Kamchiliklar tahlil qilindi
29.06.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, g‘oyaviy immmunitetini mustahkamlash va ularni vatanparvarlik ruhida, buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar etib tarbiyalashda kitobning o‘rni beqiyos.

Ayni shu bois Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlan­tirish, yoshlarning kitobga bo‘lgan muhabbatini yanada oshirishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining joriy yil 12-yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi dasturi­lamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugungi kunda zamonaviy kutubxona ishida foydalanuvchilarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali sifatli xizmat ko‘rsatish ham dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Sohadagi qonun hujjatlarining joylardagi ijrosi va yaratilgan sharoitlardan foydalanish darajasi esa yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi­ning Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan yaqinda «Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning ijro etilishi holatini o‘rganish yuzasidan nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazildi. Uning doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining Jizzax, Sirdaryo, Qash­qadaryo, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Toshkent viloyatlaridagi axborot-kutubxona muassasalari misolida qonun talablarining amalda ro‘yobga chiqarilishi o‘rganildi.

Tahlillarga ko‘ra, hozirda axborot-kutubxona muassasalari fao­liyatini davlat tomonidan tartibga solish maqsadida mamlakatimizda qirqqa yaqin me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha kompleks ishlar amalga oshi­rilmoqda. Shu bilan birga, ushbu muhim soha rivoji bilan bog‘liq aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitob­xonlik madaniyatini oshirishda bir qator muammolar mavjudligi aniqlandi.

Jumladan, o‘rganilgan vazirliklar tizimida badiiy, ma’rifiy, il­miy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan ta’lim muassasalarini ta’minlash, milliy va jahon adabiyoti namoyan­dalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlari puxta o‘ylangan tizim asosida tashkil etilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, chop etiladigan kitoblarni nashriyotlardan hududlarga arzon narxlarda yetkazish, onlayn buyurtma berish va manzilga yetkazish tizimi hamda aholiga xizmat ko‘rsatishda elektron kitob shakllaridan keng foydalanish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Ba’zi tuman va shaharlardagi axborot resurs markazlarining moddiy-texnik bazasi ham talab darajasida emasligi kuzatildi. Qolaversa, hali-hanuz qishloq tumanlaridagi aksariyat maktablarda internet tarmog‘i faoliyati sifatli yo‘lga qo‘yilmagani yoki o‘quvchilar uchun «ZiyoNet» ta’lim portalidan foydalanish imkoniyatlari yetarlicha yaratilmagani tashvishlanarlidir.

Xulosa qilib aytganda, ta’lim muassasalari huzuridagi Axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, ularning axborot-kutubxona fondini kengaytirish, markaziy axborot-kutubxona muassasalarining ma’lumotlar bazasidan keng foydala­nishini ta’minlash zarur. Zero, ta’lim muassasalarida axborot-kutubxona muhitining rivojlanishi yoshlar orasida yurtimizning boy tarixiy merosi, uning madaniyati va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Nazorat-tahlil tadbiri natijalari bo‘yicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan sohaga doir normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, axborot kutubxona sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishni jadallash­tirish hamda «Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida»gi qonun ijrosi samaradorligini oshirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Qabul qilingan qarorlar esa mazkur yo‘nalishdagi kamchiliklarni bar­taraf etishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Muallif: Jamshid Pirmatov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq