Analog teleeshittirishlarni to‘xtatish va butunlay raqamli teleeshittirishlarga o‘tish ishlari amalga oshirilmoqda
20.07.2017
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Joriy yil 17-iyul kuni Vazirlar Mahkamasining «Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish va yer usti analog teleeshittirishlarni to‘xtatishga doir amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 502-son qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2017-yil oxirigacha:

  • respublikaning barcha hududlarida 90 komplekt yuqori quvvatli va 404 komplekt kam quvvatli raqamli teleeshittirish uzatkichlarini o‘rnatish va foydalanishga topshirish hisobiga respublikaning barcha aholi punktlari raqamli teleeshittirishlar bilan qamrab olinishini ta’minlash;
  • aholi raqamli teleeshittirishlar xizmatlaridan keng foydalanishini, shu jumladan xorijiy yo‘ldosh aloqasi operatoridan yo‘ldosh segmentini ijaraga olish hisobiga davlat teleradiodasturlarining umumfoydalanishdagi ijtimoiy paketini uzoq va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarigacha yetkazishni ta’minlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, O’zbekiston Respublikasida yer usti analog teleeshittirishlarni bosqichma-bosqich to‘xtatish jadvali tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra kelgusi yilning 15-yanvaridan boshlab to 5-dekabriga qadar butun mamlakat bo‘ylab analog formatdagi barcha teleeshittirishlar to‘xtatiladi.

Qarorga ko‘ra “Mahalla” xayriya jamoat fondini jalb etgan holda aholiga, jumladan kam ta’minlangan qatlamlarga va pensionerlarga raqamli teleeshittirishlarni qabul qiluvchi televizorlar, tyunerlar va boshqa qurilmalarni xarid qilish uchun imtiyozli iste’mol kreditlari berilishini kengaytirish tavsiya etilgan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021-yillarda elektrotexnika sanoatini boshqarishni yanada takomillashtirish, jadal rivojlantirish va diversifikatsiyalash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 13-fevraldagi 2772-son qaroriga muvofiq, “O‘zeltexsanoat” AK korxonalari tomonidan 5 yil mobaynida 3,0 mln. dona raqamli televizorlar ishlab chiqarish va yig‘ish nazarda tutilgan.

Raqamli televideniyening muhim afzalligi — bu tasvir bilan bog‘liq. Tasvirning raqamli texnologiyada qayta ishlanishi uning sifatli olib uzatilishiga xizmat qiladi. Ilgarigi avlod televizorlari tasvirni juda kam holatlarda a’lo darajada ko‘rsatardi, ekrandagi tasvirlar jimirlab, turli tashqi ta’sirlar kuzatilgan, tasvir tez-tez yo‘qolib qolgan. Yangi shakldagi televideniyeda esa tashqi ta’sirlar sezilarli darajada kamayib, tasvirning ravshanligiga erishilgan.

Bugun ikkita milliy kanal HD sig‘imli yuqori aniqlikdagi formatda uzatilmoqda. Ulardan biri yaqinda efir yuzini ko‘rgan nodavlat kanal. Shuningdek, boshqa telekanallar ham bosqichma-bosqich ravishda efirlarini HD sig‘imli uzatish tizimiga o‘tkazishmoqda. Mazkur jarayonga o‘tish va HD kontentni uzatish faqatgina telekanallarning moddiy-texnik bazasi ta’minlanganligiga bog‘liq emas. Buning uchun zarur chastota diapazonlarini yangi HD kanallarga bo‘shatib berish uchun ham analog teleuzatishni bosqichma-bosqich tugatish zarur bo‘ladi.

O‘zbekistonda raqamli televizion uzatishga o‘tilishi yangi – davlat va nodavlat telekanallar sonining oshishiga ham xizmat qilmoqda. Xususan, so‘nggi 5 yilda yurtimizda 8ta davlat va 5ta xususiy telekanallar ishga tushdi.

Raqamli teleuzatish texnologiyasining yana bir afzalligi ovozning yuqori aniqlikda yangrashidir. Yangi standartda stereo ovoz va ovozni 5.1 formatida olib uzatilishi televizion dasturlarda kuzatilgan ortiqcha shovqin va shivillash kabi holatlarni bartaraf qiladi. Bugungi televizorlarga beshtagacha odatiy hamda bir dona past chastotali ovoz uzatgichlarni ulab, “uy kinoteatri” deb ataladigan qulay texnologik sharoitni yaratish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bugun aksariyat zamonaviy televizorlar, jumladan O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgan televizorlarda ham DVB-T2 standartini qo‘llab-quvvatlaydigan ichki raqamli tyuner mavjud. Unga qo‘shimcha ravishda oddiy antenna ham sotib olishga to‘g‘ri keladi. Ammo, bozorlarda mazkur tyunerga ega bo‘lmagan televizorlar ham sotilmoqda. Shu sababli, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi teletomoshabinlarga yangi televizor xarid qilayotganda uning DVB-T2 standartini qo‘llab-quvvatlashiga alohida e’tibor qaratishni tavsiya qiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq