Bolalarda kiber o‘yinlarga qaramlikning oldini olish
07.08.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Zamonaviy axborot texnologiyalari kundalik hayotimizga tobora faol joriy etilib, allaqachon odatiy vositalarimiz qatoriga kirishga ulgurdi. Ulardan jamiyat hayotining barcha sohalarida: ish joyida, ta’lim muassasalarida, ko‘chada, uyda, umuman istalgan joyda foydalanilmoqda.

Ma’lumki, kompyuter va zamonaviy axborot texnologiya­lari inson shaxsiy xususiyatiga chuqur ta’sir ko‘rsatadi, ammo mazkur ta’sirning salbiy jihatlari hamon yetarli darajada chuqur o‘rganilmagan. Zamonaviy taraqqiyot bir joyda turgani yo‘q, kundan-kunga yanada mukammal uskunalar va qulayliklarni taqdim etmoqda. Zamonaviy ota-onalar ham ulardan o‘z kundalik hayotlarida keng foydalanmoqdalar, biroq shu bilan birga, o‘z farzandlarining ko‘p vaqtlarini kompyuter va mobil o‘yinlarini o‘ynash bilan o‘tkazayotganliklaridan xavotirga tushmoqdalar. O‘yinlar va kompyuterlar yosh avlodni o‘ziga tobora ko‘proq rom etmoqda va qaramlikni yuzaga keltirmoqda. Ba’zan bolalarni ular navbatdagi darajadan o‘tmagunlariga qadar yoki keyingi strategik vazifani yechmagunlarigacha virtual hayotdan ajratishning imkoni bo‘lmay qoldi. Afsuski, kompyuter o‘yinlarini butunlay taqiqlashning imkoni yo‘q, bolalar baribir, biror bahona bilan zamonaviy qurilmadan foydalanib, undagi virtual o‘yinlar «sehrli olamiga» berilib ketadilar, ammo ularning o‘yin o‘ynash vaqtlarini cheklash mumkin.

Hozirgi kunda olib borilgan turli tadqiqotlarda taqdim etilayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, jahondagi 12–13 yoshdagi taxminan 80 foiz o‘smir-bolalarda turli darajadagi axborot qaramligini kuzatish mumkin ekan. Bolalarning virtual olamga berilib ketishlarining asosiy sabablaridan biri — haqiqiy hayotda ota-ona e’tiborining yetishmasligi va tengdoshlari orasida qabul qilinmaslik bo‘lib hisob­lanadi. Odatda bu kabi qaramlikka maktabda, oilada nizoli muno­sabatlarga ega bo‘lgan bolalar va o‘smirlar duch keladilar, bunga kundalik hayotlarida ularni jiddiy jalb eta oladigan qiziqishlari­ning yo‘qligi sabab bo‘lib hisoblanadi. Masalan, bolaning otasi yoki onasi musiqachi va bola ham musiqa bo‘yicha qo‘shimcha to‘garaklarga qatnashadi, ammo uni ko‘proq sport qiziqtiradi, lekin oilaviy an’analarni buzish mumkin emasligi, bola uni tushun­masliklari hamda eshitmasliklari sababli u kattalardan «yashirinib olish» yo‘lini izlaydi. Bunday bolalarning bo‘sh vaqtlari bo‘lmaydi, barchasini butunlay o‘yinlarga sarflay boshlaydi. Oqibatda tushkunlik holatlari va hatto ba’zilarda atrofdagilar bilan muomala va muloqotdan qochishga moyillik kabi holat yuzaga kela boshlaydi.

Ma’lumki, kompyuter qarshisida o‘yinlar o‘ynash yoki turli chatlar, ijtimoiy tarmoqlarda uzoq vaqt bo‘lish sog‘liqqa o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, bu immunitetning tushishi, asab tizimidagi buzilishlar, endokrin va tomir tizimidagi buzilishlar, ko‘rish qobiliyatining pasa­yishi, zaiflashishi va boshqalar ta’sirida bolaning tajovuzkorligi, xulqining og‘ishiga olib kelishi mumkin. Kiber olam qaramliligiga ega bo‘lgan o‘smirlarda ko‘pincha huquqbuzarlik sodir etuvchi va qonunbuzarlik holatlarini sodir etuvchi xatar guruhiga tushish ehtimollari yuqori bo‘ladi. Bunday qaramlikni davolashning asosiy tamoyili — bu uning o‘rnini ma’naviy va aqliy hayot bilan to‘ldirish bo‘lib hisoblanadi. Bunda ularga bunday o‘yinlarga muqobil ravishda, biror ijodiy tafakkurning rivojlanishiga turtki bo‘luvchi aqliy, stol o‘yinlarini taklif etish mumkin. Bunday o‘yinlar haqiqatda kompyu­terning muqobili bo‘lib hisoblanadi.

To‘g‘ri tanlangan yoki rivojlantiruvchi o‘yin texnologiyalari tarbiyaviy jarayonni sezilarli darajada kuchaytirishga imkon beradi. O‘yin faol shaxslararo munosabatlar uchun yaxshi imkoniyat yara­tadi, chunki o‘ynash — bu sheriklar bilan o‘zaro munosabatga ki­rishish, o‘yin — bu inson o‘zini ijtimoiy va ijodiy jihatdan namo­yon etish maydonidir. Ta’lim olish — bu doim taraqqiyot va oldinga intilishdir. Shu tariqa, yangi bilimlarni doimiy o‘zlashtirish va yangi malakalarni egallash orqali o‘smirlar o‘z-o‘zidan aqliy qobi­liyatlarini rivojlantirib boradilar. Ma’lumki, haqiqiy o‘yinlar — bu kompyuter o‘yinlarining o‘rnini bosuvchi bo‘lmasada, uning mu­nosib muqobili bo‘la oladi. Xususan, stol o‘yinlari mantiqiy tafakkur, xayol va hokazolarni rivojlantirishga yordam beradi. Bunday o‘yinlar oila davrasida quvnoq vaqt o‘tkazishga imkon yaratadi. Bunda har bir oila a’zosi bajonidil o‘yindan zavq oladi. Bolalik davrida g‘alaba va mag‘lubiyatlarga to‘g‘ri munosabatni shakllantirish muhim hisob­lanadi, bu xarakterning shakllanishi va shaxs sifatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Bosqichli o‘yinlar qiziqarli bo‘lib, ularda tavsiflari berilgan qahramonlar yurish xaritalari, qahramonlar kataklari bo‘ylab harakatlanadigan, artefaktlar va hokazolarni to‘playdigan o‘yin maydoni mavjud bo‘ladi. Natijada bunday o‘yinlar doim bolalar uchun qiziqarli hisoblanadi, faqatgina bunga bolalarni qiziqtira olish va uni qanday o‘ynashni tushuntirish, ko‘rsatish kerak, xolos.

Ko‘pchilikda, haqiqiy o‘yinlar hozirgi kunda qiziqarli bo‘lmay, bolani jalb eta olmaydi degan tasavvur hosil bo‘lishi mumkin, aslida, bunday emas, kompyuter texnologiyalari singari, ular ham doi­miy ravishda, yangilanadi va takomillashtiriladi. Tabiiyki, kichik bolalar uchun maydonda sevimli multfilm qahramonlari qatnasha­digan sayrlar xush keladi. Bunday o‘yinlar tufayli, farzandlar geometrik shakllar, hisob, bajarilishi kerak bo‘lgan belgilangan qoidalar va hokazolar bilan tanishadi. Kattaroq yoshdagi bolalarga murakkab aqliy o‘yinlarni taklif etish mumkin. Masalan, stol o‘yinlarining afzallik jihatlarini ko‘rib chiqaylik:

  1. Variantlarning turli-tumanligi. Turli yosh va turli yo‘nalishlar uchun to‘plamlar, shuningdek, butun oila bilan o‘ynash mumkin bo‘lgan universal o‘yinlar mavjud. Ko‘pgina stol o‘yinlari sevimli kinofilmlar yoki multseriallar sujetlariga asoslangan — ularni o‘ynash yanada qiziqarlidir.
  2. Mavzuga oidligi. Har bir o‘yin yetib borish zarur bo‘lgan biror sujet va maqsad bilan tavsiflanadi. Bu boshlagan ishida tirish­qoqlik va qat’iyatlikni tarbiyalashda qo‘l keladi.
  3. Tarbiyaviy imkoniyat. Har bir o‘ylab topilgan sujetli o‘yin — bu o‘zini turlicha tutish mumkin bo‘lgan, biror hayotiy vaziyatni ijro etishdir. Ota-onalar bolalar bilan birgalikda o‘ynab, bola­ning tajovuzkor xulqi namoyon bo‘lganida adolatli o‘yin qoidalarini tushuntirish bilan o‘yin sujetini to‘g‘ri yo‘nalishga burishlari mumkin.
  4. Jamoaviy o‘yin. Bunday o‘yinlar, odatda jamoaviy xatti-ha­rakatni, har bir ishtirokchining faol ishtirokini talab etadi. Kom­pyuter o‘yinlaridagi befarq qahramonlardan farqli ravishda, bola o‘z tengdoshlari, oila a’zolari bilan birgalikda o‘ynaydi, o‘yinda aloqa va murosa qilishni, o‘z g‘alabalari va yaqinlari­ning muvaffaqiyatlariga quvonishni o‘rganadi.
  5. Harakatchanlik. Kompyuter stoli yonidagi majburiy ishchi holatda o‘tirishdan farqli ravishda, stol o‘yinlarini polga qo‘yish, o‘yin davomida joydan-joyga ko‘chirish, u yoki bu bosqichdan o‘tganda xursand bo‘lib sakrab quvonish mumkin. Aqliy faoliyatdan tashqari, bolaning tabiiy jismoniy rivojlanishi sodir bo‘ladi.
  6. Bilim egallash. Stol o‘yinlarining turli mantiqiy, matematik va boshqa turlari nafaqat ko‘ngilocharlik, balki ta’limiy vazifasini ham bajaradi. Bola o‘yin o‘ynash orqali berilgan ma’lumotni yaxshiroq eslab qolishi isbotlangan, shuning uchun stol o‘yinlari orqali bilim egallash oson va qiziqarli hisoblanadi.

Fikrlash faoliyatini faollashtirish uchun mavhum mantiqiy o‘yinlar qo‘l keladi, ular ishtirokchilarni fikrlashga undaydi, ular turli murakkablik darajasiga ega bo‘ladi, bu esa bolalarning turli yosh davrlariga mos o‘yinlarni tanlash imkonini beradi. Ko‘pgina mantiqiy o‘yinlarni o‘ynash jarayonida bola o‘zini qahramonning o‘rniga qo‘yadi, rolga kiradi. Bu u bilan ma’naviylik masalalarini muhokama etish, unda sport xulqini shakllantirishga imkon beradi. Chunki o‘yin davomida barcha bilimlar yaxshi o‘zlashtiriladi, his-tuyg‘ular esa yorqin tusga ega bo‘ladi. Xulosa qilib aytganda, hurmatli ota-onalar, bolalarni kompyuter va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish vaqtlarini cheklash kerak. Tabiiyki, bu ishni qo‘pollik qilmay, pedagogik yondashgan holda amalga oshirish zarur. Bolalarni virtual olamning salbiy ta’siridan saqlashning eng asosiy omili — bu baxtli bolalik, e’tiborli oila, tengdoshlari bilan faol muloqot, maktabdan tashqari mashg‘ulotlar, to‘garaklar va sport bilan shug‘ullanishdir. Biz bolalarga bugun qanchalik ko‘p mehr berib, kuch sarflasak, ertangi kunda ulardan shunchalik ko‘p farxlanamiz.

Foydalanilgan manbalar:

  1. www.playsandroid.com
  2. www.obgonay.ru

Mualliflar: Dinara Azimova, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi mutaxassisi, Oftobxon Tadjixodjayeva, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi Markazi yetakchi mutaxassis

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq