning muhim amaliy natijalari tilga olinadi.

Bu bejiz emas, albatta. Sababi bugungi kunda har qaysi xalq, davlat va jamiyatning taraqqiyot darajasi avvalambor, uning inson manfaatlari, barkamol avlod rivojiga berayotgan e’tibori, shu yo‘ldagi sa’y-harakatlari bilan o‘lchanadi. Jahondagi eng nufuzli tashkilot — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga ayni shu masalalarning ustuvor yo‘nalishlar sifatida kiritilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. O‘zbe­kistonda o‘z mustaqil taraqqiyotining birinchi kunlaridan boshlab inson, uning huquq va manfaatlarini oliy qadriyat sifatida ulug‘lab, bu g‘oyani davlatimiz Konstitutsiyasida huquqiy qoida shaklida mustahkamlab qo‘yildi. Shu asosda o‘tgan davrda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, inson manfaatlarini ta’minlash barcha o‘zgarish va islohotlarimizning bosh maqsadiga aylandi. O‘z vaqtida uzoqni ko‘zlab ishlab chiqilgan, izchillik bilan amalga oshirila­yotgan, dunyoda o‘xshashi kam bo‘lgan umummilliy dasturlarimiz tufayli ta’lim-tarbiyani rivojlantirish, yosh iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali tizim, ya’ni, ta’lim-tarbiyaning o‘ziga xos modeli shakllandi. Mamlakatimiz uzluksiz ta’lim tizimi shu ta’lim-tarbiya modeli asosida ish yuritib, zamon talablariga mos, kasb-hunar egalari, yetuk kadrlar tayyorlanib kelinmoqda.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti(TATU)da ham hozirgi davrda eng dolzarb bo‘lgan axborot texnologiyalari sohasida chuqur bilim va dastlabki amaliy malakalarga ega bo‘lgan mutaxassis-kadrlar tayyorlanmoqda. TATU va uning mintaqaviy filiallari tarkibidagi 13ta fakultetda 62ta kafedra faoliyat yuritadi. Ular qatorida «Multimedia texnologiyalari» kafedrasi ham mavjud bo‘lib, kafedra TATU Ilmiy Kengashining (2011-yil 27-oktabrda 3(609) son bayoni) qarorini amalga oshirish maqsadida TATUning 2011-yil 21-noyabrdagi 1070-sonli buyrug‘i asosida «Kompyuter injiniringi» fakulteti tarkibida tashkil etilgan.

Kafedra 2012-yildan o‘z faoliyatini boshlagan, kafedraning dastlabki rahbari etib, Sadullayeva Sh. A. tayinlangan. 2013–2014 o‘quv yilida kafedraga Alisherov F. A. rahbarlik qil­gan. «Multimedia texnologiyalari» yo‘nalishi 2012-yil aprel oyida TATUda multimedia mahsulotlarini yaratish va loyiha-konstruktorlik ishlarini bajarish maqsadida tashkil etildi. Kafedra jamoasining asosiy vazifasi zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha yetuk bakalavr va magistrlar tayyorlash, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlari olib bo­rish bo‘lib hisoblanadi. Kafedra «Kompyuter injiniringi (Multimedia texnologiyalari)» yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlar hamda «Kompyuter injiniringi (Axborot va multimedia texnologiyalari)» mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlar tayyorlaydi.

TATU multimedia texnologiyalari sohasida ishlaydigan muta­xassislarni tayyorlovchi Respublikadagi yagona oliy ta’lim muassasasi bo‘lib hisoblanadi. Bundan tashqari, multimedia injiniringi TATUda yangi yo‘nalish hisoblanadi. «Multimedia texnologiyalari» kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan kasb-hunar kollejlari bilan ikki tomonlama hamkorlik o‘rnatilgan. «Multimedia texnologiyalari» kafedrasi professor-o‘qituvchilari 2 yildan buyon TATUda o‘tkazib kelinayotgan «Iqtidorli talabalar, magistrantlar va professor-o‘qituvchilar tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy va texnik ishlanmalar» ko‘rgazmasida faol ishtirok etib kelmoqdalar. Jumladan, 2017-yil 6-may kuni o‘tkazilgan ko‘rgazmada TATU 1-bosqich talabasi Ochilov Shaxriyor «Smart Kitchen» loyihasi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi.

«Multimedia texnologiyalari» kafedrasida bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha to‘garaklar faoliyat yuritmoqda. To‘garaklarni tashkil etishdan asosiy maqsad — ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanishga moyil talabalarni aniqlash va ularga yordam ko‘rsatish, talabalar­ning intellektual, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, doimo o‘zga­ruvchan ijtimoiy-madaniy sharoitlarda o‘z o‘rnini topa oladigan, atrof-muhitga insonparvarlik ruhida yondashadigan shaxsni rivojlantirish, o‘qituvchining rahbarligi va nazorati ostida talabada muayyan fanga yoki fanlar turkumiga qiziqishni rivojlantirish, shu fan yoki fanlar turkumi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish va rivojlantirishdir. «Multimedia texnologiyalari» kafedrasi assistentlari J. A. Tajiyev va Sh. B. Abidovalar tomonidan «Robototexnika» to‘garagi tashkil etilgan bo‘lib, bu to‘garakning maqsadi — robototexnikani modellashtirish va unda foydalaniladigan xom-ashyolar, robototexnika turlarini modellashtirishda texnik asbob-uskunalar va dastgohlardan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganish hamda apparat va dasturiy vositalarni yaratishni o‘rgatishga bag‘ishlangan.

«Multimedia texnologiyalari» kafedrasi 2015–2017 yillardan buyon «O‘zbekkino» Milliy agentligi bilan hamkorlik qilib keladi. Hamkorlikdan asosiy maqsad — «Multiplikatsiya» sohasini joriy qilish, sohada ixtisoslashtirilgan o‘quv rejalari, dasturlarni zamonaviy sifat, standartlar talablari darajasida ishlab chiqish, uni yanada takomillashtirish hamda uning samarali ishlatilishini tashkil qilish bo‘yicha ishtirok etuvchi professor-o‘qituvchilarni qayta tayyor­lash, malakasini oshirishni tashkil etish va amalga oshirishni ta’minlashdan iborat. Bu hamkorlik natijasida «MT» kafedrasi professor-o‘qituvchilari MAYA dasturi yordamida multfilmlar yaratish texnologiyalarini o‘rganmoqdalar. Buning natijasida professor-o‘qituvchilar, jumladan, E. E. Sayfiyev boshchiligida mustaqil ra­vishda qisqa metrajli multfilmlarni yaratish yo‘lga qo‘yildi va bu jarayonga iqtidorli talabalar ham jalb qilinmoqda. Bu jarayonlarni amalga oshirish, ya’ni 10 daqiqalik bir multfilmni yaratish uchun animatorlar, modellashtirish bo‘yicha mutaxassislar, render va rik ustalari, rassom, ssenarist hamda ovoz operatorlari mehnatlaridan yuqori darajada professional tajriba va mashaqqatli mehnat talab etiladi. Hozirgi kunda kafedra faoliyatining mazkur sohasi bo‘yicha E. E. Sayfiyev faoliyat yuritib, qator ko‘rgazmalarda o‘zining ijodiy ishlanmalari bilan faol qatnashib kelmoqda. Bundan tashqari, «Multimedia texnologiyalari» kafedrasi professor-o‘qituvchilari iqtidorli talabalar bilan birgalikda bino va inshootlarning landshaft, interyer va eksteryer dizaynlarini yaratib kelmoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2013-yil 26-mart­dag. PQ-1942-sonli «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1942 — son Qaroriga asosan va xalqaro standartlarga mos tarzda ta’lim sifatini oshirish, asosiy va muta­xassislik fanlarini xorijiy tilda o‘qitish maqsadida professor-o‘qituvchilarni va ilmiy xodimlarni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va komunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va TATU birgalikda tizimli malaka oshirishi tashkillashtirilgan hamda bu borada qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, 2014-yil iyul–avgust oylarida «Multimedia texnologiyalari» kafedrasi dotsenti Sh. A. Sadullayeva Koreya Respublikasining INXA universitetida «Kompyuter injiniringi» yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirib qaytdi. Buning natijasida 2016-yil 29-noyabr kuni Sh. A. Sadullayeva «Числeнно аналитичeскоe модeлированиe процeссов рeакции-диффузии с двойной нeлинeйностью» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Bundan tash­qari, Sh. A. Sadullayeva, E. Sh. Nazirovalar tomonidan «Web ilova­larni yara­tish» va «Web dasturlash» fanlaridan hammualliflikda o‘quv qo‘l­lanmalar chop etildi.

2016–2017 o‘quv yilining sentabr–dekabr oylarida Koreya Respublikasining KAIST universitetida «Multimedia texnologiyalari» kafedrasi assistenti G‘aybullayev Abdulaziz IoT (Internet of Things) texnologiyalari va dasturlash bo‘yicha malaka oshirdi va olgan bilimlarini «Multimedia texnologiyalari» kafedrasida seminarlar tashkil etib, shuningdek, 2017-yil 1–3 iyun kunlari Samarqand shah­rida o‘tkazilgan «Smart sustainable cities» nomli xalqaro konferensiyada yurtimizda IoT texnologiyalarning o‘rni va istiqbollari mavzusida ma’ruza qildi. TATU bakalavr va magistr talabalariga IoT texnologiyalarini o‘qitish bo‘yicha ishchi dastur ishlab chiqdi. 2016-yil innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar IX respublika yarmarkasida «Multimedia texnologiyalari» kafedrasi assistenti J. A. Tajiyev rahbarligida TATU 2-bosqich talabasi M. R. Yoriqulov «Eng zo‘r innovatsion g‘oya» nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.

Shu bilan birga, assistent J. A. Tajiyev rahbarligida «Aloqa tarixi muzeyi»ga bir qancha ishlanmalar taqdim etildi. Jumladan, «Inson kabi harakatlanuvchi robot», «Avtomatlashtirilgan quyosh paneli», «Harakatlanuvchi monitor», «Avtomatlashtirilgan mashina». 2017-yil 18-iyul kuni «Multimedia texnologiyalari» kafedrasi katta o‘qituvchisi Sharipov Daler «Sanoat hududlarida atmosferaning ifloslanishini monitoring qilish va bashoratlash tizimi modellari va algoritmlari» mavzusida (PhD) dissertatsiyasini himoya qildi. Hozirgi kunda «Multimedia texnolo­giyalari» kafedrasi assistenti A. G‘. G‘aybullayevning (PhD) dissertatsiyasini himoyasi Koreya Respublikasining KAIST universitetida rejalashtirilgan.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-aprel «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2909 son Qarori uzluksiz ta’lim ti­zimini rivojlantirish, mamlakatimizning izchil rivojlanib bora­yotgan iqtisodiyotini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, barcha hududlar va tarmoqlarni strategik jihatdan kompleks rivojlantirish masalalarini hal qilish borasida oliy ta’lim tizimi ishtirokini kengaytirish yo‘lidagi yana bir muhim amaliy qadamdir. Qaror ijrosini ta’minlash har bir professor-o‘qituvchining mas’uliyatli va sharafli vazifasidir.

Muallif: Elmira Nazirova, TATU, «Multimedia texnologiyalari» kafedrasi mudiri, t.f.n.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq