«AKTda xotin-qizlar» xalqaro kunida O‘zbekiston faol ishtirok etdi
05.05.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

27 aprel kuni Xalqaro elektraloqa ittifoqining Moskva shahridagi hududiy idorasida «AKTda xotin-qizlar» xalqaro kuni sharafiga tashkilotning MDH hamda Gruziya davlatlari uchun seminari tashkil etildi.

Seminarda Rossiya, Moldova, Ukraina, Qirg‘iziston, Ozarboyjon hamda O‘zbekistondan AKT sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi xotin-qizlar ishtirok etdilar.

Seminar doirasida jahon miqyosida ayollarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi rivojiga qo‘shayotgan hissasiga bag‘ishlangan:

  • So‘nggi bir necha yilda gender nisbatining o‘zgarish tendensiyasi;
  • AKT sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi ayollar;
  • xotin-qizlarni AKT sohasida kasbiy faoliyat olib borishlarini rag‘batlantirish uchun hukumatlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar;
  • telekommunikatsiya sohasida kadr tayyorlaydigan ta’lim muassasalari va AKT sohasidagi korxonalarda kasb tanlash imkoniyatlari;
  • AKT sohasini tanlayotgan xotin-qizlar qiziqishlarini davom ettirib, ta’limni tugatish va o‘z sohalarida faoliyat ko‘rsatishlari;
  • AKTni ayollar o‘rtasida targ‘ib qilishda nodavlat va jamoat tashkilotlarining faoliyati kabi mavzularda taqdimot va muhokamalar bo‘ldi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan vazirlikning «AKT rivojlanishini strategik rejalashtirish va konvergensiya» bo‘limi yetakchi mutaxassisi Jamila Berdiyeva qatnashib, «O‘zbekistonda AKTni rivojlantirishda xotin-qizlarning o‘rni» mavzusidagi taqdimot bilan ishtirok etdi.

Shuningdek, vakilamiz tomonidan O‘zbekiston misolida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xotin-qizlarning bandligi, AKT sohasida ta’lim olayotgan qizlar soni, yoshlar o‘rtasida AKTni rivojlantirishda hukumatning ko‘magiga oid statistik ma’lumotlar aytildi.

Jumladan, bugungi kunda O‘zbekistonda AKT sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning 31,8% ini ayollar tashkil etadi va bu raqam tobora oshib bormoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda ayollarning faol fuqarolik pozitsiyasi ham qayd etildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar nisbatida ham ayollarning murojaat yo‘llashi erkaklarga qaraganda 12 foizga yuqoriligi ta’kidlandi.

«AKTda xotin-qizlar» xalqaro kuni 2014 yilda Xalqaro aloqa ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan ma’qullangan bo‘lib, har yili anjumanda AKTga ayollarni keng jalb qilish va kasbiy yo‘naltirish, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ishlashlari uchun qulay sharoit yaratish kabi masalalar, tajribalar yaqindan o‘rganiladi. Ayni paytda 160 ta davlatda nishonlanadigan «AKTda xotin-qizlar» xalqaro kuni munosabati bilan tashkil etilgan 7.2 mingdan ziyod tadbirda 240 mingdan ziyod ayollar ishtirok etganlar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq