Ma’lumot uzatish tarmoqlari: kecha, bugun, ertaga (I-qism)
03.06.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Ma’lumki, tarmoqlarni yaratish bo‘yicha izlanishlar Koliforniya shtatidagi Santa-Monika shahrida mashhur “Fikrlar fabrikasi” deb ataluvchi, Amerika notijorat tashkiloti hisoblangan Rand Carporation tomonidan olib borilgan. Rand korporatsiyasi harbiy tadqiqot markazi sifatida yaratilgan. Kompaniyada ishlagan tadqiqotchilardan 32 nafari nobel mukofoti laureatlari bo‘lgan.

Dastlab, aloqa kanallari harbiy sohada juda muhim bo‘lgan­ligi, tadqiqotchilar mintaqalar o‘rtasida turli maqsadlar­da muhim axborotlarni uzatish uchun ishonchli va tezkor aloqa kanallari zarurligi sababli bu sohada jiddiy shug‘ullana bosh­laganlar.


Donald Devis kompyuter tarmoqlarida paketli kommuta­tsiyani yaratuvchilaridan biri. «Paket» terminini kiritdi.


Pol Beran Internetning rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan. Paketlar kommutatsiyasining deytagramma rejimini yaratgan. Aleksandr Grem Bell nomidagi oltin medal va texnologiya va innovatsiya sohasida milliy unvon bilan taqdirlangan. 2008-yilda Beran texnologiyaning rivojlanishiga qo‘shgan hissasi uchun AQSH ning nufuzli unvoni bilan taqdirlangan (5).


Leonard Kleynrok «Tarmoq paketi» tushunchasini kiritgan. Taxminan o‘sha vaqtlarda Donald Devis va Pol Beranlar ham Leonard Kleynrokka bog‘liq bo‘lmagan holda «Tarmoq paketi» ustida ish olib borayotgan edilar (2). Ayrim manbalarda Leonard Kleynrok paketli kommutatsiyaning asoschisi (3) deb ko‘rsatilgan. Bu tortishuvli mavzu bo‘lganligi sababli bu haqda to‘xtalmaymiz.


Paketli kommutatsiyaning virtual kanal rejimi


Paketli kommutatsiyaning deytagramma rejimi

Ular endi «Kibernetika» olamiga kirib kelayotgan mutaxassislarni (masalan: mashhur olimlar Jon fon Neyman va Richard Ballman va boshqa aloqachi-muhandislarni) hamkorlikda ishlashga taklif qiladilar. Aloqachilar orasida Pol Beran (Paul Baran) bo‘lib, uning g‘oyasi o‘sha vaqtda «estafeta bo‘ylab» axborot uzatilganda tarmoqdagi bitta tugunni ishdan chiqish muammosini hal etish uchun tarmoqni chiziqli ketma-ketlikda ulash emas, balki tarmoq tugunlari ko‘p ulanishli bo‘lishi kerakligi g‘oyasini ilgari suradi. Ko‘p ulanish — tarmoqdagi har bir tugun faqat ikkita qo‘shni bilan ula­nishi emas, balki ko‘proq tugunlar bilan ulanishi kerakligini aytadi. Olimlar o‘sha yerning o‘zida bunday tarmoqning matematik modelini tuzadilar va har bir tugun uchta «qo‘shni» bilan ulansa, bunday tarmoqning yashovchanligi ikki marta ortishini, agar to‘rtta bilan ulansa, tarmoqda 50 foiz tugunlar ishlamasa ham tarmoqning ishlashini bildiradi. Xuddi shu fikr katta o‘zgarishlarga olib keladi.

Pol Beran axborotni darhol va butunligicha jo‘natmaslik kerak deb hisoblaydi, chunki aloqa kanalida uning yo‘qolish ehtimoli mavjud (masalan, aloqa tuguniga qachon raketa kelib urilishini hech kim bilmaydi). Shuning uchun ajoyib fikr tug‘ildi. Axborotlarni qismlarga, paketlarga bo‘lib uzatish kerak. Dastlab axborotni kerakli qismi ketma-ket paketlarga bo‘linadi va paket bo‘lib uzatiladi. Qabul qi­luvchi tomonda paketlar qaytadan yig‘iladi. Agar qaysidir bo‘lak yo‘qolgan bo‘lsa, axborotning butun massivi emas, balki faqat shu bo‘lakni qaytadan uzatish so‘raladi. Bu esa ishonchlilikka va hara­katlarni iqtisod qilishga olib keladi. G‘oya va uning matematik modeli ro‘yxatdan o‘tsa, uni faqatgina «temir»da amalga oshirish jarayonigina qoladi. Shunday qilib, o‘tgan asr 60-yillarining oxirida DARPA loyihasi paydo bo‘ldi. Bu vaqtga kelib, «Tarmoq qanday quriladi» rejasi tayyor edi. Reja juda yaxshi tuzilgan, biroq muammolar, ya’ni tushunarsiz joylar ko‘p, tadqiq qilinmagan, hisoblanmagan va ta­yanch qo‘llab-quvvatlovchi texnologiyalar yo‘q edi. O‘sha vaqtda anologdan raqamliga o‘tishning modulyatsiya signali boshlang‘ich holatda, elementli elektron baza juda sekin ishlar va katta energiya talab qilardi. Shu sababli tuzilgan reja ma’lumotlar uzatish jarayo­nini quyidagi:

  1. Fizik uzatish muhiti (RAND kompaniyasi radiotarmoq uchun jarayonlarni tadqiq qilgan);
  2. Muhitda kanallarni tashkil etish;
  3. Ko‘p kanallar ichida uzatish mashrutini hisoblash;
  4. Marshrut bo‘ylab uzatilayotgan marshrutdagi ma’lumotlar;
  5. Ma’lumotlarni va amaliy tarmoq ilovalarini izohlash pog‘ona­lariga bo‘lishga qaratildi.

Bu hech narsani eslatmayaptimi? Albatta bu — OSI Open Systems Interconnection edi. U kechroq «Open Systems Interconnection basic reference model — ochiq tizimlarning o‘zaro bog‘lanish etalon modeli» deb nomlangan hujjat ro‘yxatdan o‘tkaziladi. 1978-yilda u OSI /ISO (GOST R ISO/МЭК 7498-1-99) tarmoq protokollari stekining tarmoq modeli hisoblandi. Modelning maqsadi har bir pog‘onada hozirda mavjud yoki mavjud bo‘lmagan har xil texnologiyalar ishlashiga qaratilgan. Shu sababli tarmoqda yangi texnologiyalar «bir-biriga bog‘langan» pog‘onalarni to‘liq qayta ish­lamasligi mumkin. OSI modelining arxitektorlar guruhi Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSHning kompyuter-telekom sanoati vakillaridan iborat edi. Ularning yordamida qisqa muddatda ochiq ti­zimlarning to‘liq ishlashiga erishildi. Qaysidir vaqtgacha OSI to‘g‘ri bo‘lib ko‘rindi. Butun yer yuzi bo‘ylab minglab texnika siyosatchilari va muhandislari OSI standartlarini yaratish bo‘yicha katta hissa­larini qo‘shdilar va u kimga kerak bo‘lsa, barcha uni qo‘llab-quvvatladi. Bular kompyuter va telekommunikatsiya kompaniyalari, xalqaro standartlarni ishlab-chiqaruvchi qo‘mitalar va davlatning milliy boshqarmalari edi. 1980-yillarning o‘rtalarida shubhasiz yutuq OSI standartlarini qabul qilishdan boshqa yo‘l yo‘qligini ko‘rsatdi. O‘tgan asr 90-yillarning oxirlariga kelib, OSI loyihasi unutila boshlandi. Nima sababdan? Sababi arzon va moslashuvchan bo‘lgan va kam ta’riflangan alternativ Transmission Control Protocol / Internet Protocol (TCP/IP) borligi bo‘ldi. OSI loyihasi darz ketganda (bu rasman 1996-yilda bo‘lgan) Internetning asosiy g‘oyachilaridan biri Eynar Stefferrud (Einar Stefferud) «OSI is a beautiful dream, and TCP/IP is living it», ya’ni «OSI modeli qanday chiroyli orzu, TCP/IP esa barchasidan yashovchandir» degan edi.

1960-yilda raqamli texnikaning tarixi boshlanadi. O‘sha paytlar kompyuter aloqasining raqamli tizimi kuchli boshlang‘ich holatda edi va hukumatning ilmiy-tadqiqot dasturlari minglab mutaxassislarning intensiv, keng miqyosdagi tadqiqotining predmeti hisoblanar edi. Ularning ichida istiqbolli loyihalardan biri hammaga ma’lum «paketli kommutatsiya» edi. Bu konsepsiyaning muallifi — RAND kompaniyasining a’zosi Pol Beran edi, lekin bu mavzuda, parallel ravishda, Angliyada milliy fizika laboratoriyasi olimi Donald Devis ham ish olib borayotgan edi. Paketlar kommutatsiyasidan kanallar kommutatsiyasining farqini ta’riflab o‘tirmaymiz. Elektr aloqa, telegrafdan boshlab yuz yillik tarixiga hamma o‘rgangan kanallar kommutatsiyasiga qaraganda, paketlar kommutatsiyasi ishonchli va samarali ishlashiga Beran va Devislar ishonar edilar.

DARPA-istiqbolli tadqiqotlar va mudofaa loyihalari agentligi­ning homiyligi evaziga tadqiqotchilar birinchi bo‘lib, amaliy natijaga erishdilar va ARPANET deb nomlangan birinchi paketli kommutatsiya tarmog‘ini yaratdilar. 1969-yilda Kaliforniya shtati hududlarida bir shahardan boshqasiga bir nechta harflarni uzatish mumkin edi. Ko‘plab tashkilotlar birinchi navbatda, gigant IBM kompaniyasi, telefon monopoliyachisi AT&T kompaniyasi Yevropa telefonchilari bilan birgalikda bu g‘oyani ma’qulladilar va ularda paketli kommutatsiya tarmog‘i doirasida shaxsiy manfaatga qaratilgan rejalar paydo bo‘ldi. Hozirgi kunda ham to‘liq moslashgan raqamli ma’lumot uzatish tarmoqlarida AT&T kompaniyasi tarmoqda investitsiyalarni va daromadlarni himoyalash maqsadida, baytlarni uzatish huquqini monopoliyalashtirish bo‘yicha fikr va g‘oyalarga ega. Shunday qilib, katta o‘yinning natijasi buyurtmachilar bilan IBM va telefon monopoliyachilari «kanal kommutatsiyasi» sxemasini texnik va tashkiliy jarayonlarini imitatsiya qiluvchi «virtual kanal»ni ichiga joylashuvchi «paketlar kommutatsiyasi» g‘oyasini ilgari surdilar.

Bu g‘oya atrofida ko‘plab tajribali mutaxassislar shug‘ullandilar. Ularning fikriga ko‘ra, bu yagona variant edi, biroq hali ishlab chiqilmagan elektrik va boshqa fizik interfeyslar bo‘yicha savollar tug‘ila boshladi. Bu yo‘nalishda standartlarni yaratish Xalqaro tarmoqlar (INWG-) bo‘yicha ishchi guruh tashkil topishi bilan 1972-yildan boshlandi. Bu guruhning birinchi raisi Vint Serf edi. Bu guruhning boshqa vakillari Aleks Makkenzi AQSH, Donald Devis va Rodjer Skantlebyuri Buyuk Britaniya, Lui Puzen va Xubert Simmerman (Hubert Zimmermann) Fransiyadan edilar. INWGning maqsadi Lui Puzen ishlab chiqqan «deytagramm-stayl» paketli kommutatsiyasini rivojlantirish bo‘ldi. Deytagramm bog‘lanishning ahamiyati, bunda aloqa o‘rnatilishida uzatuvchi va qabul qiluvchi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa yo‘q. Ma’lumotlar oddiy paketlar ko‘rinishda ketma-ket uzatiladi va aniq bir paketni yetkazib berishda hech qanday kafolat yo‘q. Agar paket yo‘qolsa, faqat yo‘qolgan paket qayta yuboriladi.

Bu taklif IBM va telekommunikatsiya monopoliyachilari ilgari surgan virtual kanal orqali aloqani o‘rnatish usuli bilan solishtirilganda ajoyib edi. INWG a’zolari kanallar kommutatsiyasini va deytagramm tarmog‘ini qanday o‘lchash yo‘llarni aniqlash maqsadida «an’anaviy telefonchilar» bilan doimiy ravishda, uchrashar va fikr almashar edilar. Necha yillik tortishuvlar va munozalardan so‘ng oxir-oqibat kelishuvga erishildi. 1975-yil Serf va Puzen o‘zlarining takliflarini xalqaro telefon va telegraf maslahat qo‘mitasi (hammaga ma’lum Fransuzcha akronim-CCITT)ga taqdim etdilar. …o‘sha yerda taklif berilgan standartlar rad etildi. Maxsus bo‘limning tavsiflanishi noaniq bo‘lganligi uchun «bunday hech kim qilmagan», «ekspluatatsiya qilish malakasi yo‘q» va boshqa so‘zlar aytiladi. Puzen shunda hazillashadi «ITU-CCITT ning qari shaxzodalari paketli kommutatsiyaga qarshi emas, lekin kanal kommutatsiyasiga aniq o‘xshaydiku, deb hisoblaydilar» deydi. Yig‘ilish so‘nggida Serf «Xalqaro elektraloqa ittifoqi»ning eshigini qattiq yopadi. Stenforddan bo‘shaydi va Koliforniyaga ketadi. ARPANET ustida ishlaydi. ARPANETdan keyin TCP/IP paydo bo‘ladi. Puzen ham uzoq ishlamadi. «Jozibador beshlik» INWG tarqaldi.

Shu bilan xalqaro telekom-kompyuter jamiyati to‘xtab qolmadi. 1977-yil bu ishni Britaniya kompyuter sanoati oldi va paketli kommutatsiya tizimini standartlashtirish bo‘yicha navbatdagi qo‘mitani tuzish kerakligini taklif qiladilar. Bu safar xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) bo‘ldi. CCITTdan ISOning farqi, ISO telekommunikatsiya bilan hech qachon aniq ishlamagan. Bu shunchaki, hamma ishlar bo‘yicha xalqaro standartlashtirishning byurokratik idorasi edi. Shuningdek, CCITT dan farqi ISO ga, u kommutatsiya kanalimi yoki boshqasimi farqi yo‘q edi. Faqat kanal kommutatsiyasida kerakli standartlarni yaratish ehtimolligi ko‘p edi. Britaniyaliklarning taklifini AQSH va Fransiya qo‘llab-quvvatladi. Britaniyalik olimlardan biri «Bu standartlar fan va texnika­ning rivojlanishiga qaraganda, foyda va zarar to‘g‘risidagi hisoblarga ko‘p g‘amxo‘rliklar qiladigan monopoliyachilar tomonidan yaratilgan, o‘zining «yopiq arxitekturasi» tufayli hech nima bilan bog‘lanmaydigan avto­nom rejimda ishlovchi alternativ an’anaviy hisoblash tarmog‘ini o‘zida mujassamlashtirgan» deydi. Umuman ochiq arxitektura haqiqatda kerak edi. Tarmoq kundan-kunga kattalashib borardi. Tarmoqlar o‘rtasida moslashtirish murakkab bo‘lib qolaverdi. Voqealar zanjirini tushunish uchun quyida xronologik ketma-ketliklarni qo‘yish kerak:

  • 1974-yil IBM paketli kommutatsiya tarmog‘ida birinchi korporativ protokollar Systems Network Architekture ishlab chiqdi.
  • 1975-yil INWG paketli tarmoq bo‘yicha CCITT ga taklif kiritdi va bu taklif rad etildi. Serf INWG ni tark etdi.
  • 1976-yil CCITT «virtual kanal»ni ishlatuvchi paketli kommutatsiya uchun standart X-25 tavsiyanomasini nashr qildi.
  • 1977-yil OSI «Open Systems Interconnection» (ochiq tizimlar­ning o‘zaro bog‘lanishi) xalqaro standartlar tashkilotida «tarmoq modeli» bo‘yicha qo‘mita yaratildi.
  • 1978-yil (28.02.–2.03) OSI qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi, ya’ni Baxman modeli «xomaki varianti» qabul qilinadi.

Oxirgi uchrashuv esda qolarli bo‘ldi. O‘nta davlatning telekom bo‘yicha qo‘mitasining ishtirokchilari va to‘rtta davlatning kuza­tuvchilari OSI etalon modelini qat’iy qabul qilish qaroriga kelishdi. Bu esa loyihalashtirilayotgan tarmoqning har xil qismlarida ishlarni taqsimlashga va boshqa tashkilotlarning bajarilgan ishlarining bir qismini o‘rganib olishga yordam beradi. Eng muhimi bunday model IBM (bu o‘sha vaqtda 90 % «jiddiy» kompyuter tizimi bozorini egallagan edi) va telefon kompaniyalariga o‘xshagan monopoliyachilarni rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi.

OSI qo‘mitasini qo‘llab-quvvatlovchi hal qiluvchi kompaniya telekom-sanoatidan uzoq bo‘lgan General Motors (GM) bo‘ldi. GMning AQSHda balki Yevropada joylashgan o‘nlab zavodlari va yuzlab mol yetkazib beruvchilari birinchi bo‘lib, ularning bizneslari ichki axborot tizimiga va ishlab chiqarishga tegishli bo‘lgan tezkor ma’lumotlarni uzatish tizimining sifatiga kuchli bog‘liq ekanligini his etdilar. Ularga telekom va kompyuter texnologiyalarining monopolistlari yoqmas edi. Bu bozorda raqobatning paydo bo‘lishi yanada sifatli xizmatlar va narxlarning tushishiga olib keldi. OSI tarmoq modelining standartining yakuniy hujjatlari ustida ishlash bir necha yilga uzaydi. 1982-yilda loyiha yana bir marta qayta ochildi. 1984-yil­da transport protokoli uchun elektron xabarlar (X.400), ma’lumot­nomalar va kataloglar va boshqa standartlar taqdim etildi. Umuman olganda, OSI butunligicha yoritib berilmadi. OSI modeli ortiqcha atributlarni to‘play boshladi. O‘sha vaqtdagi ilg‘or kompyu­ter kom­paniyalari, Digital Eguipment Gorp, Honeywell va IBMlar yangilik qilish uchun katta investitsiyalarni ajratdi.

Loyihaning bosh homiysi AQSH hukumati edi. 1985-yilda barchaga TCP/IP tarmog‘ini OSI ga o‘tkazish bo‘yicha tavsiya qilishga urinib ko‘rishgan. Keyin yana bir marta urinish 1988-yilda savdo vazirligi tomonidan bo‘lgan. 1990-yildan faqat OSI ni qo‘llab-quvvatlovchi tizimlarni sotib olishga buyruq chiqarildi. Buning uchun maxsus RFC 1169 ishlab chiqildi.

Yana muhim sanalar:

  • 1980-yil AQSH mudofaa vazirligi «Standards for the Internet Protocol and Transmission Control Protocol» standartini nashr qildi.
  • 1983-yil yanvar oyi AQSH mudofaa vazirligi ARPANETda TCP/IP dan foydalanishni rasmiy tasdiqladi va bu «Internetni tug‘ilgan kuni» hisoblanadi.
  • 1983-yil may ISO xalqaro standart sifatida «ISO 7498 ochiq tizimlar­ning o‘zaro bog‘lanishi uchun bazaviy etalon modeli» nashr etildi.
  • 1985-yil AQSHning milliy tadqiqot kengashi mudofaa vazirligiga bosqichma-bosqich TCP/IP dan OSI ga o‘tishni tavsiya qildi.
  • 1988-yil Amerikaning «kompyuter kommunikatsiya» bozori­ning daromadi 4,9 $ mlrd.dan ortdi.
  • 1980 yillarning oxiriga kelib, OSI standartlarining sifati va tez­ligidan qoniqmaslik o‘z chegarasiga yetdi.
  • 1988-yil AQSHning savdo vazirligi barcha davlat tashkilotlariga faqat OSI dan foydalanishni tavsiya qildi.
  • 1991-yil Tim Berners-Li WWW ilovasini izohini nashr qildi.
  • 1992-yil Internet-muhandislar IPv4ni almashtirish sifatida ISO ning tarmoq protokollarini rivojlantirishni rad qilishdi.
  • 1996-yil Internet-jamiyat IPv6 ni ishlab chiqdi.

Telefoniyadan ketgan Vint Serf va Robert Kanlar ISO ning yig‘ilishlariga bormas edilar. Ular TCP/IP ustida ish olib borardilar. Mudofaa vazirligi va yetakchi Amerika oliy ta’lim muassasalari bajonidil ularning barcha ishlanmalarini moliyalashtirishardi. Tadqiqotning barcha natijalari o‘sha yerda nashr qilinar va barcha uchun ochiq edi. TCP/IP yanada ommalashdi, chunki sodda edi. Internet-jamiyat OSI modelining ixtiyoriy texnik g‘oyasini ishlatishni oddiygina rad qildi. Bu voqea «Дворцовый пeрeворот» — «shoh saroyi qayta qurilishi» deb ataldi va bu voqea Massachusets shtatida 1992-yil iyul oyida Kembridjda bo‘ldi. Bu yig‘ilishda TCP/IP stegini yaratuvchilari, Vint Serf, Tim Bernere-Li va boshqa yetuk mutaxassislar ishtirok etishdi va shu yerning o‘zida ular Internet Enginee­ring Task Force jamiyatini tashkil etdilar.

Vent Serf TCP / IP protokolining asoschilaridan biri bo‘lib, DARPA dasturining direktori, 2005-yildan Google kompaniyasining vitse­prezidenti, Internet ishlashida domen nomlari, IP-manzillar va boshqa aspektlari bilan bog‘liq masalalarni tartibga soluvchi xal­qaro notijorat tashkiloti direktorlari kengashi (ICANN)ning raisi hisoblanadi. Texnologiya va innovatsiya yo‘nalishi bo‘yicha milliy medal, Tyuring mukofoti (Turing award) va Prezident Ozodlik medali (Pre­sidential Medal of Freedom) bilan taqdirlangan. Robert Kan TCP/IP protokolining asoschilaridan. Robert Kan Vint Serf bilan TCP/IP ma’lumot uzatish protokolini yaratish bilan birga, Internetning rivojlanishi sohasida uning tashabbusi bilan DARPA dasturiga asos solindi. Texnologiya va innovatsiya yo‘nalishi bo‘yicha milliy me­dal, Tyuring mukofoti (Turing award) va Prezident Ozodlik medali (Presidential Medal of Freedom) bilan taqdirlangan.

Yuzlab mutaxassislar ITU, CCITT va OSI qo‘mitasiga o‘zlari­ning fikrlarini aytishdi, ya’ni TCP/IP «butun jahon tarmog‘i»ning tuzilishi yaxshi natija berishi va ular o‘zlarining faoliyatlarida OSIni ishlatmaslikni tavsiya qildilar. Harakat yetakchilari Vint Serf va Kanlar biznes uchun TCP/IP ni ishlanmalari bilan shu­g‘ullanmadilar. Ularning ishlari davlat tomonidan moliyalashti­rildi, berilgan kodlari nashr qilindi. Oxir-oqibat asosiy tijorat fikri tug‘ildi: har kim bepul o‘zining internet-protokolini ishlatishi mumkin. O‘sha vaqtlarda Vendorlar tarmoq qurilmalarida OSI standartlarini ishlatishi uchun ISO standartlari guruhida hujjatlardan nusxalarni juda qimmat narxlarda sotib olishi kerak edi. 1990-yillarning o‘rtalarida Internet o‘zining TCP/IP stek protokoli kompyu­ter tarmoqlarini qurishda de-fakt standart bo‘ldi. OSIning muallif­lari qattiq jazolandi (4). IP-manzillarga izoh bermaymiz (1).

OSI qo‘mitasi ishini doimiy byurokratik jarayonlar «majburlovchi standartlar» tarixi sifatida qarash mumkin. Bu juda muhim va juda katta kamchilik edi. OSI da «ochiq» so‘zi haqiqatda protokollari, interfeyslari yopiq hisoblanadi. OSIning muvaffaqiyatlari; amaliyotda muammolarni o‘rganishda ilg‘or texnologik muammolarga qaratilgan bebaho tajribalar bo‘ldi. Agar g‘oyalar raqobati bo‘l­maganda, hech qanday yutuqlarga erishilmagan bo‘lardi. Cisco Systems kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yilda xalqaro mobil trafik 190 eksabaytgacha yetishishi, 2020-yilgacha qu­rilmalarning soni 50 milliarddan oshib ketishi ta’kidlanmoqda. Trafiklarni hajmining jadallik bilan o‘sishi va uning tuzilishining o‘zgarishi, geometrik progressiyada ortayotgan mobil va simsiz aloqa texnologiyalari foydalanuvchilarining soniga xizmat ko‘rsatishi kerakligi, katta ma’lumotlarni qayta ishlash uchun yuqori unumdor texnologiyalarni ishlab chiqish va bulutli xizmatlarni taqdim etish uchun virtual muhitni kengaytirish kabi muammolar tarmoq muhi­tiga jiddiy talablar qo‘yilishini ko‘rsatmoqda. Shu sababli hozirgi kundagi an’anaviy tarmoqlar juda ham statik bo‘lib, zamonaviy telekommunikatsiya bozorining o‘zgarib borishiga mos kelmaydi.

Mualliflar: Rustam Djurayev, TATU katta o‘qituvchisi Bahodir Umirzakov, TATU assistenti

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq