Audiovizual jurnalistika zamonaviy jamiyat madaniyatini namoyish etadi
03.06.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Axborotni saqlash uchun dastavval uning manbalarini qidirish, ma’lumotlar to‘plash va axborot shakliga keltirish zarur. Odatda, axborot turli xil nashrlarda, disklarda, plyonkalarda va kompyuter xotirasida saqlanadi.

Ma’lumki, axborotni qayta ishlash dastlab qog‘ozda, so‘ngra mexanik, elektr mashinalarda bajarilib kelingan. Hozirda esa, kom­pyuterlarda amalga oshirilmoqda. Axborotni qayta ishlash texnologik jarayon bo‘lib, ilmiy adabiyotlarda uning quyidagicha ta’rifi berilgan: Axborot texnologiyasi (AT) — obyekt, jarayon yoki hodisa (axborot mahsuloti)ning holati haqidagi yangi sifat axbo­rotlarini olish uchun ma’lumotlar, boshlang‘ich axborotni to‘p­lash, qayta ishlash hamda uzatish vosita va uslublaridan foyda­lanuvchi jarayondir.

Audiovizual texnologiyalar axborot texnologiyasining texnologik jarayoni bo‘lib, quyidagicha amalga oshiriladi: ma’lum bir turdagi axborotlar jamlanadi; qayta ishlanadi, ya’ni guruhlanadi, turlarga ajratiladi, agregatlashtiriladi va hisoblanadi; tayyor axborot mahsuloti olinadi va is’temolchilarga uzatiladi. Axborotni uzatish ham turli shakllarda amalga oshiriladi. Insonlar axborotning xabar shaklidan qadim zamonlardan boshlab foydalanib kelganlar. XIX asr boshlaridan fan va texnikaning yutuqlari asosida telegraf, telefon va radioning kashf etilishi shaharlararo axborotlar almashishga keng yo‘l ochib berdi. Hozirgi paytda u yoki bu soha bo‘yicha axborotlarni to‘plash, ishlov berish va uzatishning katta imkoniyatlari tug‘ildi. Shu bilan birga, axborotlarni uzatishda temir yo‘l va havo yo‘li transportlaridan foydalanib kelinmoqda. Telekommunikatsiya vositalariga telegraf, telefon, faks, radio, sun’iy yo‘ldoshlar va boshqa vositalar kiradi. O‘tgan asrning oxirlarida multimedia texnologiyasining yaratilishi va uni axborot texnologiyalariga tatbiq etilishi, zamonaviy multimedia texnologiyasining yaratilishiga olib keldi.

Ta’kidlash kerakki, audiovizual texnologiyalar axborot texnologiyalari fanining bir shaxobchasi bo‘lib, uning tez rivojlana­yotgan sohasiga kiradi. Audiovizual jurnalistika, ya’ni teleradiojurnalistika (Internet jurnalistikasi ham ushbu sohaga mansub, lekin bu haqda alohida to‘xtalmaymiz) an’anaviy jurnalistika «dargohi»da vujudga kelgan, shu boisdan ham an’naviy va audiovizual jurnalis­tikada kasb etikasi masalalari haqida so‘z borar ekan, ularning farqli jihatlari xususida mulohazalar aytish bilan bir qatorda, ular orasidagi o‘xshashliklarni ham e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas.

Insoniyat tarixidan ma’lumki, odam mavjud ekan u doimo tashqi dunyo bilan aloqador. Na tabiatdan, na jamiyatdan ayrilgan odam me’yoriy turmush kechirishi amri mahol. Tabiat va jamiyat ichida yashash tegishli darajada muloqot imkoniyatlari bilan ta’minlanish demakdir, ya’ni, har bir odam axborot olish bilan bir vaqtda, axborot tarqatadi ham. Ibtidoiy bosqichdagi odam axborotni asosan ko‘z va quloq vositasida olgan, ya’ni, ko‘z ko‘rganini, quloq eshitganini e’tiborda tutib, harakat qilgan. Buni shartli ravishda, «ko‘z axboroti» va «quloq axboroti» deb atash ham xato bo‘lmaydi. Zamonlar o‘zgarishi bilan, ilm-fan taraqqiyoti evolyutsiyasi «quloq axboroti» o‘rniga radioni, «ko‘z axboroti» o‘rniga esa televideniyeni taqdim etdi. Endilikda hayotning biror-bir daqiqasini ushbu mo‘jizalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Manbalardan ma’lumki, radio 1895-yilda A. S. Popov tomonidan ixtiro qilingan, biroq bir narsaga e’tibor qaratmog‘imiz zarur. A. Popov axborotni radioto‘lqinlar yordamida uzoq masofalarga uzatishni ixtiro qilgan. Keyin­chalik esa texnik imkoniyatdan kelib chiqib, radio OAV ko‘rini­shini oldi. Agar Rossiyada dastlabki radioeshittirishlar 1919-yilda boshlangan bo‘lsa, O‘zbekistonda 1926-yil sanasi tarixga kirgan. 1934-yilda esa O‘zbekiston radiolashtirish va radioeshittirish davlat qo‘mitasi tashkil etilgan.

Televideniyening ham dastlab axborot uzatuvchi texnik vosita sifatida ixtiro qilingani manbalarda qayd etilgan. «Tele» o‘zicha mustaqil so‘z emas, balki u qo‘shma so‘z bo‘lagi bo‘lib, yunon tilida «uzoq (tele)» ma’nosini anglatadi. Unga rus tilidagi «videniye», ya’ni «ko‘rish» so‘zi qo‘shilib yaxlit atama — «televideniye (uzoqni ko‘rish)» hosil qilingan. Televideniye insonning ko‘z xususiyatlariga asoslangan, shu jihatdan ham yuqorida aytilgan «ko‘z axboroti» iborasini mantiqan to‘g‘ri deyish mumkin. Harakatlanuvchi tasvirlar­ning birinchi ko‘rsatuvlari 1932-yilda amalga oshi­rilgan, oradan ikki yil o‘tib — 1934-yilda tovushli televideniye ixtiro qi­lindi. Elekt­ron teleko‘rsatuvlar tajriba tariqasida 1938-yilda Moskva va Leningradda namoyish etilgan. Toshkent telemarkazining tajriba sinov ko‘rsatuvlari 1956-yil 5-noyabrdan boshlandi. 1957-yilda O‘zbeki­ston davlat teleradioeshittirish kompaniyasi tashkil topdi (1934-yil tashkil etilgan O‘zbekiston radiolash­tirish va radioeshittirish davlat qo‘mitasi qayta nomlandi). Ko‘rinadiki, televideniye­ning das­tavval texnik imkoniyat sifatida yaratilib, ke­yinroq esa undan ommaviy axborot vositasi sifatida foydalanila boshlangani tarixi radio­eshittirishlarning vujudga kelish tarixiga o‘xshab ketadi. Piravord natijada, insoniyat taraqqiyotida mazkur ikki voqea­ning mantiqiy davomi sifatida radiojurnalistika va telejurnalistika sohalari vujudga keldi.

«Televideniye paydo bo‘lishi bilan OAV tizimida sifat o‘zgarishi yuz berdi — insoniyat ijtimoiy hayot voqealarini bevosita ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi, ijtimoiy ong bilan ijtimoiy borliq o‘rtasida eng qisqa va qulay yo‘l barpo etildi, inson ongiga va his-tuyg‘usiga ta’sir etishning ishonchli vositasi vujudga keldi». Ushbu iqtibosda kelgan OAV tizimida sifat o‘zgarishi, eng qisqa va eng qulay yo‘l barpo etildi, inson ongiga va his-tuyg‘usiga ta’sir etishning ishonchli vositasi so‘zlari telejurnalistikada kasb etikasi me’yorlariga be­vosita daxldordir. Xulosa qilib aytganda, jurnalistika tarixida audioviual jurnalistikaning paydo bo‘lishi, shakllanishi va rivojla­nish yo‘lidagi sifat o‘zgarishlar jurnalistlarni o‘z faoliyatiga yangicha yondashuvini taqozo etmoqda, qisqa va qulay yo‘ldan nechoqlik unumli va xolis foydalana bilish va albatta, ishonchli vosita orqali ishonch qozona olish yuki — mas’uliyati ortishini anglatmoqda. Mazkur talablar doirasida faoliyat yuritish jurna­listning kasb odobiga nechoqlik rioya etayotganini ko‘rsatadi.

Mualliflar: Xurshida Abdullayeva, TATU, magistrant, Shafoat Beknazarova, O‘zMU, talaba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq