Qadimgi axborot uzatish usullari
03.06.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

Zamonaviy inson bugungi kunda axborot uzatishi uchun juda ko‘p imkoniyatlar mavjud, masalan, axborot uzatuvchi vositalar: mobil telefonlari, ratsiya, kompyuter, Internetga ulangan qurilmalar shular jumlasidandir.

Hozirgi davrda bunday imkoniyatlar yordamida bir kecha-kunduz mobaynida terabaytlab hajmda axborotlar uzatilmoqda. Qadimda esa axborotlar uzatish maqsadida tarixiy davrlarga monand turli usullarni kashf etishlariga to‘g‘ri kelgan. Masalan, toshlarga yo‘l ko‘rsatkich belgilari kabi ishoralar bitilgan. Temir tunukachalardan ko‘zgu kabi quyosh nurini aks ettirish orqali uzoq masofalarga axborot uzatilgan, biroq bu usul faqat quyoshli kunlarda va juda qadim zamonlardagina qo’llanilgan. Daraxtlarni kesish yoki ularga biror belgi boglash orqali ham axborot uzatganlar. Qadimgi zamonlardan boshlab yorug’lik va ovoz insonlar uchun ma’lumotni uzoq masofalarga uzatish vositasi bo‘lib kelgan.

Qadimda odamlar uzoq masofalardan turib, bir-birlariga axborot uzatish maqsadida turli usullardan foydalanganlar. Dastlabki odamlar bir-birlari bilan tovushlar orqali muloqot qilganliklari tarixdan ma’lum. U davrlarda axborot uzatishga ko‘p ehtiyoj sezmagan bo‘lsalar, ming yilliklar davrida odamlar o‘rtasida muloqot qilish, uzoq masofalarga axborot uzatish ehtiyoji ham ortib borgan. Ko‘plab xalqlar tarixidan ma’lumki, shunday davrlarga kelib, axborot uzatish vazifasini maxsus tayyorlangan odamlar amalga oshirganlar, ularni choparlar, xabarchilar deb ataganlar. Biroq inson harakati bilan yetkazib bo‘lmaydigan shoshilinch xabarni boshqa usullar orqali ham uzatganlar, ya’ni bir necha kilometr uzoqlikdagi masofalardan ham ilg‘ab olish mumkin bo‘lgan maxsus gulxan yoqishdan juda ko‘p foydalanganliklari haqida tarixiy asarlar, filmlar orqali xabardormiz.

Davrlar o‘tgan sayin odamlarda keyingi avlodga xotiralar, tarixiy axborotlarni tashuvchi vositalarga ham talab ortib borgan. Yozuv paydo bo‘lgunga qadar axborot uzatishda turli qiziqarli usullardan foydalanganliklari ham ma’lum. Yozuv yuzaga kelishi bilan maktublar orqali axborot almashilgan, biroq ungacha bo‘lgan davrda axborot uzatishda turli boshqa usullardan foydalanganlar, quyida ulardan ayrimlari haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Masalan, Afrika va Amerikaning tub aholisi axborot uzatish maqsadlarida baraban va barabansimon moslamalardan foydalanganlar. Barabanlar shovqini ko‘p narsa va hodisa­lardan (masalan, xavf-xatar yaqinlash­ganligini, kemalar suzib kelayotganligini, ov omadli o‘tganligi va boshqalar haqida ma’lumot uzatib) odamlarni xabardor qilgan. Baraban tamtamidek bir maromdagi tovushlar shovqini yordamida, masalan, qabilalar qit’ani o‘rganish uchun kelgan begona odamlar, ya’ni ekspiditsiya tashrif buyurgani haqida bir-birlarini ogohlantirganlar. Mazkur usuldan hatto hozirgi davrlarga qadar ham foydalanilishi ma’lum. Misol uchun, Afrika xalqlari zamonaviy aloqa vositalari va imkoniyatlariga ega bo‘lsa­larda, ular uchun barabanlar o‘z ahamiya­tini yoqotmagan.

Ovoz orqali ma’lumot uzatish usullaridan yana biri — bu insonlardan jonli tovushlar bilan bir-biriga eshitiladigan darajada qator turib, axborot uzatishdir. Bu usul haqida qadimgi Rim davlat va siyosiy arbobi, lashkarboshi, adib, Yuliy Sezar (miloddan oldingi 100–44 yillar) xatlarida qu­yidagilar bayon etilgan: «Muhim voqea sodir bo‘lganda, odamlar bu haqida qattiq qichqiriq orqali bir-birlariga xabar beradilar, ular esa xuddi shunday tarzda uzoqroq­dagi­larga yetkazadilar».

Qadimdan ma’lumki, ma’lumot uzatishda eng ko‘p qo‘llanilgan vosita sifatida gul­xandan foydalanilgan. Axborot uzatishda yorug‘ shu’lasidan foydalanilganligi haqida uch ming yillik afsonalarda ham ma’lu­motlar mavjud. Afsonalardan birida Troyaning qulashi haqidagi xabar Troyadagi greklarning yo‘lboshchisi Agamenonning rafiqasi Klitemnestrga tog‘ning tepasida yoqilgan gulxan orqali shu kechaning o‘zidayoq yetkazilganligi bayon etilgan.

Mashhur yunon tarixchisi Polibey (tax­minan, meloddan avvalgi 201–120 yillar) qalamiga mansub «Umumiy tarix» asarining o‘ninchi jildi xabar uzatish (signalizatsiya) mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ma’lu­motlarni uzatuvchi kuchli olovli gulxan­lardan foydalanilganligi haqida ma’lumot berilgan: «Ilgarigi zamonlarda axborot uzatish usullari hali yetarli darajada takomil­lashmagandi. Gulxan orqali xabar berishdan avvalgi davrlarda, bu maqsadda muayyan, oldindan kelishilgan belgilardan foydalanganlar».

Tarixchi Polibeyning o‘zi ham qo‘mon­don bo‘lgan. Shu sababli ham tarixiy asarida harbiy ishga katta ahamiyat bergan. Masalan, uning kitobida, bu borada shunday hikoya qilinadi: «Kleoksen va Demoklit tomonidan ixtiro qilingan oxirgi usulni biz takomillashtirdik. Endi u o‘ta aniqligi bilan farq qilib, barcha zarur hodisalar haqida ma’lumot bera oladi, ammo uni amalga oshirish uchun katta diqqat-e’tibor talab etiladi». Tarixchi bu haqda, jumladan, qu­yidagicha fikrlarni bayon etgan: «Alifbodagi barcha harflarni 5 qismga bo‘lib chiqib, har birida 5tadan harfli belgilar alohida qilib, yoziladi. So‘ng ikki tomon o‘zaro kelishadilar. Ma’lumot beradigan tomon birinchi bo‘lib, bir emas, ikki mayoqni bir vaqtda qo‘llarida baland ko‘taradi hamda ikkinchi tomon javob qaytarmaguniga qadar tushurmaydi.

Bunday qilishdan maqsad bir-birlariga hamma narsa tayyorligidan ogohlanti­rishdir. So‘ng ma’lumot uzatuvchi tomon qaysi harflarga qarash kerakligini ko‘rsatish maqsadida chap tomondan boshqa ma­yoqlarni ko‘taradi. Masalan: agar bitta ma­yoq ko‘tarilgan bo‘lsa — birinchi harfli ma’lumotlar belgisiga, ikkita bo‘lsa — ikkinchi­siga ishora sifatida tushunadilar va shu tarzda davom ettiradilar. Xuddi shunday o‘ng tomondan mayoqlarni ko‘ta­rib, yuzadagi qaysi harfni tanlash kerakli­giga ishora qila­dilar.

Har ikki tomon ham ikki taraflama ko‘rish moslamasiga ega bo‘lishi kerak, bir tarafidan, o‘ng tomonni, ikkinchisidan esa, chapni ko‘rish mumkin bo‘lishi zarur. Uning yon tomonida esa inson bo‘yi va o‘nta tirsak balandligidagi to‘siqlar bo‘lishi kerak. Shunday bo‘lsa, mayoqlar ko‘tarilganda yaqqol ajratilib ko‘rinib turadi va tushurilganda esa batamom berkiladi».

Xulosa qilib aytganda, axborotlarni uzatishning bunday: barabanlar, ovoz, mayoq yoki gulxan orqali uzatish usullari kichik tezlikda bo‘lsa ham, aslida, o‘sha davr uchun munosib, aloqa tizimi vazifasini bajargan.

Muallif: Mohira Abdullayeva, TIU o‘qituvchisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq