IUT talabalari Janubiy Koreyada tahsil oladilar
24.06.2017
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) birinchi marotaba 100 nafarga yaqin to‘rtinchi bosqich talabalarini tahsil olishni davom ettirishlari uchun Janubiy Koreyaga yubordi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Janubiy Koreyadagi Inha universiteti 2018-yilga qadar IUT talabalarini bir akademik yil davomida Inchxonda tahsil olishlari loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar, ya’ni, IUT talabalari bir akademik yil davomida Koreya Respublikasidagi yetakchi universitetlardan birida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Kelishuvga binoan, 2017-yil 23-iyun kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti “Kompyuter va dasturiy injiniring” fakultetining 99 nafar talabalari Janubiy Koreyadagi Inha universitetida tahsil olishni davom ettirish maqsadida Janubiy Koreyaga uchib ketdilar.

IUT talabalari Janubiy Koreyadagi Inha universitetidagi o‘z tahsillarini 2017-yilning 28-iyun kuni boshlaydilar. Ta’lim olish jarayoni davomida ular mamlakatning diqqatga sazovar joylari hamda koreys xalqining madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Talabalar O‘zbekistonga 2017-yil dekabr oyining oxirlarida qaytib keladilar.

Toshkent shahridagi Inha universiteti ma’muriyati talabalarning Janubiy Koreyada tahsil olishlarini tashkillashtirish borasida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, universitet xodimlari talabalariga viza olish hamda logistik-tashkiliy masalalarni hal qilishda yaqindan ko‘mak berdi.

21-iyun kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida Janubiy Koreyaga otlanayotgan talabalarga “Oq yo‘l” tilash marosimi bo‘lib o‘tdi. IUT Rektori Sarvar Babaxodjayev, talabalarni qutlab, Janubiy Koreyadagi o‘qishlarida omad tiladi. U shuningdek, IUT talabalari o‘z bilimlarini to‘liq namoyish etib, O‘zbekistonning munosib farzandi ekanliklarini namoyish qilishlari zarurligini qayd etdi.

Tadbir davomida 2016-2017 o‘quv yilining ikkinchi semestri yakunlariga ko‘ra akademik grant egalari taqdirlandilar.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahridagi Inha universiteti har bir semestr yakunlariga ko‘ra, har bir kursdan yakuniy imtihonlarda yuqori ball to‘plagan hamda o‘qish jarayonida o‘zlarini ijobiy tomondan ko‘rsatgan 10 nafar eng yaxshilarini aniqlaydi. Bu talabalar bir semestr uchun o‘qish pulini to‘lashdan 100 foiz yoki qisman ozod qilinadilar.

Tadbir davomida IUT Rektori Sarvar Babaxodjayev  akademik grant olgan Azamat Abduazimov, Bunyodbek Ibrohimov, Farrux Hamidov va Umar Xoldarbekovlarga sertifikat topshirdi. Ularning barchasi kelasi semestr uchun to‘lov pulidan 100 foiz ozod qilinadilar.

Sherzod Elamanov, Muhammadjon Toshpo‘latov, Hikmatillo To‘lqinbekov, Ne’matjon Narziyev, Ahrorjon Aliyev va Javohir Nazarovlar bir semestr uchun o‘qish pulini to‘lashdan qisman ozod qilindilar.

Manba: press-reliz

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq