Jahon iqtisodiyoti tarkibiy innovatsion islohotlarga yuz tutmoqda
02.09.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Hozirgi davrda innovatsion dasturiy axborot va raqamli texnologiyalar taraqqiyoti, jahon bozorida tovar va xizmatlar bilan erkin savdo qilish hamda onlayn-savdoning kenga­yishi, shuningdek, xom-ashyo va tovar bozorlarining moliyaviy bozorlarga aylanishi, investitsiyaning erkin harakatlanishi, global chuqur mehnat taqsimoti va ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi jahon iqtisodiyotining barqaror o‘sishini ta’minlamoqda, mehnat unumdorligini oshirmoqda, innovatsion raqobat muhitini kuchaytir­moqda, eng muhimi jahon aholisi daromadlarining keskin o‘sishi­ga asosiy omil bo‘lmoqda.

Jahon iqtisodiyotining istiqboldagi innovatsion rivojlanish yo‘na­lishlarini belgilovchi asosiy omillar hisoblangan fan-texnologiya taraqqiyoti, inson intellektual salohiyati va uning bilim darajasi asosiy iqtisodiy foyda keltirish omili sifatida o‘rtaga chiqmoqda, ilm-fanning rivoji raqamli axborot texnologiyalarini yanada takomillashtirmoqda va texnika taraqqiyotini yuksaltirmoqda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) va texnika taraqqiyoti, o‘z navbatida, ilm-fanni yanada eng yangi cho‘qqilarga olib chiqishga zamin yaratmoqda. Aholi orasida texnik ta’limni tizimli targ‘ib qi­lish va onlayn texnologik bilim olishning keng ommalashuvi, zamonaviy innovatsion texnologiyalar yordamida hamda professional standartlar orqali xodimlarning malakasini oshirish, biznes va oliy texnik ta’lim muassasalari o‘rtasidagi yaqin o‘zaro aloqadorlik, shu­ningdek, ilm-fan ustida izlanish, innovatsion texnologiya va yangi materiallarni kashf etishga sarflanadigan mablag‘larning ko‘payishi jahon iqtisodiyotida inson kapitalining salohiyati va rolini jadal o‘stirmoqda, bu esa kapital mablag‘lar foydasini tez oshirmoqda.

Ilmiy muhandislik bilimi asosida qurilgan ilg‘or raqamli axborot texnologiyalarining globallashuvi, insoniyat hayotining barcha jabhalarida raqamli AKTning keng qo‘llanilishi va innovatsion kashfiyotlarning tez tarqalishi, texnologik ishlab chiqarish va xizmat jarayonlarini avtomatlashuvi hamda robotlashuvi (hozirda global ishlab chiqarishning avtomatlashuv darajasi 8 foizni tashkil etmoqda), 3D-printer va Internet orqali bir-biriga ulangan murakkab texnologiyalar va boshqa sanoat robot texnikasining keng qo‘llanishi, sun’iy o‘rgatilgan sanoat aqliy mashina texnologiyasidan unumli foydalanish, shuningdek, raqobatbardosh yangi texnologik ish joylarining tashkil etilishi, eng yuqori malakali texnik-muhandis mutaxassislarni tayyorlash tizimi moddiy-texnik bazasini zamonaviy talablar va standartlariga muvofiq takomillashtirish kabi raqamli texnologiyalarga asoslangan iqtisodiy infratuzilma bazasini qurish hamda innovatsion jarayonlarni rag‘batlantirish uchun kapital mablag‘larni faol jalb etilishi uzoq muddatdagi jahon iqtisodiyoti­ning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda 10 ming ishchi-xodimga Janubiy Koreyada 478ta robot, Yaponiyada 323ta, Germaniyada 282ta, AQSHda 152ta, Xitoyda 36ta, Rossiyada 2ta robot to‘g‘ri kelmoqda, 2019-yilga kelib, jahon sanoat robotlarini sotish ko‘lamining 40 foizi Xitoy bozo­riga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Shuningdek, xodimlarning yashash joylaridan uzoqdan turib virtual ofis va kompaniyalarda ishlashi, videokonferensiya tizimi, elektromobil va avtomobildan umumiy foydalanish an’anaviy biznes olib borish tartibini tubdan o‘zgartir­moqda va jahonda sog‘lom innovatsion raqobatni kuchaytirmoqda. Hozirgi kunda rivojlangan mamlakatlarda virtual ish bilan band bo‘lganlar umumiy aholining 17 foizini tashkil etmoqda, bu ko‘rsatkich AQSH va Yaponiyada 40 foiz hamda Daniya, Shvetsiya va Niderlandiyada 33 foizga tengdir.

Jahon moliya-kredit va bank sohasida internet-onlayn orqali raqamli elektron to‘lov tizimining keng qo‘llanilishi biznes va aholi o‘rtasidagi hisob-kitoblarni bank ishtirokisiz bepul tez amalga oshishini ta’minlamoqda hamda hisob-kitob xarajatlarini keskin qisqartirmoqda, shuningdek, moliya-kredit zahiralarining qiymatini tushishiga olib kelmoqda, umuman, davlat va aholining moliyaviy mablag‘larini boshqarish samaradorligini shiddat bilan oshirmoqda, shu bilan birga, global qarzdorlik muammolarini hal etmoqda va jahon bozori savdo to‘siqlarini olib tashlamoqda. Hozirgi zamonaviy texnologiyalar bilan jahonda 5 foiz mutaxassisliklar ish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan, yaqin kelajakda 60 foiz muta­xassisliklar ish ja­rayonining uchdan bir qismini avtomatlashuviga erishilishi McKinsey and Company tadqiqot instituti tomonidan bashorat qilingan.

Hozirgi davrda qazib olinuvchi uglevodorod zahiralaridan olinadigan energiyalar o‘rnini qayta tiklanuvchi ekologik toza muqobil energiya manbalari egallamoqda, quyosh va shamoldan olina­yotgan elektr energiyalar hamda elektromobilning litiy-ionli akkumulyator batareyalari tannarxlarining yildan-yilga tushib borishi ishlab chiqarishning asosiy omillari hisoblangan ishchi kuchi, ka­pital, xom-ashyo va boshqa energiya zahiralariga bo‘lgan talabni keskin qisqartirmoqda hamda global mehnat unumdorligini oshirmoqda va aholi daromadining barqaror oshishini ta’minlamoqda. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, 2030-yilga kelib, jahondagi elektr ener­giyasining 70 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olinadi, jahondagi yangi sotilayotgan avtomobillarning 30 foizini elektromobillar tashkil etadi, shuningdek, yashash uy-joylari, kor­xonalar va boshqa xizmat joylarida kam energiya talab qiladigan innovatsion texnologiya va yangi materiallardan foydalanish sovitish-isitish xarajatlarini 30 foizga qisqartiradi.

Iqtisodiyotida erkin bozor kuchi va mexanizmlarining ustun­ligi, institutsional rivojlanishning takomillashganligi (davlat bosh­qaruvi va qonunchilik sifatining yuqoriligi va shaffofligi, ularning uzoq muddatga mo‘ljallangan maqsadining ishonchliligi va aniqligi), biznes va sarmoyachilar uchun qulay innovatsion ish raqobat muhiti yaratilganligi hamda raqamli iqtisodiyot va zamonaviy internet-infratuzilma sifati yuqoriligi (innovatsion g‘oya va ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishga ajratilgan mablag‘larning hajmi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 3–4 foizini tashkil etishi), shu­ningdek, ijtimoiy yo‘nalishli innovatsion erkin bozor iqtisodiyoti poydevori shakllanganligi (bola parvarishi uchun samarali nafaqa tizimini joriy etish, aholining barcha tabaqalarini qamrab oluvchi majburiy maktabgacha tarbiya muassasalari va sifatli sog‘liqni saq­lash tizimi bilan to‘liq ta’minlash evaziga o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tizimida hamda oliy ta’lim muassasalarida aniq fanlar bo‘yicha yuqori sifatli o‘qitish darajasiga erishilganligi) sababli bir qator mamlakatlarda raqamli iqtisodiyot taraqqiyoti yuqori darajada o‘smoqda va yangi iqtisodiy ko‘tarilish salohiyati oshmoqda. (Digi­tal Evolution Index 2017 baholash ko‘rsatkichida qayd etilgan).

Bugungi kundagi murakkab innovatsion texnologiyalar rivoji, global raqamli iqtisodiyotning shakllanishi va unda eng muhim omil sifatida inson intellektual kapital salohiyatining oshishi, shu­ningdek, jahon iqtisodiyotining innovatsion globallashuvi jarayoni (shu jumladan, erkin tashqi savdo, elektron onlayn savdo va raqamli moliya kapitalining kengayishi) nafaqat ilg‘or texnologik kashfiyot hamda innovatsion ilmiy g‘oyalarni amalda tatbiq etib, yangi tovar-xizmatlar yaratayotgan eng yuqori malakali va iste’dodli ijodiy texnik muhandislar, aniq tabiiy fanlar bilan shug‘ullanuvchi olimlar, IT-mutaxassislari (rivojlangan mamlakatlar aholisining 10 foizini tashkil etmoqda) daromadlarining keskin o‘sishini ta’minladi, shu bilan birga, bu texnik soha vakillari mehnat qilayotgan innovatsion texnologik kompaniyalar­ning kapital mablag‘larini haddan ziyod oshirib yubordi, natijada iqtisodiy daromadlar jamiyatning yollanma mehnat tabaqalaridan yirik molk-mulk va kapital mablag‘ egalarida ko‘proq yig‘ilishiga olib keldi, mamlakat milliy daromadida ishchi-xodimlarning ish haqi ulushi kes­kin qisqardi, kapital ko‘lami va foydasi hissasi esa tez oshdi.

Albatta, jahonda, oxirgi 30 yilda ishlab chiqarish va xizmat ko‘r­satish jarayonlarining avtomatlashuvi va robotlashuvi, jamiyatning bir qator jabhalarida axborot dasturlari va innovatsion raqamli texnologiyalarning keng tatbiq etilishi hamda ularga narxlarining tushib borishi natijasida rivojlangan mamlakatlar aholisining 10 foizi o‘z ish joyini yo‘qotdi, 2030-yillarga kelib, bu ko‘rsatkich 30 foizga yetishi PricewaterhouseCoopers audit-konsalting kompaniyasining tahli­liy xulosasida keltirilgan. Raqamli iqtisodiyot sohalarida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan mamlakatlarda yangi innovatsiyalarni tatbiq etish jarayonining sekinlashganligi Digital Evolution Index 2017 baholash ko‘rsatkichida qayd etilgan. PricewaterhouseCoopers audit-konsalting kompaniyasi tahliliy ma’lumotiga ko‘ra, 1971–2007 yillarda yettita rivojlangan mamlakatda mehnat unumdorligi yiliga 2–3 foizga o‘sgan bo‘lsa, inson kapitaliga ajratilayotgan mablag‘­lar ko‘lamining qisqarishi sababli 2008–2016 yillarda bu ko‘rsatkich 1 foizdan past darajada bo‘lgan.

Global iqtisodiy rivojlanishning turli yo‘nalish va darajadaligi hamda iqtisodiyot boshqaruvining byurokratlashganligi (innovatsion g‘oya va ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish jarayoni qiyin kechishi hamda bu borada kuchli raqobat natijasida global texnologik kompa­niyalar o‘rtasidagi hamkorlikning sustligi; mamlakatlar o‘rtasidagi tashqi savdoda to‘siq va cheklovlarning haddan ziyod ko‘payishi; soliqlar bazasining yuqoriligi va murakkabligi), ishlab chiqarish, xom ashyo va mehnat zahiralarining turli taqsimlanishi va joylashuvi, jahon yalpi mahsulotiga nisbatan global moliya bozorlarda kapital mablag‘lar­ning kengayishi va qarzdorlik hajmining yuqoriligi kabi tizimli mu­ammolar bugungi kunda global iqtisodiy nomutanosiblik­larga olib kelmoqda. Raqamli iqtisodiyot shakllanishi va ilmiy-texnika rivojidan keng foydalanish natijasida jahon iqtisodiyotining alohida jabhalarida transmilliy kompaniyalarning yiriklashuvi yuzaga keldi va ularning kapitallashuv darajasi keskin oshib ketdi.

Shunday qilib, inson salohiyati va tabiiy resurslardan foydala­nishning samarasizligi, joriy global iqtisodiyot siyosatining real ha­yotdan yiroqligi, xususan, rivojlangan mamlakatlarning uzoq muddatdagi iqtisodiy siyosatining noaniqligi va ular o‘rtasidagi iqtisodiy ziddiyatlarning chuqurligi sababli raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayoni rejasiz va tartibsiz o‘zidan-o‘zi stixiyali amalga oshishi hamda bu borada rivojlangan davlatlar siyosiy kuchlarining uzoq muddatli bir-biri bilan uzviy bog‘langan aniq strategik harakat dasturi yo‘qligi, shuningdek, jahon fan-texnika ilg‘or yutuqlaridan foydalanishida rivojlanayotgan mamlakatlar uchun turli to‘siqlar mavjudligi jahon iqtisodiy o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, aholining global iste’mol xarajatlarini susaytirmoqda va biznes mablag‘lari qo‘yilishini qisqartirmoqda. Sarmoyachilar va korporatsiyalarning qisqa muddatli moliyaviy manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilgan rivojlangan mamlakatlarning ichki siyosati mahsuli bo‘lgan bu global salbiy omillar, o‘z navbatida, jahondagi innovatsion ishbilar­mon va sarmoyachilarning kelajakka bo‘lgan ishonchini pasaytirmoqda, natijada global biznes mablag‘larini yangi texnologik ishlab chiqarishni kengaytirish va innovatsion ish joylarini yaratishga sarflashini susaytirmoqda. Bugun jahon iqtisodiyotining dolzarb muammolarini hal etish uchun mamlakatlarning yaqin hamkorligi va muvofiqlashtirilgan harakatlari asosida global raqamli iqtisodi­yotni shakllantirish jarayoniga aholining barcha iqtisodiy imkoniyatlarini ishga solish, eng avvalo, inson intellektual salohiyatini keng safarbar qilishni taqozo etmoqda. Jahon raqamli iqtisodiyot infra­tuzilmasi bazasini yaratish, birinchi navbatda, inson salohiyatini oshirish hamda uning fundamental mexanizm va standartlarini shakllantirishga global sarmoyalarning asosiy qismini rejali va tizim­li sarflash orqali jamiyatning barcha sohalarida (iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan, boshqaruv madaniyati va boshqalar), xususan, insonning kundalik maishiy hayotida zamonaviy eng yuqori texnologik robot va innovatsiyalarni keng qo‘llashdan iboratdir.

Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiyalar ishlab chiqarish majmualari hamda chiqindilarni (eski avtomobil, kompyuter, smartfon, siniq oyna, plastik, rezina buyumlar) qayta ishlash ilg‘or texnologiyalarining rivojlanayotgan mamlakatlarga tizimli kirib kelishi, shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarda qishloq xo‘jaligi va xom-ashyo mahsulotlarini qayta ishlab chiqarishda ommaviy ixtisoslashuvi uchun uzoq muddatli global strategiyani ishlab chiqish hamda bu maqsadlarda ulkan kapital mablag‘lar ajratish uchun keng imtiyozlar yaratish, xususan, soliqlardan ozod qilish va ishonchli biznes muhitini yaratish birinchi galdagi eng muhim global vazifa bo‘lib hisoblanadi. Eurostat agentligining ma’lumotiga ko‘ra, Yev­ropa Ittifoqi mamlakatlarida chiqindilarni qayta ishlash darajasi 45 foizni tashkil etmoqda, Yaponiyada plastik chiqindilari qayta ishlanib, yo‘lni asfalt qilishda bitum o‘rnida ishlatilmoqda. Ma’lum­ki, plastik qoldiqlari va eski avtomobil shinalari beton tarkibiga qo‘shilsa, uning mustahkamligini oshiradi.

Xulosa qilib aytganda jahon iqtisodiyotida davlat rolini pasaytirish va norasmiy faoliyatni kamaytirish, biznes uchun qulay va uzoq muddatli barqaror innovatsion raqobat muhitini yaratish, jismoniy shaxs va korporativ soliqlar ko‘lami va sonini qisqartirish hamda soddalashtirish, moliyaviy tizimning shaffofligiga erishish, shuningdek, raqamli elektron onlayn platformalar orqali davlat boshqaruvi sifatini oshirish va shaffofligini ta’minlash, raqamli axborot texnologiyalari va elektromobil transporti uchun ommaviy raqamli infratuzilma tizimini yaratish, mehnat zahiralari innova­tsion mobilligini ta’minlash, shuningdek, raqamli axborot texnolo­giyalari bo‘yicha yuqori malakali texnik-muhandis va boshqa aniq fanlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash tizimli mexanizmini yo‘l­ga qo‘yish orqali mehnat unumdorligini oshirish dolzarb vazifalar bo‘lib hisoblanadi.

 

Maqola va materiallarda keltirilgan
fakt va dalillar uchun muallif javobgar.

Muallif: Ravshan Soliyev, «O‘zkimyosanoat» AJ axborot texnologiyalari boshqarmasi boshlig‘i

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq