Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU yosh olimlar kengashining qisqa davrdagi katta yutuqlari
02.06.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari hamda respublikaning yetakchi olimlari bilan «Iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishini ta’minlash, akademik ilm-fanning ta’lim va ishlab chiqarish bilan integratsiyasini kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish va boshqarishni takomillashtirish, fan-ta’lim sohasi kadrlari salohiyatini mustahkamlashda intelek­tual salohiyatdan foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi mavzuga bag‘ishlangan yig‘ilishining 2017-yil 6-yanvarda tasdiqlangan 1-31-son bayonida belgilangan vazifalar ijrosi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, ilmiy maktablarni yaratish va yosh ilmiy pedagog kadrlar tayyorlashda akademiklarning boy hayotiy tajribasidan foydalanish, ta’lim va ishlab chiqarish hamkorligi va integratsiyasini mustahkamlash, soha korxonalarining ilmiy ishlar bilan shug‘ullanayotgan malakali va salohiyatli mutaxassislariga doktorlik dissertatsiyalari bo‘yicha universitet tomonidan ko‘mak­lashish hamda birgalikda ilmiy seminarlar o‘tkazish, innovatsion loyihalar va ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish maqsadida Universitet qoshida akademiklar, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasi korxona va tashkilotlarining rahbariyati, tajribali mutaxassislar, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar, mustaqil izlanuvchilar, magistrant talabalardan iborat «Yosh olimlar kengashi» tashkil etildi.

Yosh olimlar kengashining yillik rejasi tasdiqlangan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zolarini fan, ta’lim va ishlab chiqarish jarayonlariga faol jalb etish, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyasini chuqurlashtirishda, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda ularning rolini yanada kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra:

  • universitet qoshida «Yosh olimlar kengashi»ni shakllantirish va uning faoliyatini tashkillashtirish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar;
  • O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zo­larini fan-ta’lim va ishlab chiqarish jarayonlariga faol jalb etish;
  • fan-texnikaning dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlarida ilmiy-seminar va konferensiyalarni tashkillashtirish hamda amalga oshirish;
  • axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari tizimidagi soha korxonalari bilan hamkorlik ishlarini amalga oshirish;
  • universitet yosh olimlarini rivojlangan davlatlarning oliy ta’lim tizimidagi yangiliklarini o‘rganish kabi vazifalar rejali tartibda belgilab olindi.

Bundan tashqari, kengash tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishgan holda soha korxonalari bilan ilm-fan o‘rtasidagi o‘zaro integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirildi. Soha korxonalari yetakchi mutaxassislari tomonidan kengash yig‘ilishlarida tegishli muammoli masalalar bilan qatnashish an’anasi yo‘lga qo‘yildi. Respublikaning yetakchi olimlari ishtirokida universitet professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar va talabalari bilan ilmiy-seminarlar, uchrashuvlar hamda davra suhbatlari o‘tkazish bo‘yicha chora-tabdirlar rejasi tasdiqlandi. Hozirgi kunga qadar reja asosida bir qator soha korxonalari, jumladan, «O‘zbektelekom» AK Telekommunikatsiya transport tarmog‘i filiali muammoli masalalari bilan filial direktor o‘rinbosari N. M. Nasrit­dinov, O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish markazi DUK ish faoliyati va muammolarini yosh olimlarga tanishtirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari B. T. Tillaboyevlar korxonada o‘z yechimini kutayotgan muammoli masalalalari bilan kengash yig‘ilishida qatnashdilar. Kengash a’zolari tomonidan ushbu muam­molar yechimiga o‘z hissasini qo‘shish uchun hamkorlikda xo‘jalik loyihalarini ishlab chiqish takliflari bildirildi. Natijada o‘zaro ham­korlik ishlariga ilk poydevorlar qo‘yildi.

Universitet ilmiy-faoliyat ishlarini tashkillashtirish va yanada takomillashtirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil15-martdagi PQ-2834 Qarori asosida universitetga ulug‘ bo­bokalonimiz, buyuk olim Muhammad al-Xorazmiy nomi berilgan­ligi hamda mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, universitet qoshida Yosh olimlar kengashi tomonidan olib borilayotgan yana bir istiqbolli tashabbuslardan «Muhammad al-Xorazmiy avlodlari» nomli ilmiy-amaliy va axborot-tahliliy jurnali ta’sis etilganligini e’tirof etish lozim. Jurnalning tashkiliy faoliyatini yuritish kengash zimmasiga yuklatildi.

Jurnalning ilk soni uchun maqolalarni to‘plashda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tarkibidagi soha korxonalarida faoliyat olib borayotgan ilmiy izlanuvchilarning AKT va unga turdosh sohalarga bog‘liq bo‘lgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish, dunyodagi ilm-fan yutuqlari to‘g‘risida ilmiy-amaliy va axborot-tahliliy maqolalarini chop etish rejalashtirilmoqda. Rejada kelgusida jurnalni Oliy attestatsiya komissiyasi tasdiq­lagan jur­nallar qatoriga kiritish belgilangan. Hozirda jurnalning ilk soni uchun maqolalar to‘planmoqda. Jurnalning ilk soni web-jurnal ko‘rinishida ham chop etiladi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texno­logiya­lari universiteti Yosh olimlar kengashi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-aprel «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2909 Qarori ijrosini ta’minlash borasida ham bir qator ishlar olib borilmoqda. Mazkur amaliy ishlar kelgusida, universitetimizda yoshlar­ning ilm-fanga qiziqishini yanada oshirish va ilmiy salohiyatli professor-o‘qituvchilar safining kengayishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Muallif: Alisher Berdiyev, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida yosh olimlar kengashi ilmiy kotibi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq