Elmon Braun Stroudjer jahonda birinchi avtomatik telefon kommutatorining ixtirochisi
02.07.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: N. Azizova.

Mamlakatimiz “Aloqa tarixi muzeyi” zallari bo‘ylab navbatdagi sayohatimizda ixtirochi olimlardan birining hayoti va faoliyatiga nazar tashladik. Navbatdagi sahifamiz Elmon Braun Stroudjerga bag‘ishlanadi.

Tarixdan ma’lumki, ko‘pchilik ixtirochi olimlar asosan shon-shuhrat, mol-davlat orttirish maqsadida intilganlar. Biroq hech qanday moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yordamini olish­ga erishmay ham, shunchaki qandaydir sabab, taqdir taqozosi bilan olamshumul ixtironi amalga oshirgan mashhur insonlar ham mavjud. Bunday insonlar intiluvchanligi va qat’iyatligi bilan bor bilim, kuch-g‘ayratlarini o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlariga eri­shish uchun yo‘naltirganlar. O‘z maqsadlariga erishish bilan bir­ga, insoni­yat taraqqiyoti, jumladan, elektr aloqasi rivoji tarixiga ulkan hissa qo‘shganlar. Shunday ixtirochilardan biri Elmon Braun Stroudjer (Almon Brown Strowger)dir.

Elmon Braun Stroudjer 1839-yilda Nyu-Yorkda tavallud topgan. Tarixda ushbu inson haqida ko‘p ma’lumot mavjud emas, faqat uning Kanzas-Sitida yashab, faoliyat yuritganligi va dafn marosimini o‘tkazish byurosiga egalik qilib, uni boshqarganligi haqida ma’lu­motlar bor. Shuningdek, Elmon Braun Stroudjerning nomi tarixda birinchi avtomatik telefon kommutatorining ixtirochisi sifatida qolgan. Mazkur ixtironi amalga oshirishiga uning ish faoliyatida yuzaga kelgan muammo sabab bo‘lgan.

Kanzas-Siti shahri (Missuri shtati)da qo‘lda ishga solinadigan telefon stansiyasi mavjud edi. Mazkur telefon stansiyasida Stroudjer­ning asosiy raqobatchisi hisoblangan tadbirkorning rafiqasi operator-telefonistka bo‘lib ishlardi. U dafn marosimini o‘tkazishga oid barcha buyurtmalarni o‘z turmush o‘rtog‘ining byurosiga yo‘llab, Strou­djer byurosini ishsiz qoldirardi. Mazkur holatdan qutilish maqsadida dekad-qadamli izlagich (декадно-шагового искатель)ni ixtiro qilib, avtomatik telefon stansiyasi (ATS)ni yaratishga kirishdi. Stroudjer 1888-yilda, mazkur qurilmani ixtiro qilganida 49 yoshda edi. Elmon Braun Stroudjer avtomatik telefon stansiyasining ixtirosi uchun 1889-yil 10-mart kuni patent (US Patent №447918 10/6/1891) olib, tarixda «ATSlar otasi» sifatida nomini qoldirishga muyassar bo‘lgan.

Shu tariqa, uning avtomatik telefon stansiyasi g‘oyasi amaliyotga joriy etilib, aloqa sohasi taraqqiyotini ilgari suruvchi qadamga aylangan. Mazkur qurilma o‘nlab yillar mobaynida ATSning asosiy elementi bo‘lib hisoblangan. Stroudjer o‘z qurilmasini amalda joriy etish maqsadida 1892-yilda «Strowger Automatic Telephone» kom­paniyasiga asos solgan. Stroudjer tizimi asosida qurilgan ATS juda ishonchli bo‘lib, unda aloqani abonentga ulash uchun operator xizmatining hojati yo‘q edi. Qurilmadan o‘tgan asrning 70-yillariga qadar jahonning deyarli barcha mamlakatlarida foydalanganlar. Bugungi kunda ayrim mamlakatlarda bunday ATSning amal qilib turganlari ham mavjud. E. Stroudjer qurilmasi aylanuvchi disk ko‘rinishida raqamlarni terish xususiyatiga ega bo‘lgan, shuningdek, o‘nlab yillar mobaynida telefon apparatlari ishlab chiqariluvchi sanoat korxonalari tomonidan tayyorlangan. Biroq Stroudjerning ixtiro qilgan kommutatori bu sohada qaldirg‘och emasdi.

Bunga o‘xshash qurilmalar 1879-yilda amerikalik muhandislar Konoli va MakTayt (Connolly va McTigthe)lar tomonidan ixtiro qilingan. Shunga qaramay, uning tashabbuskorligi va qat’iyligi sababli aynan Stroudjerning avtomatik kommutatsiya g‘oyasi amali­yotga joriy etilgan. Stroudjer ixtiro qilgan ATS 1892-yildan ishga tushib, «g‘arazli operator xonimlar xizmatisiz amal qiladigan telefon «no dames’n’damns telephone» nomi bilan mashhur bo‘lgan (calend.ru). Elmon Braun Stroudjer 1902-yil may oyida Sankt-Peterburg shahrida (AQSH, Florida shtati) vafot etgan.

Sobiq ittifoqda 1927-yildan Stroudjer ixtirosi asosida ATSdan foydalanila boshlangan, biroq uni «mashinali ATS» deb ataganlar. E. Stroudjer ixtirosidan 1975-yilda Fransiyada jahonda birinchi raqamli ATS ishga tushguniga qadar juda keng foydalanilgan. Zamonaviy raqamli ATS juda ko‘p sonli vazifalarni, xususan, telefon so‘zlashuvlarini yozib olish tizimi va ichki aloqani tashkil etish, har bir abonent uchun shaharlararo qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishni boshqarish yoki cheklash, elektron kotib kabi ko‘plab funksiyalar va boshqa jarayonlarni amalga oshiradi. Biroq bir asrdan ortiq davr ilgari ixtiro qilingan Elmon Braun Stroudjer ixtirosi o‘z davrining olamshumul voqeasi bo‘lib hisoblangan.

Maqola O‘zbekiston «Aloqa tarixi» muzeyi va infoCOM.UZ jurnali o‘rtasidagi hamkorlik loyihasi asosida tayyorlandi.

Maqola materialida Vikipediya — ochiq ensiklopediya hamda: Гамeль И. Исторический очерк электрических телеграфов. — СПб., 1886, Шарле Д. Хек-трик в матчe с Атлантикой (Люди и события в истории электротехники и электросвязи), серия изданий «История электросвязи и радиотехники», вып. 2. М.: Международный центр научно-технической информации (МЦНТИ), 2002 kabi adabiyotlardan foydalanildi.

Muallif: Nilufar Azizova

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq