TATU talabalari Xitoyda «Seeds for the Future» dasturi bo‘yicha amaliyot darslarini boshladilar
03.05.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

2017-yilning 28aprel kuni Xitoy Xalq Respublikasiga jo‘nab ketgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) talabalari, “Huawei” kompaniyasi tomonidan tashkil qilingan “Seeds for the Future”, ya’ni “Kelajak nihollari” dasturi bo‘yicha ikki haftalik o‘quv kurslarida ishtirok etadilar.

Mazkur kurslardan maqsad – o‘zbekistonlik yosh iqtidorli talabalarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mobil internet aloqasi, kiber xavfsizlik yo‘riqlari, telekommunikatsiya muhandisligi yo‘nalishlarida dunyoda keng qo‘llanilayotgan yangiliklar va ishlanmalarni tanishtirishdan iborat.

Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti “Huawei” kompaniyasining O‘zbekistondagi yaqin va ishonchli hamkorlaridan hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, kompaniyaning aksariyat muhandis va mutaxassislari aynan shu universitet bitiruvchilari sanaladi. Bir necha yillardan buyon kompaniyamiz universitetning iqtidorli talaba va yosh olimlarini rag‘batlantirish maqsadida yaqindan yordam berib keladi va kelasi 5 yil davomida ushbu sohada qo‘llab-quvvatlashni yanada oshirishga qaror qilgan. “HAINA”, ya’ni Huawei sertifikatlashtirish akademiyasi aynan shu universitet qoshida bejiz ochilmagan. “Kelajak nihollari” dasturida TATU talabalari ikkinchi bor ishtirok etmoqdalar.

“Kompaniyamiz, O‘zbekistonda AKT sohasida yetishib chiqayotgan professional kadrlar salohiyatiga o‘z hissasini qo‘shishi biz uchun katta mas’uliyatdir. Ishonamanki, kelajakda aynan shu mamlakat, butun mintaqada telekommunikatsiya va axborot-texnologiyalari markaziga aylanishi mumkin, buning uchun O‘zbekistonda katta salohiyat va imkoniyat mavjud”, – deydi,  “Huawei tech. Invesment Tashkent” kompaniyasi bosh direktori, janob Van Pen,.

“Seeds for the Future”, ya’ni “Kelajak nihollari” dasturi, joriy yilning 1 – 12 may kunlari mobaynida Xitoyning Pekin va Shenchjen shaharlarida o‘tishi rejalangan. Mazkur loyihada ishtirok etish uchun universitetning 10 nafar talabasi, ikki bosqichli tanlov asosida saralab olingan. Dastur davomida talabalar, xitoy tili asoslari, madaniyati, tarixiy obidalari bilan bir qatorda, «cloud-computing» (bulutli texnologiyalar asosida), mobil tarmoq xizmatlari, telekommunikatsiya taromoqlarini rivojlantirish, internet jihozlari (IoT), 4G stansiyasini barpo etish, 5G tarmog‘i istiqbollari kabi mavzularda ham nazariy, ham amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.

Bundan tashqari, ta’kidlab o‘tish joizki, safar davomida universitetning 4 nafar talabasi Xitoyda bo‘lib o‘tadigan “Buyuk Ipak Yo‘li” konsepsiyasidagi “Bir Mintaqa – Bir Yul” nomini olgan xalqaro sammitda ishtirok etishi belgilangan. Mazkur tadbirda o‘zbekistonlik talabalar “Kelajak nihollari”  dasturi istiqbollari borasida, o‘zlari mualliflik qilgan video-taqdimot bilan chiqib, yuqori martabali mehmonlarni mamlakatimizda yoshlar ta’limi borasida qiziqtirgan savollariga javob berishga harakat qiladilar. “Bir Mintaqa – Bir Yul” sammiti, mazkur yilning 14-may kuni, Xitoyning Pekin shahrida bo‘lib o‘tadi.

Manba: press-reliz.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq