O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Talabalarning VIII an’anaviy mediakonferensiyasi bo‘lib o‘tdi
06.05.2017
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

2017 yil 5 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekistonda Internet jurnalistika rivojining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan Talabalarning VIII an’anaviy mediakonferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti, Xalqaro Press-klub va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish insituti yetakchi mutaxassislari va talabalari ishtirok etdilar.

Talabalarning an’anaviy mediakonferensiyasi – talaba yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda Internet jurnalistika sohalari tajribali mutaxassislari bilan o‘zaro fikr almashishi, zamonaviy jurnalistika va media tizimining muammolari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bildirishi uchun qulay imkoniyat. Shuningdek, mazkur tadbir yosh tadqiqotchilarning kelgusida milliy Internet jurnalistika amaliyoti va nazariy asoslarini yanada rivojlantirish yo‘lida qo‘ygan dastlabki qadami hamdir.

Milliy axborot kengligining global tarmoq bo‘lagiga aylanganiga 20 yildan oshdi. Biroq mana shu qisqa muddat ichida Internet auditoriyasi geometrik progressiya bo‘yicha kengayib bordi. Bugungi kunda 33 mln.ga yaqin aholiga ega O‘zbekistonda 13 mln.dan ortiq Internet foydalanuvchilari mavjud. Bu mamlakat aholisining 1/3 qismidan ham ko‘p demakdir. Shu foydalanuvchilarning deyarli barchasi messendjerlarni faol qo‘llaydi. Mazkur Talabalar VIII an’anaviy mediakonferensiyasi shunday messendjerlar imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha maslahatlar va tavsiyalar maydonchasi bo‘lishi kutilmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burxanov yoshlarni sakkizinchi marta bo‘lib o‘tayotgan mazkur anjuman bilan qutladi va uning “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da yoshlar amalga oshirishi belgilangan yo‘nalishlar to‘g‘risida va mazkur konferensiya ishtirokchilarining OAV vakillari sifatida bajarishi lozim bo‘lgan vazifalar xususida so‘zladi. “Talabalar konferensiyasi ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil boshida muhokamaga qo‘yilgan «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida» Farmoni loyihasi muhokamasida faol ishtirok etayotgani quvonarlidir. Ularning izohlari loyihani takomillashtirishda inobatga olindi. Bu esa bugungi kunda milliy Internet segmentida ijtimoiy faol, yangi bilimlar, texnologiyalar uchun ochiq foydalanuvchilar qatlami kengayib borayotganidan dalolatdir”, — dedi A.Burxanov.

Tashkiliy qo‘mita raisi va g‘oya muallifi Sh.Qudratxo‘jaev konferensiyaning mohiyatini e’tirof etdi va unda yosh jurnalistlardan dolzarb va kreativ loyhalar kutilayotganini aytdi. “Bu yilgi, VIII mediakonferensiya ishtirokchilari Harakatlar strategiyasi mazmun-mohiyati, uni OAV orqali targ‘ib qilish va unda ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosiga jamoatchilikni jalb qilish, ommada Strategiyadan ko‘zlangan maqsadlar haqida tushuncha hosil qilish masalalari xususida o‘z mulohaza va takliflarini bildirishlariga umid qilamiz. Shuningdek, talabalarning yangi texnologiyalar, messendjerlar imkoniyatlaridan foydalanish borasidagi fikrlari, qiziqarli media loyihalar taqdimotlarini kutib qolamiz”, -dedi Sh.Qudratxo‘jaev.

Mediakonferensiya ikki qismdan “Jurnalistika va bloggingda messendjerlar imkoniyatidan foydalanish” mavzusiga doir talabalarning qiziqarli ma’ruzalari va yetakchi jurnalistlarning kasbiy yo‘nalishdagi mahorat darslaridan iborat bo‘ldi. Ishtirokchilar har bir ma’ruza yuzasidan faol bahsga kirishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Tadbir ishtirokchilari “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi spiker”, “Eng yaxshi taqdimot”, “Eng yaxshi moderator”, “Eng yaxshi savol”, “Eng yaxshi hamkor”, “Eng yaxshi tashkilotchi”, “Eng yaxshi axborot hamkori”, “Yil professionali”, “Tomoshabin tanlovi”, “Eng yaxshi media loyiha” va “Eng yaxshi loyiha” nominatsiyalari bo‘yicha sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq