LG robotlari Inchxon xalqaro aeroportida ishga kirishdi
04.08.2017
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Jurnal tahririyati.
LG Electronics kompaniyasi ma’lum qilishicha, yaqinda uning mahsuloti bo‘lgan beshta robot Inchxon xalqaro aeroportida ishga kirishdi. Robotlar bu yerda farrosh sifatida tozalash, shuningdek, yo‘lovchilarga axborot berish ishlari bilan shug‘ullanmoqda.
Ular har qanday savolni tushuna oladi, odamlar ular bilan muloqot qilish uchun maxsus buyruqlarni bilishlari shart emas. Boshlang‘ich bosqichda robotlar to‘rt tilda beriladigan (xitoy, yapon, koreys va ingliz tillaridagi) savollarni qabul qilmoqda. Robotlar aeroportning asosiy serveriga ulangan bo‘lib, barcha reyslar, shuningdek, do‘konlar va boshqa muassasalar joylashuvi haqida ma’lumotlar bera oladi. Bundan tashqari, dronlar yo‘lovchilarni belgilangan joyga eltib qo‘yishlari ham mumkin. Robot-farrosh doim atrof-muhitni nazorat qiladi hamda o‘z ishini hech kimga xalaqit qilmay, to‘siqlarsiz bajara oladi.
Bunday robotlar dastlab yil boshida CES 2017 ko‘rgazmasida namoyish etilgandi, endilikda ular foydalanishga topshirilmoqda.