O‘zbekiston “Aloqa tarixi muzeyi” ekspozitsiyalari takomillashtirilmoqda
06.08.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

Barcha muzeylar qatori O‘zbekiston “Aloqa tarixi muzeyi” ham madaniy targ‘ibot o‘chog‘i sifatida soha tarixida yaratilgan moddiy va ma’naviy meroslarni saqlab, asrab, boyitib, kelajak avlodga yetkazib berishdek muhim vazifani amalga oshirib kelmoqda.

Hozirgi jahon globallashuvi davrida axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida ham yuksak dara­jada rivojlanish va ularning joriy etilishi bilan ijobiy o‘z­garishlar amalga oshirilib, axborot texnologiyalari kundalik ha­yotimizning har bir jabhalariga jadal kirib kelmoqda. Ma’lumki, mamlakatimizdagi barcha muzeylar faoliyati tubdan isloh etil­moqda. Davlatimiz rahbariyati tomonidan muzeylar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qator qonunlar va qarorlar hamda muhim davlat hujjatlarining qabul qilinishi bu sohaga berila­yotgan e’tiborning yaqqol dalilidir. Mazkur o‘zgarishlar «Aloqa tarixi muzeyi»da ham o‘z aksini topmoqda.

O‘sib kelayotgan yosh avlodga aloqa va axborotlashtirish sohasidagi bosqichma-bosqich rivojlanish odimlari va axborot-kom­munikatsiya texnologiyalarini hayotga tatbiq etish, ayniqsa, pochta aloqasi va telekommunikatsiya yo‘nalishlaridagi texnik vositalari tarixini yaqindan tanishtirib borish maqsadida O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi rahbariyati hamda «Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi» jamoat fondi tashabbusi bilan tashkil etilgan «Aloqa tarixi muzeyi» 2009-yildan buyon o‘z faoliyatini aynan mazkur muhim davlat hujjatlariga muvofiq yuritib keladi. Ma’lumki, muzeyda soha tashkilotlari va korxonalari tarixi, faoliyati, rivojlanishi va sohada erishayotgan yutuqlar muntazam ravishda yoritib boriladi. Muzey zallarida soha kor­xonalari tomonidan tashkil etilgan ekspozitsiyalar vaqt o‘tishi bilan ma’nan eskirishini inobatga olgan holda, ayrim ekspozitsiya­larni yangilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligining 2016-yil 19-dekabrda 364-sonli buyrug‘i qabul qilingan. Ushbu buy­ruqning ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli korxona va tashkilotlar mavjud ekspozitsiyalarni qaytadan takomillashtirish, yangi yaratilgan texnologiyalar bilan boyitish ustida ish olib bormoqdalar. Muzey ekspozitsiyalarini yanada rivojlantirish maqsadida tegishli soha tashkilotlari tomonidan takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

«Aloqa tarixi muzeyi»da UZINFOCOM — kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi eks­pozitsiyasi ham mavjud. UZINFOCOM — davlat unitar korxonasi bo‘lib, axborotlashtirishning milliy tizimini shakllantirish, iqtisodiyot va jamiyat hayotining barcha sohalarida zamonaviy axborot texnologiyalarini, kompyuter texnikasi va telekommunikatsiya vositalarini ommaviy ravishda joriy etish hamda ulardan foydalanish, fuqarolarning axborotga ortib borayotgan talab-ehti­yojlarini yanada to‘liqroq qondirish, jahon axborot resurslaridan bahramand bo‘lish doirasini kengaytirish ishlarini olib boradi. Ushbu markaz O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2002-yil 30-maydagii «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida»gi PF-3080 son Farmoniga asosan tashkil etilgan.

UZINFOCOM — kompyuter va axborot texnologiyalarini rivoj­lantirish hamda joriy etish markazining ekspozitsiyasi 2017-yil­ning 1-choragida markaz mutaxassislari tomonidan qayta tashkil etilib, takomillashtirildi. Yangi takomillashtirilgan ekspozitsiya­da markazning asosiy faoliyati yoritilgan. Masalan, fuqarolar tomonidan elektron murojaatlar qay tarzda taqdim etilishi namoyish etilgan. Batafsil aytganda, markaz stendida elektron hukumat — axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan yuqori darajada foydalangan holda davlat organlari va fuqarolar o‘rta­sidagi shaxsiy aloqadorlikni kamaytirish orqali fuqarolarga, biznesga, davlat hokimiyatining boshqa sohalariga hamda davlat xizmatchilariga mavjud ma’lumotlarni va davlat xizmatlarini onlayn tarzda yetkazib berish usulidan foydalanish sxema shaklida ko‘rsatib berilgan.

Takomillashtirilgan ekspozitsiyasi orqali markazning faoliyat doirasida sodir bo‘lgan eng muhim voqealar haqidagi ma’lumotlar ketma-ketligi bilan yaqindan tanishish mumkin. Shu bilan birga, markaz tomonidan yangi tadqiq qilingan loyihalar, jumladan, GOV.UZ, uMail.uz, ccTLDuz, Meros, davra, ZiyoNET, e-kommunal va boshqa dasturlar ketma-ketligi aks ettirilgan. Ma’lumki, UZINFOCOM markazi ko‘plab turdagi xizmatlarni taqdim etish orqali servis xizmatlarini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bundan tashqari, Markaz saytlar ishlab chiqish, sayt-satellitlar yaratish, FIKR. uz va uForum.uz da fikr almashish, uTube.uz da videoroliklarni e’lon qilish, shaxsiy ma’lumotlarni DESK.uz jamlash kabi qator imkoniyatlarni taqdim etadi. Markazning faoliyatini yaqqol namoyon etuvchi yangi takomillashtirilgan qiziqarli ekspozitsiya tashrif buyurgan barcha mehmon hamda o‘quvchi-yoshlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

O‘zbekiston «Aloqa tarixi muzeyi»da Elektromagnit moslashuv markazi (EMM) Davlat unitar korxonasining ham ekspozitsiyasi ham joy olgan. Hozirgi tezkor axborot uzatish davrida zamonaviy telekommunikatsiya vositalarining muhim o‘rni mavjud. Joriy yil aloqachilarning kasbiy bayrami munosabati bilan Elektromagnit moslashuv markazi Davlat unitar korxonasining mas’ul xodimlari tomonidan mavjud ekspozitsiya qaytadan takomillashtirildi. Ushbu markaz radiochastotalarni ajratish va foydalanish bo‘yicha radio­monitoring ishlarini, radioelektron vositalarni hisobga olish, taqsimlashni nazorat etadi. Mazkur ekspozitsiyada markazning maqsad va vazifalari, hamda funksiyalari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar maxsus stendlar yordamida yoritildi.

O‘zbekiston Respublikasiga ajratilgan radiochastota spektridan foydalanishi ustidan nazorat olib borish uchun foydalanila­yotgan ISHIM — 003 translyatsion bog‘lamalarni komplektatsiyasi uchun mo‘ljallangan translyatsion radioqabulqilgich, SOVA — o‘rta to‘lqin diapazonida ishlaydigan mobil radiopelengator, «POLOSA» (RSO-5) radiostansiyasi, UAS-452 avtomobilga o‘rnatilgan «Aro’k» mobil radionazorat stansiyasi, Volkswagen caravella avtomobiliga o‘rnatilgan mobil radionazorat stansiyasi, LUCh-1M radio­pelengatori, SMV 7 selektiv mikrovoltmetr, VOLNA-K rusumli radioqabulqilgich va boshqa texnik vositalar vitrinadan joy egal­lagan. Ma’lumotlar kioskasida markaz faoliyati to‘g‘risida slayd joylashtirilgan. Ushbu yangi qaytadan yaratilgan ekspozitsiyalar tashrifchilarga kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lishda katta amaliy yordam bo‘lmoqda.

Iroda Vaxabova, “Aloqa tarixi muzeyi” xodimi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq