TATUda mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitishning o‘ziga xos xususiyatlari
30.04.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar, Yangiliklar.
Muallif: .

Jahon hamjamiyati globallashuv jarayoniga integratsiyasini amalga oshirish davrida O‘zbekiston Respublikasi o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lidan rivojlanib, xalqaro maydonda o‘zining munosib o‘rnini topish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, davlatimizning mustaqil taraqqiyot yo‘lini ta’minlash yo‘lida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirmoqda.

Jamiyat va inson manfaatiga qaratilgan bu islohotlarning samarasi bevosita ta’lim tizimida tayyorlanayotgan mutaxassis kadrlarning aql zakovati, ko‘nikma va malaka salohiya­tiga bog‘liqdir. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi, internet tarmog‘ining ommalashuvi barcha yo‘nalish­larda zamonaviy bilimlarni egallash, madaniy, iqtisodiy to‘siqlarni bartaraf etishni taqozo etadi. O‘z navbatida, bu xorijiy tillarni mu­kammal o‘zlashtirish va xorijiy tillarda so‘zlashuvchi mutaxassislarni tayyorlash masalasiga chuqur e’tibor qaratilishini talab etadi.

Bugungi kunda, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislik fanlarini xorijiy tillarda o‘qitish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Avvalam bor, xorijiy tilda dars berishga tayyor bo‘lgan mutaxassis kadrlarning malakasi va tajribasi yetarli bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. O‘qi­tuvchi ma’ruza yoki amaliyot darslarini boshlashidan avval talaba­lar bilim darajasini aniqlab olishi ham talabalarning ushbu fanni qanchalik o‘zlashtirishlarini hal etuvchi muhim omillardan bo‘lib hisoblanadi. Sababi xorijiy tilda mutaxassislik fanini o‘rganuvchi talabaning oliy maqsadi fanni o‘zlashtirish, tilni o‘rganish emas. Biroq shu o‘rinda, har bir fanni o‘zlashtirish jarayonida mazkur fanga oid bo‘lgan o‘ziga xos maxsus lug‘aviy so‘z boyligini o‘z­lashtirgan holda talabaning umumiy til bilish darajasining ortib borishi ushbu talabaning umumiy bilim darajasini yanada mukammallashtirishi tabiiy hol albatta.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2013-yil 26-mart­dagi «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi PQ-1942 sonli Qaroriga asosan Toshkent axborot texnologiyalari universitetida xal­qaro standartlarga mos holda ta’lim sifatini oshirish, asosiy va mutaxassislik fanlarini xorijiy tilda o‘qitish maqsadida professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarning tizimli malaka oshirishi tashkillashtirildi. Bugungi kunga qadar 100dan ortiq professor-o‘qituv­chilar Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlariga malaka oshirishga yuborilib, ko‘rsatkichli natijalar bilan qaytdilar. Janubiy Koreyaning Inha, Seul-tex, Kyong-xi, Chung ang, KAIST kabi universitetlarida 2 oylik va 4 oylik malaka oshirish kurslarini o‘qib qaytgan professor-o‘qituvchilar universitetimizda xorijiy tillarda mutaxassislik fanlaridan dars berib kelmoqdalar. O‘quv fanlarini xorijiy tilda o‘qitilishidan asosiy maqsad hamda o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, bugungi kunda jahon amaliyotida korporativ axborot tizimlari jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Yaratilayotgan zamonaviy axborot texnolo­giyalari va dasturiy mahsulotlar, ulardan foydalanish qo‘llanma va interfeyslarining barchasi xorijiy tilda bo‘lib, toki ularni tarjima qilgunga qadar ketadigan vaqt mobaynida ushbu texnologiya va dastur eskirib bormoqda. Ushbu jarayonning katta tezlikda amalga oshirilishi iqtisodiy fanlarni xorijiy tilda o‘qitilganda natija samarasi sezilarli jihatda salmoqli bo‘lishini ko‘rsatadi.

Qolaversa, dunyoning yetakchi universtitetlarida xorijiy tilda fanlarni o‘qitish bo‘yicha turli o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, keys masalalar, laboratoriyalar, video va multimedia darsliklari yaratilgan bo‘lib, ular barcha internet foydalanuvchilari uchun ochiq holda foydalanishga taqdim etilgan. Janubiy Koreyada malakasini oshirib kelgan bir qator o‘qituvchilar darslarini samarali o‘tish uchun xorijda yaratilgan adabiyotlardan foydalanmoqdalar. Shu o‘rinda, xorijiy tilda samarali o‘qitish uchun bir qancha pedagogik inno­vatsion texnologiyalardan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu borada TATU professor-o‘qituvchilari tomonidan xorijiy tilda mutaxassislik fanlarini o‘qitishda bir qator pedagogik texnolo­giyalardan foydalanilmoqda.

Kasbiy darajasi va o‘z mutaxassislik mahorati samarasini oshi­rish va ularni zamonaviy talablarga muvofiq shakllanishini tashkil etish maqsadida, TATU pedagoglari tanlangan guruhlarda turli xil ochiq dars va amaliy mashg‘ulotlarni ingliz tilida o‘tkazmoqdalar. Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning ingliz tili savodxonligi darajasini belgilaydigan omillardan biri sifatida pedagog kadrlar­ning ingliz tilidagi ilmiy-tadqiqot ishlaridan xabardor bo‘lishlari maqsadga muvofiqdir. Bu borada TATU mutaxassislik fanlari o‘qi­tuvchilari o‘z oldilariga OAK e’tirof etgan jurnallarda, xorijiy nashrlarda ingliz tilida, ilmiy maqolalari chop etish hamda TATUning mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha xorijiy nashrlar va ilmiy jurnallar bilan muntazam tanishib borish, zamonaviy salohiyatli mohir pedagog darajasiga erishishni maqsad qilib qo‘yganlar.

Xulosa qilib aytganda, bugungi yoshlarimizni tarbiyalangan, munosib ta’lim olgan, savodxonligi va tayyorgarligi davr talabi darajasida bo‘lgan, tafakkuri va ongi yuksak, barkamol insonlar qilib tarbiyalash masalasiga har tomonlama amaliy va nazariy yordam berish Vatanimiz kelajagini ta’minlashga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mualliflar: Fayzulla Agzamov, TATU o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor, Vasilaxon Gaziyeva, Chet tillar kafedrasi mudiri, Dilshoda Gafurova, Menejment va marketing kafedrasi katta o‘qituvchisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq