Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimi ARMAT-U bilan ishlashni o‘rgatuvchi virtual trenajyor
30.06.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Bugungi kunda Respublikamizning bir qator axborot-kutubxona muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimi ARMAT-U yordamida elektron katalog, yig‘ma elektron katalog, elektron kutubxona yaratishga kirishganlar.

Ammo axborot-kutubxona fondini kataloglashtirishda bir qator muammolar mavjudki, ularni bartaraf qilmasdan turib, elektron katalog va yig‘ma elektron katalog yaratishga kirishish tayyorlanayotgan bibliografik mahsulotlar sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Sifatli tayyorlanmagan bibliografik yozuvlarga asoslanib, yaratilgan elektron katalog axborot-kutubxona muassasalarida xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini oshirishga olib kelmaydi. Demak, axborot-kutubxona muassa­salarida avtomatlashtirilgan tizim joriy qilinar ekan, dastlab xo­dimlar malakasini oshirish, ularni avtomatlashtirilgan tizim bilan ishlashga o‘rgatish zarur. Aks holda, axborot-kutubxona muassasa­larini avtomatlashtirish va axborotlashtirishga qilingan xarajatlar kutilgan samara bermaydi.

Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimidan (AAKT) foydalanishga o‘qitishda virtual trenajyorlarning o‘rni beqiyos. Ma’lumki, AAKT kamida beshta: Kataloglashtiruvchining, Foydalanuvchining, Kutubxonachining, Komplektator va Administratorning avtomatlashtirilgan ish o‘rinlaridan (AIO‘) iborat. Kataloglashtiruvchining AIO‘da tizimning elektron katalog (EK) ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi, foydalanuvchilar ro‘yxatga olinib, ularga tegishli «Login» va «Parol» beriladi. infoCOM.UZ jurnalining 2015-yildagi sonlaridan birida e’lon qilingan «Elektron kataloglashtirishni o‘rgatishda virtual trenajyorlardan foydalanish» sarlavhali maqo­lada Kataloglashtiruvchining AIO‘da elektron kataloglashtirishni o‘rgatuvchi virtual-trenajyor to‘g‘risida ma’lumot berilgan. Avto­matlashtirilgan axborot-kutubxona tizimining avtomatlashtirilgan ish o‘rinlari bilan ishlashni o‘rgatuvchi virtual-trenajyor to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqaylik. Virtual-trenajyorning bosh sahifasi 1-rasmda keltirilgan.

1-rasm. Virtual trenajyorning bosh sahifasi

Dastlab, tizimdan foydalanuvchini virtual-trenajyordan foydalanib, ro‘yxatga olish jarayonini ko‘rib chiqamiz. Buning uchun bosh sahifadagi «Foydalanuvchini ro‘yxatga olish» bo‘limiga kira­miz (2-rasm). Foydalanuvchilarni ro‘yxatga olish «Kataloglashti­ruvchining AIO‘»da bajariladi, shu sababli AAKT kataloglashtiruvchining AIO‘ga kirishimiz kerak. Demak, tizim bosh sahifasidagi «Login» va «Parol» maydonlariga mos ravishda, «cat» va «11» qiymatlarini kiritib, «Kirish» tugmasini sichqoncha bilan chertamiz (3-rasm). Natijada kataloglashtiruvchining AIO‘ga kiramiz. Bu yerda «Katalog» maydoniga «Axborot resurs markazi» menyudan tanlab o‘rnatiladi va «Kitobxonlar» bo‘limiga kiramiz (4-rasm).


2-rasm. Kataloglashtiruvchining AIO‘ga kirishi


3-rasm. Kitobxonlar bo‘limiga kirish


4-rasm. Foydalanuvchi to‘g‘risida ma’lumot

Natijada foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq olamiz. Buning uchun «Foydalanuvchi to‘g‘risida ma’lumot» bo‘limiga kiramiz (5-rasm). Foydalanuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar «Yangi kitobxon qo‘shish» bo‘limiga kirib, taqdim etiladigan maydon va maydonostilarni kema-ket to‘ldirish orqali bajariladi (6-rasm). Foydalanuvchi to‘g‘risida 5-rasmda keltirilgan ma’lu­motlar 6-rasmda keltirilgan maydonlarga faqat to‘g‘ri kiritilganda tizim ularni qabul qiladi, aks holda, keyingi maydonga ma’lumot kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shunday qilib, virtual-trenajyor foydalanuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimning maydonlariga to‘g‘ri kiritilishini nazorat qiladi. Barcha maydonlar to‘g‘ri kiritilganda virtual-trenajyor «Siz foydalanuvchi to‘g‘risidagi ma’lu­motlarni kiritishni o‘rgandingiz» degan xabarni beradi (7-rasm). Shundan so‘ng «Chiqish» tugmasi chertiladi va virtual-trenajyor o‘z ishini tugatadi.


5-rasm. Tizimdan foydalanuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish


6-rasm. Virtual-trenajor o‘z ishini tugatdi


7-rasm. Foydalanuvchining AIO‘ga kirishi

Adabiyotlarga buyurtma berish jarayonini virtual-trenajyor orqali bajarilishini ko‘rib chiqaylik. Buning uchun tizimning bosh sahifasidagi «Login» va «Parol» maydonlariga foydalanuvchiga berilgan «Login» «000» va «Parol» «000» qiymatlarini beramiz va «Kirish» tugmasini chertamiz (8-rasm). Natijada foydalanuvchi­ning AIO‘ga (shaxsiy elektron kabinetiga) kiramiz. Bu yerda bizga «Shoymurod Nazirovning 2007-yilda chop qilingan Rastr va vektor grafika nomli kitobiga buyurtma berish» topshirig‘i berilgan (9-rasm). Foydalanuvchining AIO‘ga kirib, berilgan topshiriqni bajarib ko‘ramiz. Buning uchun «Muallif» maydoniga «Nazirov Sh.», «Sarlavha» maydoniga «Rastr va vektor grafika», «Nashr etilgan yil» maydoniga «2007» qiymatlarni kiritib, «Qidirish» tugmasini chertamiz (10-rasm). Bu yerda shuni alohida qayd etish kerakki, vir­tual-trenajyor maydonlariga ma’lumot aniq va to‘liq to‘g‘ri kiritilsa, keyingi bosqichdagi ishni bajarishga o‘tadi, aks holda, ma’lumot to‘g‘ri kiritilmaguncha keyingi bosqichdagi ishni bajarishga o‘tmaydi. Natijada Nazirov Sh. tomonidan nashr etilgan kitob tavsifiga ega bo‘lamiz. Tavsifning o‘ng tomonidagi kvadratchaga sichqoncha bilan chertish orqali belgi qo‘yamiz va «Buyurtma» tugmasini chertamiz (11-rasm). Natijada berilgan buyurtmaning navbatga yozilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotga ega bo‘lamiz. Vir­tual-trenajyor «Siz adabiyotlarga buyurtma berishni o‘rgandingiz» degan xabarni berish orqali o‘z ishini tugallaydi. Siz «Chiqish» tugmasini chertish orqali virtual-trenajyorning bosh sahifasiga o‘tishingiz mumkin.


8-rasm. Buyurtma berish uchun topshiriq


9-rasm. Adabiyotga buyurtmani shakllantirish


10-rasm. Topilgan kitobga buyurtma berish


11-rasm. Virtual-trenayjor ishining tugallanishi

Shunday qilib, virtual-trenajyor yordamida foydalanuvchilarni ARMAT-U tizimida ro‘yxatga olish va ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi tomonidan adabiyotlarga buyurtmalar berish jarayonining to‘g‘ri bajarilishini o‘rgatuvchi virtual-trenajyor ishi bilan tanishib chiqdik.

Xulosa qilib aytganda:

  1. Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimini ARMlarda joriy qilishda ARM xodimlari malakasini oshirish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan eng asosiysi hisoblanadi.
  2. ARM xodimlarini AAKT bilan ishlashga o‘qitishda o‘qituvchining ma’ruzasi va amaliy mashg‘ulotlar o‘tib bo‘lingach, virtual-trenajyordan foydalanib, olingan nazariy bilimlarni amalda sinab ko‘rish avtomatlashtirilgan tizimni o‘zlashtirishda katta samara beradi.
  3. Virtual-trenajyor ARM xodimlarini AAKT bilan ishlashda be­xato va aniq ishlashga o‘rgatadi.
  4. Virtual trenajyordan ARM xodimlarini avtomatlashtirilgan ti­zim bilan ishlash malaka va ko‘nikmalarini baholashda ham foydalanish mumkin.


Mualliflar: Ulug‘bek Karimov, TATU dotsenti, t.f.n., Shaxzod Ruziyev, TATU magistranti, Abbos Fayzullayev, TATU talabasi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq