Turizm taraqqiyotida axborot va kommunikatsiya texnologiyalari
01.06.2017
Rukn: Texnologiya.
Muallif: .

Ma’lumki, azaldan sayyohlarni buyuk allomalar yashagan va ijod qilgan hamda ularning faoliyati natijasida bunyod etilgan qadimiy obidalarga boy bo‘lgan maskanlar ohangrabodek o‘ziga jalb qilib keladi. O‘zbekiston ham shak-shubhasiz o‘zining buyuk tarixi, me’moriy obidalari, betakror tabiati va xalqimiz urf-odatlari, an’analari bilan sayyohlarga o‘zini ko‘z-ko‘z qila oladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugungi kunda turizm sohasi taraqqiyotini axborot va kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur etish qiyin. Sayyohlarni respublikamizga jalb etishdagi dastlabki qadamlar ularni mamlakatimizning turistik salohiyati to‘g‘risidagi axborot bilan tanishtirishdan boshlanadi, ayniqsa, keyingi yillarda ekologik turizm, ekstremal turizm, agroturizm va sohaning boshqa yo‘nalishlarining rivojlanishi sayyohlarini to‘laqonli axborot bilan ta’minlash ehti­yojining yanada oshishiga olib kelmoqda. Joriy yilning 28-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi­ning Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda «Turistik faoliyatning samarali axborot ta’minoti» mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirni o‘tkazishdan maqsad turizm sohasining to‘laqonli axborot bilan ta’minlanishini tashkil etish bo‘yicha davlat siyosatining yo‘nalishlarini tahlil etish, turizm bozori subyektlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, AKT imkoniyatlaridan foydalanishning istiqbolini hisobga olgan holda, turistik faoliyat qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda turizm sanoatini rivoj­lantirish, iqtisodiyotning tez o‘sishini ta’minlashda uning rolini oshirish va shu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, dunyo bozorida milliy turistik mahsulot salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi tashkiliy sharoitlar yaratilmoqda. Mazkur faoliyat shak-shubhasiz milliy turizm sohasini axborot bilan ta’minlash, turistik operatorlar uchun zamonaviy axborot texnologiyalari yechimlari va kompyuter dasturlarini ishlab chiqish, axborot bozori subyektlariga uyg‘unlashgan holda ishlash, jumladan, xalqaro miqyosda mamlakatimizning haqiqiy imijini shakllantirish bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi. Bu o‘rinda, turizm sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi samarali me’yoriy-huquqiy maydon, sohani yaqin va o‘rta istiqbolda rivojlantirishning strategik rejalari bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar mazkur faoliyatning asosini tashkil etishi lozim. Milliy turizm tizimini rivojlantirishda mazkur sohada samarali axborot almashinuvini ta’minlash zarur. Bu o‘z navbatida, iste’molchilarning mamlakatimiz haqidagi axborotdan erkin foydalanishlariga, turistik xizmatlarni taqdim etish sharoitlari, xususiyatlariga hamda ularning xavfsiz­ligini ta’minlashga xizmat qiluvchi axborotlardan iborat bo‘lmog‘i va milliy qonunchiligimizga mazkur masalalarni kompleks va tizimli huquqiy jihatdan tartibga soluvchi qoidalarning kiriti­lishini ta’minlash zarur.

Davra suhbatida turoperatorlar faoliyatiga turizm biznesining ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va qulaylashtirishga imkon beradigan zamonaviy kompyuter dasturlarini joriy etish zarurligi qayd etildi. Turizm xizmatlarini sotish va band qilish bo‘yicha turoperatorlarning GPS-pozitsiyaga asoslangan xalqaro global axborot tizimlariga ulanishlari va lokal servislarni yara­tishlarining muhimligi ta’kidlandi. O‘zbekistonning turistik jozi­badorligi oshishiga xizmat qiluvchi dolzarb axborot resurslarini, jumladan, O‘zbekistonning noyob tarixi, o‘tgan buyuk allomalari va olimlari, diqqatga sazovor joylari, milliy taomlari, an’analari haqida hujjatli filmlar va teleko‘rsatuvlar yaratish va tarqatish soha rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, turizm bozorini rivojlantirishda AKT bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagi ishlarni amalga oshirish:

  • аxborot-targ‘ibot kompaniyasini o‘tkazish va turli OAVda O‘zbekiston turizmi haqida ijtimoiy reklamalarni tarqatish;
  • foto va videomateriallar bankini yaratish;
  • Internet tarmog‘ida mamlakatimizning turistik imkoniyatlari haqidagi markazlashtirilgan va alohida axborot resurslari hamda turistlar, turoperatorlar va turizm sohasining investorlari uchun axborot portallari sonini oshirish;
  • tashqi va ichki turizmni rivojlantirishni axborot orqali qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish uchun mamlakatimiz va chet eldagi turistlar uchun axborot markaz­lari tarmog‘ini yaratish;
  • turistlarni o‘ziga jalb etish markazlarida axborot punktlari tarmog‘ini yaratish va boshqalar bugungi kunning dolzarb va­zifalaridan sanaladi.

Muallif: Faxriddin Xolboyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq