Axborot-kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirish fanlarini o‘qitishning innovatsion metodlari va modellari
01.06.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi Farmoyishiga ko‘ra «Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlari yaratish va o‘quvchilarga yetkazishning mustahkam tizimi yaratildi, bunda O‘zbekistonda ta’lim berilayotgan yettita tilda darslik va o‘quv qo‘llanmalari nashr etilmoqda.

Axborot-resurs va axborot-kutubxona markazlarining moddiy-texnika bazasi yangilanib, zamonaviy elektron kutubxonalar tizimlari faoliyat ko‘rsatmoqda». Mazkur farmoyishda ta’kidlangan zamonaviy elektron kutubxonalar faoliyati bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib, elektron kutubxonalarda faoliyat ko‘rsatuvchi Axborot-kutubxona muassasalari xodimlarining malaka­sini oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumki, axborot-kutubxona muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimini (AAKT) samarali joriy qilish uchun xodimlarni tizimdan foydalanishga o‘rgatishni, ta’lim jarayonini o‘qitishning innovatsion metodlarini va modellari asosida olib borishni talab qiladi. Shu sababli ham AAKT tizimini axborot-kutubxona muassasasida joriy qilishdan avval o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, foydalanuvchilar uchun yo‘riqnoma, o‘quv-reja va unga mos dastur, multimediali o‘quv qo‘llanmalar hamda o‘quv-adabi­yotlari, egallangan bilimlarni sinash uchun testlar hamda virtual trenajorlar tayyorlanishi lozim. AAKTda o‘qitishning model va metodlarini ko‘rib chiqaylik.

Birinchi model

  1. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyrug‘i asosida 57ta Oliy ta’lim muassasasiga qarashli ARMlarning har biridan 2 nafardan xodim o‘qishga jalb qilindi. Maxsus kurs bo‘yicha 36 soatlik o‘quv-rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlangach, u asosida mashg‘ulotlar kichik guruhlarda (14 kishilik) o‘tkazildi. O‘quv mashg‘ulotlari bevosita TATU da olib borildi. Mashg‘ulotlar har kuni 6 soat amaliy mashg‘ulot va 2 soatdan mustaqil tay­yorgarlik asosida bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlar ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil qilindi.
  2. Tinglovchilarga AAKT bo‘yicha maxsus o‘quv-uslubiy qo‘llanma tarqatildi.
  3. O‘qitish to‘lov shartnomasi asosida tashkil qilindi.
  4. AAKT o‘rganish bo‘yicha multimediali o‘quv qo‘llanmalardan foydalanildi.

O‘qitish metodi. O‘quv rejasiga ko‘ra 6 soat nazariy va 30 soat amaliy mashg‘ulotlar ajratilgan. Har bir mavzu bo‘yicha texnologik kartalar ishlab chiqildi. AAKTni o‘qitish jarayonida bevosita dasturdan foydalanildi. Amaliy mashg‘ulotda tinglovchilar ishtirokida taxminiy ARM faoliyati shakllantirildi va dars o‘yin tarzida olib borildi. ARMdagi har bir bo‘lim faoliyati uchun rollar tashkil etildi. Ting­lovchilarning bir qismi kitobxon, bir qismi kutubxonachi, bir qismi kataloglashtiruvchi, yana bir qismi komplektator rolini bajardilar. Tinglovchilar orasidan kompyuter savodxonligi yaxshi bo‘lgan ting­lovchiga adminstratorning roli berildi. Har bir ishtirokchilarning vazifalari AAKTda bo‘lim faoliyatining avtomatlashgan holatini ko‘rsatib berish orqali bajarildi. Tinglovchilar mustaqil ta’lim jara­yonida AAKTni o‘rgatishga mo‘ljallangan multimediali o‘quv-qo‘llanmalardan foydalandilar. Kataloglashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlarda o‘qitish quyidagicha olib borildi:

  1. O‘qituvchi kataloglashtirilayotgan kitobni qo‘liga olib, misol tariqasida, tizim maydonlarini to‘ldirishni og‘zaki tushuntirib berdi.
  2. Har bir tinglovchi kataloglashtirilayotgan kitobning bibliografik tavsif elementlarini tizimning tegishli maydon va maydonostilariga kiritish tartibini yozib oldi.
  3. Kataloglashtirish uchun tinglovchilarga bilimning turli sohalari bo‘yicha kitoblar tarqatildi.
  4. Amaliy mashg‘ulotda tinglovchilar yozib olgan konspektidan foydalanib, kitobning bibliografik yozuvlarini shakllantirdilar.

Nazorat shakli. Tinglovchilar tomonidan kiritilgan bibliografik yozuvlarni proyektor yordamida katta ekranga tushirib, yo‘l qo‘yil­gan xatoliklar ko‘rsatib berildi. Masalan, o‘qituvchi nashr etilgan yil to‘g‘risidagi ma’lumotnomasini ochib, noto‘g‘ri kiritilgan bibliografik tavsif elementlarini ko‘rsatdi va uni to‘g‘rilash yo‘llarini o‘rgatdi. Mashg‘ulotlar bunday usulda olib borilganda, o‘qituvchi tomonidan tinglovchilarning egallagan bilimlarini sinash, elektron katalogdagi bibliografik yozuvlarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini aniqlash orqali bajarildi. Egallagan bilimlarni sinashning bu usuli o‘ta subyektiv bo‘lib, mashg‘ulot olib borayotgan o‘qituvchining saviyasiga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Baholash mezoni. Amaliy mashg‘ulotlardan egallagan bilimlarni sinash uchun savollar tayyorlandi va har bir tinglovchilarga 3tadan savol berildi. Tinglovchilar berilgan savollarga javob berish uchun amalda bajarib ko‘rsatdilar. Berilgan savollardan 2tasiga to‘liq javob berilsa, dars qoniqarli o‘zlashtirilganligini bildirdi. Bir savolga javob berganlar qoniqarsiz baholandi.

Birinchi model bo‘yicha o‘qitishdan olingan natijalar­ning tahlili. Internet tarmog‘iga qo‘yilgan AAKTda tinglovchi­larning masofadan kiritgan bibliografik yozuvlari tahil qilindi va ularning kamchiliklari seminarda aytildi. Olingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, Internet orqali kiritilgan elektron kataloglar talabga javob bermaydi. Jumladan: kitob sarlavhasi, nashr etilgan yil, joy va nashriyotlar xatolik bilan yozilgan edi. Kiritilgan bibliografik yozuvlarning 30 foizi to‘g‘ri, qolganlarida turli darajadagi xatoliklar uchraydi.

O‘qitishning ikkinchi modeli. AAKT o‘qitishda masofaviy ta’lim modelidan foydalanildi. Ta’limda elektron ta’limni joriy etish markazi qoshida masofadan AAKTni o‘qitish tashkil etildi. Masofadan o‘qitish respublikamizning barcha OTMni optik tolali kabellar orqali birlashtirib turuvchi korporativ tarmoqda tashkil etildi. O‘quv jarayonida tinglovchilardan tushayotgan savollarga javob berish maqsadida «FORUM» tashkil qilindi. Tinglovchilarga mashg‘ulotlar paytida o‘qituvchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savollar be­rish va tegishli javoblarni olish, darsdan tashqari paytlarda «FORUM» dan foydalanib, savollar berish va javoblar olish imkoniyati yaratildi. Masofadan o‘qish jara­yonida tinglovchilarga tarmoq orqali kerakli o‘quv adabiyotlari beril­di. Tinglovchilar bilimini baholash maqsadida test savollari tuzildi, masofadan test o‘tkazishga mo‘ljallangan dasturiy vosita tanlandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyrug‘i asosida har bir ARMdan 30 foizgacha tinglovchi (700 kishi) masofaviy o‘qishga jalb qilindi. Maxsus kurs bo‘yicha 36 soatlik o‘quv-rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlanib mashg‘ulotlar Ta’limda elektron ta’limni joriy etish markazida vediokonferensiya shaklida olib borildi. AAKT o‘rgatish maqsadida korporativ tarmoq orqali masofaviy darslar tashkil qi­lindi. Mashg‘ulotlar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tashkil qilindi. Nazariy mashg‘ulotlar o‘qitilib bo‘lingach, kunaro 4 soat amaliy mashg‘ulotlar, 2 soatdan mustaqil tayyorgarlik ishlari bajarildi. Amaliy mashg‘ulotda uyga vazifa berildi. Tinglovchilar mustaqil tayyorgarlik paytida uy vazifalarini korporativ tarmoqda bajardilar. Amaliy mashg‘ulotlarning boshida uy vazifalari 10ta Oliy ta’lim muassasasi ARM misolida tahlil qilindi.

O‘qitish metodi. Bir paytning o‘zida 69ta OTMda ARM xodimlari uchun masofadan mashg‘ulotlar olib borildi. AAKTni har bir ARM bo‘yicha tizimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilib, uning asosiy funksiyalari tushuntirilib berildi.

  1. Amaliy mashg‘ulotda har bir OTM ARMga avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimini moslashtirish masalasi o‘zlashtirildi.
  2. Kitobxonlar ro‘yxatga olindi.
  3. Elektron kataloglashtirishni o‘rgatishda tizimning elektron katalogi ishga tushirildi. Tizimning maydon va maydonostilarini to‘ldirish tushuntirib berildi.
  4. O‘quv-uslubiy qo‘llanmadagi sxemadan foydalanib, tizimning maydon va maydonostilariga bibliografik tavsif elementlarini kirish qoidalari tushuntirib berildi.
  5. Tinglovchilarga mustaqil ravishda, o‘quv-qo‘llanmadan foydalanib, 10tadan kitobning bibliografik tavsif elementlarini ki­ritish topshirildi.
  6. Mustaqil ish. Tinglovchilar ta’lim muassasalarining ARMdan turib, korporativ tarmoqning serverida joylashgan dasturning elekt­ron katalogiga 10tadan bibliografik yozuv kiritildi. Tinglov­chilar tomonidan Korporativ tarmoq EK bazasiga kiritilgan BYOlar tahlil qilindi.

Mustaqil ish tahlili. Ma’ruza mashg‘ulotlarida yangi mavzu o‘tilmasdan avval «Uy vazifalari» tahlili o‘tkazildi. Bunda navbati bilan har bir OTM ARM xodimlari tomonidan Korporativ tarmoqda joylashgan ARMAT-U dasturining elektron katalogiga kiritilgan bibliografik yozuvlar tahlili o‘tkazildi. Bibliografik yozuvlar tahlili ARMAT-U tizimining EK MB ma’lumotnomalaridagi tinglovchi­lar tomonidan kiritilgan bibliografik tavsif elementlarini qanday kiritilganligini aniqlash bilan amalga oshirildi. Kataloglashtirilgan hujjatning bibliografik tavsif elementlarini to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri kiritilganligini jadval asosida ko‘rib, taqqoslash mumkin.

Elektron katalog ma’lumotlar bazasining ma’lumotnomalarini ochib, ularga kiritilgan bibliografik tavsif elementlari jadval aso­sida tekshirildi. Har bir OTM ARM xodimi tomonidan yo‘l qo‘yil­gan xatolik ko‘rsatildi. Tahlil bir paytning o‘zida 57 OTM ARM xodimlari tomonidan kuzatib borilganligi katta samara berdi.

Nazorat shakli. Tinglovchilar tomonidan kiritilgan bibliografik yozuvni katta ekranga tushirib, yo‘l qo‘yilgan xatoliklar ko‘rsatib berildi. Masalan, nashr etilgan yil to‘g‘risidagi ma’lu­motnomasini ochib, noto‘g‘ri kiritilgan bibliografik tavsif elementlarini ko‘rsatdi va uni to‘g‘rilash yo‘llari o‘rgatildi. Mashg‘ulotlar bunday usulda olib borilganda o‘qituvchi tomonidan tinglovchilarning egallagan bilimlarini sinash, elektron katalogdagi bibliografik yozuvlarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini aniqlash orqali bajarildi. Egallagan bilimlarni sinashning bu usuli o‘ta subyektiv bo‘lib, mashg‘ulot olib borayotgan o‘qituvchining saviyasiga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Baholash mezoni. Amaliy mashg‘ulotlardan egallagan bilimlarni sinash uchun har bir OTM tomonidan Korporativ tarmoqdagi EK bazasiga kiritilgan bibliografik yozuvlar tekshirildi va yo‘l quyilgan xatoliklar soni aniqlandi. Kiritilgan 10 bibliografik yozuvlardan kamida 70% to‘g‘ri kiritgan xodimlarga keyingi mashqlarni mustaqil bajarishiga ruxsat berildi. 10 BYOdan 70 foizdan kam to‘g‘ri BYO kiritgan xodimlar o‘tilgan mavzu bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xatolar ustida ishlashga tavsiya qilindi. Ikkinchi model bo‘yicha har bir amaliy mashg‘ulotda egallangan bilimlarni baholash test savollariga javob berish emas, balki bajarilgan ishning sifatiga qarab belgilandi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tib bo‘lingandan so‘ng egallangan bilimlarni baholash maqsadida onlayn test sinovlari o‘tkazildi.

Ikkinchi model bo‘yicha o‘qitishdan olingan natijalarning tahlili. Korporativ tarmoqqa qo‘yilgan AAKTda tinglovchilarning masofadan kiritgan bibliografik yozuvlari tahil qilindi va ularning kamchiliklari mashg‘ulotlar paytida aytildi. Olingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, Korporativ tarmoq orqali kiritgan elektron kataloglar talabga javob bermaydi. Jumladan: kitob sarlavhasi, nashr etilgan yil, joy va nashriyotlar xatolik bilan yozilgan. Kiritilgan bibliografik yozuvlarning 50 foizi to‘g‘ri, qolganlarida turli darajadagi xatoliklar uchraydi. Xulosa qilib aytganda, o‘qitishning bunday metodi samarasiz bo‘lib, bunda tinglovchilarning o‘zini-o‘zi baholash (tekshirish) qobiliyati sustlashib, aksincha o‘qituvchiga tayanib qoladi, ya’ni, tinglovchilar ish faoliyati davomida egallagan bilimlarini sinash uchun mashg‘ulot olib borayotgan o‘qituvchining saviyasiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Shu munosabat bilan bu boradagi tadqiqodlarni chuqurlashtirish maqsadga muvofiq.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. O‘zbеkiston Rеspublikasi Prеzidеnti Shavkat Mirziyoyеvning «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi.- 2017-yil 12-yanvar, URL-manzili: http://uza.uz/uz/documents/kitob-mahsulotlarini-chop-etish-va-tarqatish-tizimini-rivojl-12-01-2017
  2. Калегина О. А. Библиотечно-информационное образование в контексте мировых тенденций: теоретико-методологический аспект: Автореферат дисс. … д-ра пед. наук. :05.25.03.- Санкт-Петербург, 2007.-49 с.

Muallif: Hilola Islomova, – “O‘zbektelekom” AK “Billing Telekom” filialining “Dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish” bo‘limida oliy toifali muhandis

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq