Vazirlikning navbatdagi Hay’at majlisi bo’lib o’tdi
30.05.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

29 may kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining navbatdagi Hay’at majlisi bo’lib o’tdi. Yig’ilishda aloqa tarmoqlari sifati, internetning milliy segmenti va kontent rivoji, raqamli texnologiyaga o’tishning texnik va texnologik holati kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Jumladan, vazirlikka viloyat hamda tumanlardagi avtomobil yo’llarida mobil aloqa sifatining yomonlashuviga doir shikoyatlarning kelib tushayotgani qayd etilib, mobil aloqa operatorlariga 2017 yilning 2-yarim yilligi va 2018-yilga mo’ljallangan reja asosida, eng qisqa muhlat ichida aloqa tarmoqlarini kengaytirish, xususan viloyat va tumanlarda qo’shimcha mobil aloqa stansiyalarini o’rnatish orqali aholi punktlari hamda avtomobil yo’llarida mobil aloqa sifatini yaxshilash vazifasi yuklatildi.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo’yicha davlat inspeksiyasiga telekommunikatsiya sohasida faoliyat ko’rsatuvchi xo’jalik subyektlari tomonidan xizmat ko’rsatish chog’ida yo’l qo’yilayotgan kamchiliklar va sifatsiz xizmatlar uchun ko’riladigan jazo choralarini takomillashtirish bo’yicha takliflar kiritish vazifasi yuklatildi.

Hay’atda Internet tarmog’idagi Milliy segment rivojlanishi, jumladan, UZ domenidagi saytlarning o’sishi, ZiyoNET ta’lim tarmog’i doirasida yaratilayotgan resurslarning rivojlanishi bo’yicha statistik ko’rsatkichlarga ham alohida diqqat qilindi. Shuningdek, Milliy segmentning rivojlanishi bilan bog’liq muammolar, xususan hosting xizmatlarining qimmatligi, milliy veb-resurslarning sekin ommalashayotgani va boshqa omillar qayd etildi. Ushbu muammolarni hal etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish takliflari muhokama qilindi. Jumladan, operator va kontent yaratuvchisi o’rtasidagi o’zaro hisob-kitobli mexanizmni joriy qilish, ZiyoNET ta’lim tarmog’i faoliyatini takomillashtirish kabi vazifalar mavjud.

Kun tartibiga ko’ra, Hay’at yig’ilishida so’nggi masala sifatida raqamli televideniyening joriy etilish holati ham muhokama qilindi. Qayd etilganidek, ayni kunda aholini raqamli televideniye signallari bilan qamrab olinishi 95 foizga yetgan. Analog televideniyeni 2018 yildan boshlab bosqichma-bosqich o’chirish bo’yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini manfaatdor tashkilotlar bilan kelishishni jadallashtirish yuzasidan mas’ulalrga tegishli vazifalar berildi.

Eslatib o’tamiz, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida yurtimizda raqamli teleuzatishni rivojlantirish bo‘yicha alohida vazifalar yuklangan bo‘lib, yil oxiriga qadar O‘zbekistondagi yirik shahar hamda tuman markazlariga yana 25 ta yuqori quvvatli, shuningdek olis hududlarda joylashgan aholi punktlarida 293 ta kam quvvatli raqamli televizion signallar uzatuvchi qurilmalar o‘rnatish rejalashtirilgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq