Rejali tekshiruv qachon o‘tkaziladi?
27.06.2017
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Korxona rahbarlari va buxgalterlarini «Rejali tekshiruv qachon bo‘lib o‘tadi?» degan savol qiziqtiradi. Bu tabiiy, albatta. Quyida shu haqda tushuntirish berib o‘tamiz.

Tekshirishlar reja-jadvali – bu nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tomonidan tasdiqlangan, xo‘jalik yurituvchi subyektlar – yuridik shaxslar faoliyatini tekshirish bo‘yicha yillik tekshirishlar reja-jadvali bo‘lib, u quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi:

kalendar yili mobaynida rejali tekshiruv o‘tkaziladigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarining ro‘yxati, tekshiruvda ishtirok etadigan nazorat qiluvchi organlar (nazorat qiluvchi organning tarkibiy tuzilmasi ko‘rsatilgan holda) ro‘yxati, rejali tekshiruv o‘tkaziladigan davr.

Eslatib o‘tamiz, ushbu ma’lumotni my.soliq.uz elektron soliq xizmatlari portalida ko‘rsatiladigan «Tekshirishlar reja-jadvalidan ko‘chirmalar» interaktiv xizmatidan («Axborot xizmatlar» bo‘limi) foydalangan holda olish mumkin.

Shuningdek, ushbu xizmatdan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali («Tadbirkorlik» bo‘limi) hamda tekshirishlar.uz nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining saytiga («Interaktiv xizmatlar» bo‘limi) murojaat etgan holda foydalanish mumkin.

Yuqoridagi xizmatlar orqali undan foydalanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektning yillik tekshirishlar reja-jadvaliga kiritilgan yoki kiritilmaganligi haqida ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin.

Agar, subyekt tekshirishlar reja-jadvaliga kiritilgan bo‘lsa, ekranda nazorat qiluvchi organlar ro‘yxati va tekshiruv o‘tkazish muddatlari ko‘rinadi. Tegishli ma’lumotga ega bo‘lish uchun tekshiriladigan subyektning (yuridik shaxsning) STIRini hamda ekranda ko‘ringan tegishli rasmdagi to‘rtta raqamni kiritish kifoya. Bunda raqamni aniqlash imkoniyati bo‘lmasa, ekrandagi tegishli ko‘rsatkich orqali raqamni yangilab, uni aniqlash mumkin.

Mazkur xizmat o‘tkazilishi mo‘ljallangan rejali tekshiruv to‘g‘risida ma’lumot olishni ta’minlash, tegishli javobni onlayn rejimida olish, ma’lumotning telefon orqali va qog‘ozda berilishini qisqartirish, noqonuniy tekshiruvlarga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, subyektlarni tekshirish to‘g‘risidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarning oldini olish maqsadlarida ko‘rsatiladi.

Eslatib o‘tamiz, tekshirishlar reja-jadvalidan ko‘chirmalarni olish uchun elektron raqamli imzo talab etilmaydi, ushbu ma’lumot bepul taqdim etiladi.

Bu borada soliq to‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan «Soliq» mobil ilovasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu ilova orqali taklif etiladigan xizmatlar tarkibida «Tekshirishlar reja-jadvali» xizmati ham mavjud. U orqali tegishli ma’lumotga ega bo‘lish uchun subyektning STIRini kiritish yetarli. Bunda tekshiruv rejalashtirilmaganligi yoki agar ushbu subyekt tegishli yilning tekshirishlar reja-jadvaliga kiritilgan bo‘lsa, nazorat qiluvchi organlar ro‘yxati va tekshiruv muddatlari to‘g‘risidagi xabar ko‘rinadi.

Tekshirishlar reja-jadvali tasdiqlanganidan so‘ng, dekabr oyining boshida portalda joylashtiriladi. Bunda e’tiboringizni shunga qaratamizki, yil davomida, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qarori asosida, nazorat qiluvchi organlar va tadbirkorlik subyektlari murojaatlariga ko‘ra, tekshirishlar reja-jadvaliga rejali tekshiruv muddatini o‘zgartirish, tekshirishlar reja-jadvaliga subyektni, nazorat qiluvchi organni kiritish, reja-jadvaldan tegishli tekshiruvni butunlay chiqarib tashlash yoki ayrim nazorat qiluvchi organlar ishtirokini bekor qilish bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Shu munosabat bilan tadbirkorlik subyekti vakillariga ushbu xizmatdan tez-tez foydalanib turishni tavsiya etamiz.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq