Xalqaro press-klubda “Mobil aloqa: texnologiya, sifat, xavfsizlik” mavzuida media-brifing tashkil qilindi
17.08.2017
Rukn: Mobil aloqa, Tadbirlar.
Muallif: .

16 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Xalqaro press-klubda “Mobil aloqa: texnologiya, sifat, xavfsizlik” mavzuida media-brifing tashkil qilindi. Unda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan mobil operatorlar ishtirok etdilar.

Texnologiyalar jadal rivojlanishi natijasida mobil aloqa xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Xalqaro elektroaloqa ittifoqi tomonidan shu yilning 1 avgust kuni e’lon qilingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yil oxiriga qadar jahondagi mobil internet foydalanuvchilari soni 4,3 milliardga yetadi. Ya’ni, har yili foydalanuvchilar soni 20 foizga oshib bormoqda. Simli internet foydalanuvchilari soni esa yiliga 9 foizdan ortmoqda.

Bunday ko‘rsatkichlar jahon miqyosida o‘rnatilgan 10 milliondan ziyod mobil aloqa baza stansiyalari yordamida ta’minlanadi. Bu o‘sishlarni O‘zbekiston misolida ham ko‘rish mumkin. 2015 yilda mobil aloqa foydalanuvchilari soni 20 millionlik chegaradan o‘tgan bo‘lsa, hozirga kelib ularning soni 21,5 milliondan oshdi. 2015 yilda internet foydalanuvchilarining umumiy soni 10,2 million, 2017 yilda deyarli 15 millionga yetdi.

Mobil aloqa sifati bevosita mazkur mobil baza stansiyalari soni hamda ularning joylashuvi bilan bog‘liq. 2016 yilda mamlakatimizdagi mobil aloqa baza stansiyalari umumiy soni 16,2 mingtaga, 2017 yil boshida 18,1 mingtaga, bugungi kunga kelib 18 690 taga yetkazilgan. O‘z navbatida, bu yo‘nalishdagi xizmat ko‘rsatish hajmi 2017 yilning I yarim yilligida 2016 yilning shu davriga nisbatan 18,7% ga oshgan.

Hozirda mobil aloqa faqat so‘zlashuv uchun emas, ma’lumotlar almashish, internetga bog‘lanish, onlayn to‘lov terminallarini ishlatish, ta’lim olish, sog‘likni saqlash va boshqa ko‘plab turdagi faoliyatlar uchun zarur hamda bu xizmatlarga talab barcha aholi punktlarida, shu jumladan olis qishloqlarda ham ortib bormoqda.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida 2017 yilda mamlakatimiz bo‘ylab 1843 ta baza stansiyalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Biroq so‘nggi yillarda internetda baza stansiyalarining zarari to‘g‘risidagi tasdiqlanmagan ma’lumotlarning keng tarqalishi aholi o‘rtasida vahima va turli mish-mishlarni keltirib chiqarmoqda.

Dunyoda qator nufuzli tashkilotlar, jumladan Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (World Health Organization – WHO), Ionlashtirmaydigan nurlanishlardan himoyalash bo‘yicha xalqaro komissiya (International Commission on Non-Ionizing Radiation Protection – ICNIRP), Elektrotexnika va elektronika muhandislari instituti (Institute of Electrical and Electronics Engineers – IEEE) va boshqalar tomonidan elektromagnit to‘lqinlarning inson salomatligiga ta’siri 1960-yillardan buyon o‘rganib kelinmoqda. Ushbu o‘rganishlar natijalari asosida milliy va sanoat standartlari, normalarini ishlab chiqishda qo‘llash uchun elektromagnit nurlanishlarning chegaraviy ko‘rsatkichlari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.

2006, 2011 yillarda Butunjahon Sog‘liqni saqlash Tashkiloti tomonidan e’lon qilingan bayonotlarda mobil aloqa baza stansiyalari va mobil telefonlardan tarqayotgan to‘lqinlardan hosil bo‘lgan elektromagnit maydoni inson salomatligiga ta’siri o‘z isbotini topmagani qayd etilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti radioto‘lqinlarning ta’sirini o‘rganish bo‘yicha 2 ta xalqaro tashkilotning xulosalariga tayanadi.
1. Ionlashtirmaydigan nurlanishlardan himoyalash bo‘yicha xalqaro komissiya;
2. Elektrotexnika va elektronika muhandislari instituti.

Bu tashkilotlarning xulosalari quyidagicha:
Ionlashtirmaydigan nurlanishlardan himoyalash bo‘yicha xalqaro komissiya me’yorlariga ko‘ra
, 900 MGs chastota polosacida inson tanasining har bir kvadart santimetr (sm²) maydoniga ta’sir qiluvchi elektromagnit energiya quvvati zichligi 450 mikrovattgacha (mkVt), 1 800 MGs chastota polosacida 900 mikrovattgacha (mkVt), bo‘lishi mumkin;
Elektrotexnika va elektronika muhandislari instituti me’yorlariga ko‘ra ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda:
900 MGs chastota polosacida 270 mikrovattgacha (mkVt), 1 800 MGs chastota polosacida esa 6000 mikrovattgacha (mkVt) bo‘lishi mumkin. To‘lqin oqimining zichligi shu me’yorlar darajasida bo‘lgan taqdirda inson salomatligiga zarar yetkazmasligi rasman e’lon qilingan.

O‘zbekistonda mobil aloqa baza stansiyalaridan nurlanish bo‘yicha qo‘llanilayotgan me’yorlar jahonda belgilangan me’yorlar ichida eng past ko‘rsatkichga ega.

Baza stansiyalarning ishlash quvvati, mobil aloqa diapazonidagi elektromagnit energiya quvvati zichligi mamlakatimizda har bir kvadrat santimetr maydonga 2,5 mikrovattdan oshmasligi zarur.

Misol uchun, Isroil davlatida bu ko‘rsatkich 400 mkVt/sm2.gacha, AQSh va Skandinaviya mamlakatlarida 100 mkVt/sm², Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Belorussiya, Qirg‘izistonda 10 mkVt/sm², Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari laboratoriyasi bu yo‘nalishda izlanishlar olib boradi. Mazkur markaz xulosasi ham bugungacha radiotexnika vositalaridan tarqalayotgan nurlarning sanitariya zararlari aniqlanmaganini ko‘rsatmoqda.

Aksincha, aholi bu antennalarning mahalla va bino tomlarida, ularga yaqin hududda joylashtirilishidan xursand bo‘lishlari lozim. Buning sababi quyidagicha.

Inson qo‘lidagi mobil aloqa telefoni hamda baza stansiyasi o‘rtadagi masofadan va to‘siqlardan kelib chiqib avtomatik ravishda o‘z nurlanish quvvatlarini oshiradi yoki kamaytiradi. Ya’ni, baza stansiya qancha uzoqda bo‘lsa – qo‘lingizdagi telefonning nurlanish quvvati shunchalik oshadi. Ya’ni mobil aloqa baza stansiyasining quvvati emas, balki qo‘lingizdagi telefon nurlanishining ta’siri yuqoriroq.

Agarda kim xorijiy davlatlarda ayniqsa rivojlangan davlatlarning aholi zich joylagan shaharlarida (London, Parij, Nyu-York, Tokio, Pekin) bo‘lgan bo‘lsa e’tibor bergandir, ko‘chalarda va bino tomlarida antennalar joylashuvi juda zich. Nima deb o‘ylaysiz, u davlatlarning xukumati yoki sog‘liqni saqlash xodimlari odamlar salomatligi haqida qayg‘urmaydimi? Insonlarning o‘rtacha umr ko‘rish davrini solishtiradigan bo‘lsak ham Yaponiya, Isroil, tug‘ilishlar sonini solishtiradigan bo‘lsak Xitoy, Hindistonda qanday tendensiyalar kuzatilmoqda?!

Bu to‘g‘ri kelgan joylarga baza stansiyalarni o‘rnatib tashlash kerak degani emas, albatta. Hammasi o‘rnatilgan tartibda qonuniy, me’yorlar asosida amalga oshirilishi lozim.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq