O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti: TIV o‘z interaktiv xizmatlarini kengaytirmoqda
28.06.2017
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

2017-yil boshidan beri Tashqi ishlar vazirligining interaktiv portallari orqali O‘zbekiston Respublikasining va boshqa xorijiy davlatlarning fuqarolari tomonidan 267 mingdan ziyod murojaatlar ro‘yxatga olindi.

O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida», «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ish faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarining ijrosi doirasida TIV interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish va xorijiy mamlakatlardagi yurtdoshlarimizga hamda chet el fuqarolariga konsullik-huquqiy yordam uyushtirish sohasini kengaytirmoqda. Jumladan, Vazirlikning rasmiy saytida bizning vatandoshlarimiz uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlar o‘z vaqtida chop etib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilingan 2017-yilning yanvar oyida «consul.mfa.uz» interaktiv konsullik xizmatlari portalining yangi tahriri ishga tushirildi. Endilikda portalda 10 dan ortiq turdagi interaktiv yoki ma’lumot beruvchi xarakterda bo‘lgan konsullik xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.

Jumladan, «Shaxsni tasdiqlash va O‘zbekiston Respublikasiga qaytish Sertifikatini rasmiylashtirish», «Doimiy yoki vaqtincha konsullik hisobiga olish» kabi davlat xizmatlari portal yordamida elektron ko‘rinishda olib borilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, xorijliklarning, jumladan turistlarning O‘zbekistonga kirish vizalarini rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish maqsadida «E-visa» elektron onlayn-arizalarni to‘ldirish tizimi foydalanishga topshirilgan. Mazkur tizim bugungi kunda 5 tilda – o‘zbek, rus, ingliz, fransuz va ispan tillarida ish olib boradi.

Hozirda TIV hamkorlar bilan birgalikda «E-Navbat» — elektron navbat tizimini joriy qilish borasida ish olib borilmoqda. Ushbu tizim O‘zbekistonning Qozog‘istondagi Elchixonasida to‘liq nazoratdan o‘tgazilgandan so‘ng respublikaning xorijdagi barcha diplomatik missiyalarining internet-resurslarida o‘rnatiladi. Bu tizim yordamida fuqarolar o‘zlariga qulay bo‘lgan vaqtda konsullik qabuliga kirish uchun navbatga yozilib qo‘yishlari mumkin.

Joriy yil mart oyidan boshlab, yuqorida aytib o‘tilgan «consul.mfa.uz» portalida hamyurtlarimiz uchun onlayn-maslahat servisi ish ko‘rsatmoqda. Mazkur servis orqali berilgan savollarga Konsullik boshqarmasi tarkibida maxsus yaratilgan guruhning vakolatli xodimlari javob beradilar. Hozirgi kungacha 250 dan ortiq murojaatchilar bu onlayn-rejimda o‘z savollariga javob olishdi.

5-iyul kuni o‘tkazish rejalashtirilgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining hamyurtlarimiz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti doirasida kelib tushgan takliflarga binoan TIV o‘z yurtdoshlariga va xorijliklarga interaktiv xizmat ko‘rsatish texnologiyalarini mukammallashtirib borish jarayonini davom etdirmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq