«E-SUD» Milliy elektron sudlov axborot tizimi foydalanuvchilari uchun yangi imkoniyatlar
29.06.2017
Rukn: Internet.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2016-yil 21-oktabrdagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4850-son Farmoni qabul qilinishi sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni yanada mustahkamlashning huquqiy asosini yaratdi.

Prezident Farmoniga muvofiq, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash maqsadida E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimini yanada takomillashtirishga ehtiyoj sezildi. Zero, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ta’kidlab o‘tish joizki, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini, xususan, elektron hujjat almashinuvini joriy etish, sohaga oid axborot resurslari va axborot tizimlarini ishlab chiqish hamda tatbiq etish, sud sohasida interfaol xizmatlarni taqdim etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan 2013-yilda «Fuqarolik sudlovini takomillashtirish: samarali sud boshqaruvi» qo‘shma loyihasi doirasida respublikamizda «E-SUD» Milliy elektron sudlov axborot tizimi yaratilgan edi.

Mazkur tizim jismoniy va yuridik shaxslarga fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga elektron ravishda, masofadan turib (onlayn) murojaat qilish, fuqarolik ishlarini sudlarda ko‘rib chiqishga tayyorlash, shikoyatlarni tezkor ko‘rish va hal qilish bilan bog‘liq protsessual harakatlarni tez va samarali amalga oshirish imkoniyatlarini yaratib berdi. Ayni paytda, «E-SUD» axborot tizimini yanada takomillashtirish va aholiga keng targ‘ib qilish ishlari amalga oshi­rilmoqda. Shu sababli ham, 2017-yilning birinchi choragida tizim­ning yangi versiyasi ishga tushirildi — (http://v3.esud.uz). Bundan asosiy maqsad — zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning faoliyati samaradorligini oshirish, sudlar faoliyati haqida ma’lumot to‘plash, qayta ishlash va saqlash, sud tizimida interfaol xizmatlarni taqdim etish, fuqarolarning sudlarga murojaat etish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlaridan keng foydalanish uchun imkon yaratish, sudlar fao­liyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, odil sudlovni keng joriy etish uchun shart-sharoit yaratish, fuqarolik sudlarida ortiqcha byurokratik to‘siqlarning oldini olish, sudlarda qog‘ozsiz hujjat aylanishini joriy etish kabi bir qator ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishdir.

«E-SUD» Milliy elektron sudlov axborot tizimi fuqarolarga va yuridik shaxslar vakillariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga elektron tarzda murojaat etish imkonini beruvchi tizim hisoblanadi. Mazkur tizimdan foydalanish uchun kompyuter brauzeri orqali http://v3.esud.uz/ manziliga murojaat qilinadi (1-rasm). Fuqarolar «E-SUD» axborot tizimi yordamida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga elektron tarzda murojaat etish uchun dastlab, tizimdan ro‘yxat­ga o‘tish lozim. Buning uchun tizimning bosh interfeysidagi «Ro‘yxatga olish» panelidan tegishli («Jismoniy shaxs», «Yuridik shaxs» yoki «Advokat») menyu tanlanadi va foydalanuvchi o‘zi­ga tegishli shaxsiy ma’lumotlarni tizim maydonlariga kiritadi (2-rasm).

1-rasm. «E-SUD» Milliy elektron sudlov axborot tizimining bosh interfeysi

2-rasm. Jismoniy shaxslarni ro‘yxatga olish

Ахborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi o‘zining parol va loginini tizimning avtorizatsiya paneliga yozadi va shaxsiy kabinetiga kiradi (3-rasm). «E-SUD» axborot tizimi veb-texnolo­giyalari asosida «mijoz» — «server» tamoyili asosida ishlab chiqilgan tizim bo‘lib, fuqarolarga va yuridik shaxslar vakillariga fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga Internet tarmog‘i orqali sudlarga bevosita tashrif buyurmasdan ariza va da’vo arizalarini yuborishga qaratilgan. Shu bois, foydalanuvchi o‘zining shaxsiy elektron kabinetida «Ariza tuzish» menyusi orqali sudga murojaat yuborishi mumkin. Murojaat yuborishda dastlab, murojaatning turi ko‘r­satiladi. «E-SUD» axborot tizimi orqali sudlarga topshirilishi mumkin bo‘lgan murojaatlar shartli ravishda, ikki turga: sud buyrug‘i chiqarish to‘g‘risidagi arizalar; da’vo arizalari, shikoyatlar va alohida tartibda ko‘riladigan arizalarga ajratiladi. Agar tashqi foydalanuvchi sudga sud buyrug‘i chiqarish to‘g‘risidagi arizani topshirmoqchi bo‘lsa, unda «Sud buyrug‘i» menyusini tanlaydi, da’vo arizasi (boshqa talab) bilan murojaat etmoqchi bo‘lsa, «Sud ishi» menyusini tanlaydi. Tashqi foydalanuvchi murojaat turini belgilaganidan so‘ng, murojaatni topshirmoqchi bo‘lgan sudni tanlaydi. Ushbu menyuda «E-SUD» axborot tizimiga ulangan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning ro‘yxati keltiriladi. Tashqi foydalanuvchi o‘z murojaatini sudga topshirish uchun keltirilgan ro‘yxatdan o‘ziga zarur (murojaat mazmuniga mos) sudni tanlab oladi. Faraz qilaylik, tashqi foydalanuvchi sudga sud buyrug‘i chiqarish to‘g‘risidagi arizani topshirmoqchi, u holda ariza turidan «Sud buyrug‘i» tanlab olinadi. Shuningdek:


3-rasm. Foydalanuvchining shaxsiy elektron kabineti

  • «Sud» maydoniga tegishli sud nomi ma’lumotnoma orqali kiritiladi (Masalan: FIB Test tumanlararo sudi).
  • «Talablar» nomli maydon ma’lumotnomasidan tegishli talab turi tanlab olinadi (Masalan: «Yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomonidan tan olingan talablar»).
  • «Kategoriya» maydoniga esa «Yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomonidan tan olingan talablar» nomli talab turining «Yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomonidan tan olingan talablar» nomli parametri tanlanadi (4-rasm).

4-rasm. Foydalanuvchining shaxsiy kabinetida yangi ariza tuzish

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, agar murojaat turi deb «Sud buyrug‘i» tanlansa, unda axborot tizimiga faqat «Asosiy ta­lab» kiritiladi. Agar murojaat turi deb «Sud ishi» tanlansa, unda axborot tizimiga «Asosiy talab» bilan birga «Qo‘shimcha talab­lar» ham kiritilishi mumkin. Mazkur «E-SUD» axborot tizimining yangi versiyasi avvalgisidan bir qator yangi imkoniyalar va xizmatlarning mavjudligi bilan farq qiladi. Ular quyidagicha:

  • Portal bosh sahifasida axborot tizimi, unga ulanish va unda ishlash bo‘yicha batafsil ma’lumotlar keltirilgan;
  • Foydalanuvchilarning shaxsiy elektron kabinetida sud hujjatlarining 10 ga yaqin parametrlari aks ettirilgan;
  • Arizalar ro‘yxatini MS Excel ga eksport qilish va foydalanuvchining ixtiyoriga ko‘ra turli statistik hisobotlar hamda jadvallarni tuzish imkoniyati yaratilgan;
  • Sudyalar tomonidan sud hujjatlari va ajrimlariga Davlat soliq qo‘mitasining elektron raqamli imzosi bilan imzo chekish imkoniyati mavjud;
  • Sud ishlarini «qo‘lda» va «avtomatik» ravishda taqsimlash mumkin;
  • Statistik hisobotlarning yangicha shakllarini yaratish imkoniyati mavjud;
  • Advokatlar uchun fuqarolarning nomidan ishonchnoma orqali da’vo arizalarini sudga yuborish mumkin;
  • Tizim ma’muri sifatida amaliyot va tajriba natijalaridan kelib chiqqan holda kerakli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni tez va oson kiritish imkoniyati yaratilgan;
  • Foydalanuvchilar uchun @esud.uz domenida pochta qutisini ochish imkoni mavjud.

Xulosa qilib aytganda, shuni ta’kidlash lozimki, tizimning yaratilgan yangi versiyasi yordamida sud faoliyati haqida ma’lumotlarni to‘plash, ularni qayta ishlash va saqlash, da’vo arizalari, iltimosnomalar va boshqa hujjatlarni elektron ravishda sudlarga yubo­rish,, ularni qayta ishlash, statistik tahlillarni ko‘rish va sud ishi ishtirokchilariga turli xatlar, chaqiruv qog‘ozlari va boshqa hujjatlarni yuborish, sud AKTlari, hisobotlar va boshqa hujjatlarni avtomatik ravishda shakllantirish mumkin. O‘z navbatida, fuqarolar sudga bormasdan axborot tizimi orqali sudlarga elektron ravishda murojaat va ariza yuborishlari, sud ishi holatini kuzatib borishlari va suddan turli hujjatlar va ma’lumotlarni elektron ravishda olishlari mumkin.

Mualliflar: Hilola Islomova, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi “Billing Telekom” filiali 1-toifali dasturchi-muhandisi, Bobur Atajanov, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi “Billing Telekom” filiali 1-toifali dasturchi- muhandisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq