Samarqand davlat chet tillar institutida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlangan “Smart Classroom” o’quv auditoriyasi ochildi
06.06.2017
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Joriy yilning 17 may kuni Samarqand davlat chet tillar instiutida ZTE shirkati hamkorligida 190 966 146,00 sum qiymatga ega bo‘lgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlangan “Smart Classroom” (“Intellektual sinf”) o‘quv auditorisining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur “Smart Classroom” o‘quv auditoriyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2909-son Qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.

“Intellektual sinf” yigirma yettita planshet, qo‘lda boshqariluvchi sensorli monitor-televizor, Wi-Fi qurilmalari, kompyuterlar va boshqa elektron moslamalar bilan jihozlangan bo‘lib, ular dars samaradorligini oshirishda yordam beradi. Mazkur auditoriyada professor-o‘qituvchi bir vaqtning o‘zida talabalarga individual tarzda vazifalar berishi, ularning darsga yondashuvi, vazifani qay darajada bajarayotgani, muhimi, bilimini baholash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu “Intellektual sinf” elektron ta’limga oid katta tizim modullaridan biri hisoblanadi.

“Intellektual ta’lim” hamda “Intellektual sinf” tizimi bilimlarni bir tomonlama singdirishdan voz kechib, shaxsga yo‘naltirilgan tadqiqotga asoslangan ta’limga o‘tish imkonini beradi, bu esa talabalar va o‘qituvchilarni ilhomlantiradi. Har bir talaba faoliyatini yanada batafsil tahlil qilish, ularning qobiliyatlarini aniqlash imkonini beradi. Mazkur “Smart Classroom” talabalarga fanlarni yanada chuqurroq o‘rganishga imkon yaratadi. Har bir o‘tilgan dars serverga yoziladi va o‘rganuvchilarga o‘tilgan darslarni uyda kompyuter, planshet yoki telefonda takrorlash imkonini beradi. Bunda vaqt tejalishi bilan bir qatorda dars ishlanmalarini qaytadan jonlantirish imkoniyati yaratiladi. O‘qituvchi planshetlarga o‘rnatilgan “E-test” tizimidan foydalanib talabalarning vazifalarini darhol tekshirish va bilimlarini munosib baholash imkoniga ega bo‘ladi. Auditoriyada ko‘rgazmali vositalardan nusxa olib, elektron shaklda talabalarning pochta manziliga yuborish, monitorga yozilgan yozuvlarni xotirada saqlab qo‘yish, dars jarayonini foto va videoga olish imkoniyati yaratilgan. Ota-onalarga ham farzandlarining o‘qish jarayonini tekshira olish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, ushbu sinfdan xorijiy hamkor universitetlardagi professorlar bilan bog‘lanish, ular ishtirokida mahorat darslarini tashkil qilish, ularni real vaqt davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn translyasiya qilish maqsadida ham foydalanish mumkin.

“Smart Classroom” o‘quv auditoriyasining ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o‘rinbosari, Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qumitasi Bosh kotibi Van Chen boshchiligidagi 16 kishidan iborat delegasiya a’zolari hamda XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Lisze va elchixona vakillari hamda Samarqand viloyati hokimligi vakillari ham ishtirok etishdi.

Tadbirda ZTE kompaniyasi direktori Bi Peng Song hamda Samarqand davlat chet tillar instiuti rektori I.Tuxtasinov nutq so‘zladi. ZTE kompaniyasi direktori SamDChTI rektoriga “Smart Classroom” o‘quv auditoriyasining ramziy kalitini topshirdi.

Institutning xitoy tili yo‘nalishi talabalari hamda SamDChTI qoshidagi Konfusiy instituti tinglovchilari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar va sahna ko‘rinishlari tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi.

XXR delegasiyasi a’zolari institut faoliyati, institutda mavjud til va madaniyat markazlari hamda Shanxay xorijiy tillar universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti hamkorligida tashkil etilgan SamDChTI qoshida Konfutsiy Instituti bilan yaqindan tanishtirildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq