Yosh avlodning intellektual salohiyatini rivojlantirishda axborot madaniyati va media savodxonlikning o‘rni
29.04.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Jamiyat rivojining bugungi bosqichi bevosita texnologiyalarning takomillashuvi bilan xarakterlanadi. Zamonaviy texnologik jara­yonlar har qanday sohaga o‘z ta’sirini o‘tkazgani kabi axborot uzatish tizimiga ham tobora yangi o‘zgarishlar olib kirmoqda. Shular qatorida Internet ayni davrda, dunyo bo‘yicha jadallik bilan global auditoriyani egallab bormoqda.

Binobarin, bugun Internet o‘zida barcha sohalar imkoniyatlarini mujassam etmoqda. Globallashuv sharoitida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT), birinchi galda, internet bolalar va o‘smirlar tarbiyasiga bevosita ta’sir etuvchi omilga aylangan. Ayni paytda mamlakatimizdagi 5 million nafar yosh foydalanuvchi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z profiliga ega. Shular­ning 3,6 million nafari internetga kirish uchun mobil telefonlaridan foydalanadi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, axborot texnologiyalari jamiyat tuzilmasining shu qadar ajralmas qismiga aylanib ulgurdi-ki, endi u shunchaki, texnologik jarayon emas, aksincha, ijtimoiy jara­yonga aylanib bormoqda. Davlatning iqtisodiy qudrati, xalqaro nufuzi, demokratik institutlarning rivojlanish darajasi — asosan axborot texnologiyalari taraqqiyotiga bog‘liq bo‘lib bormoqda.

Jamiyatni axborotlashtirish o‘tgan asrning 70-yillarida AQSHda va 80-yillarida Yaponiyada boshlangan bo‘lsa, qolgan qit’alarda o‘tgan asrning 90-yillaridan amalga oshirish jarayonlari boshlangan. Barcha tizimlarga AKTni joriy qilish natijasida jamiyatning ushbu sohadagi intellektual salohiyati bir necha pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi. Misol uchun, AQSHda axborot sohasida deyarli 75% mehnatga la­yoqatli aholi ishlaydi. Bu ko‘rsatkich boshqa mamlakatlarda 40 foizni tashkil etsa, ayrimlarida 20–25 foizga yetmaydi.

Bugungi kunda yoshlarning ma’naviy uyg‘oqlik tuyg‘ularini mustahkam qaror toptirish, ma’naviyatini yuksaltirish, ongida ruhiy poklik, ta’lim-tarbiya, targ‘ibot-tashviqot ishlarini doimiy, samarali va ta’sirchan tarzda, ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda olib borish davr taqozosidir. Yoshlarning ma’naviy olamini yuksaltirish hamda ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda AKTning roli katta. Mazkur talabning bugungi vazifasi tinglovchilarni kun sayin ko‘payib borayotgan axborot-ta’lim muhiti sharoitida kerakli axborotdan to‘g‘ri maqsadlarda foydalana olishga o‘rgatishdan iboratdir. Buning uchun Internet tarmo­g‘ining milliy segmentida resurslarni ko‘paytirish, rivojlantirish, ularni foydalanuvchilarga qulay tarzda taqdim etish, axborotlar­ning shaffofligi hamda xavfsizligini ta’minlash, turli tashqi zararli axborot ta’sirlardan himoyalash va foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish talab etiladi.

Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning zamonaviy bilim va taraqqiyot cho‘qqilarini egallashi, o‘z qobiliyat va iqtidorini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu jarayonda o‘sib kelayotgan yosh avlodning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish, ularni xalqimizning milliy an’ana va qadriyatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, ma’naviy olamini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ular tarbiyasiga ommaviy axborot vositalarining ta’siri yuqori ekanligini hech kim inkor qilolmaydi. Globallashuv jarayonining o‘ziga xos jihati uning mafkuraviy ta’sir o‘tkazish quroliga aylanishi mumkinligi bilan izoh­lanadi. Bugun uzoq-yaqin mintaqalarda yuz berayotgan voqealarni inobatga olsak, hali ongi, hayotiy qarashlari shakllanmagan yoshlarni chalg‘itishga qaratilgan g‘arazli kuchlar internet tarmog‘idan o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotganini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Demak, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish va ma’na­viy immunitetini kuchaytirish, axborot ma’daniyati va mediasavod­xonligini oshirish-axborot xavfsizligini ta’minlashning bosh omili, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Kompyuter xizmatlaridan foydalanish uchun vaqtini ham, pulini ham, oqibatda salomatligini ham ayamaydiganlar safi tobora kengayib bormoqda. Avval haddan tashqari sersavol, hamma narsaga qiziquvchan bo‘lgan bola, asta-sekin o‘zgara boshlaydi. Maktabdan keliboq, kompyuterga yopishadigan, undan soatlab ajralmaydigan bo‘lib qoladi. Avvaliga ota-onalar farzandi ko‘cha-ko‘yda tentirab yurganidan ko‘ra, darslardan so‘ng uyda, ota-onasining ko‘z o‘ngida o‘tirishidan xotirjam tortadi. So‘ng undagi ruhiy o‘zgarish o‘smirlik davriga to‘g‘ri kel­may qoladi. Odamovi, loqayd, yolg‘izlikni xush ko‘radigan, xudbin va takabbur bo‘lib qolayotgandek tuyuladi. Taassufki, so‘nggi paytlarda ko‘ngilni g‘ash qiladigan bunday holatlar ko‘p kuzatilmoqda.

Bugun internetdan foydalanuvchilarni shartli ravishda, ikki toifaga ajratish mumkin. Birinchi toifadagilar kasbi talabidan kelib chiqqan holda yoki ilmiy tadqiqotlari uchun zarur ma’lumot va axborot olish maqsadida, internetga murojaat qilayotganlar bo‘lsa, ikkinchi toifadagilar shunchaki, qiziqishiga ko‘ra, deylik, axloq­sizlik, tanishuv saytlariga kirib yoki onlayn o‘yinlari bilan kun o‘tkazish kayfiyatida bo‘lganlardir. Virtual olam insonni manipulyatsiya qilmoqda. Manipulyatsiya — bu fikriy qaramlik orqali o‘ziga bo‘ysundirish demakdir. Hozir ayrim bolalar yoki o‘smirlarning internet-kafeni ikkinchi uyiga aylantirib olayotgani sir emas. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, onlayn o‘yinlarini o‘ynovchilar ham asosan o‘smirlardir. O‘smirlik shaxsning fiziologik va ijtimoiy rivojlanishidagi o‘ziga xos davr hisoblanadi. Agar shu davrda o‘g‘il yoki qiz bolalar tajovuzkor ruhdagi onlayn o‘yinlariga berilsa, bu noxush oqibatlarga olib kelishi ehtimoldan xoli emas. Virtual olamda insonning vaqtni idrok qilish tizimi buziladi, ijtimoiy faolligi kamayadi. Kompyuter qarshisida vaqt o‘tganini sezmay qolishning boisi ham shunda.

Bundan tashqari, oxirgi paytlarda tobora ommalashib, jamiyatni, ota-onalarni, hattoki, ichki ishlar vazirligi xodimlarini xavotirga solayotgan ayrim guruhlar, oqimlar paydo bo‘lmoqda. Ommaviy axborot vositalari(OAV)da «o‘lim guruhlari» deb nom olgan bunday guruhlar odatda, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib, asosan maktab yoshidagi bolalarni jalb qilmoqda. Guruhlar tajribali psixologlar tomonidan boshqarilib borilmoqda. Insonparvar, huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishda axborot hamda u bilan bog‘liq bo‘lgan axborotlashtirish jarayonining huquqiy tartibga solinishi alohida ahamiyat kasb etadi. Yuqoridagi holatlar sabab, yoshlar o‘rtasida xorijiy axborot internet-saytlari ommalashishiga imkoniyat yaratilmoqda. Internet tarmog‘ida salbiy kontentning mavjudligi o‘z o‘rnida yoshlar ongida axloqsiz, ekstremistik, tajovuzkor g‘oyalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi, shuningdek, mavjud ay­rim noxolis saytlar esa yoshlar ma’naviyatiga jiddiy xavf hisoblanadi.

O‘zbekistonda Internetdan foydalanuvchilar soni kun sayin ortib borayotganligini inobatga olsak, axborot manbai sifatida OAV dan tashqari, Internetdan ham axborotlar izlash kundan-kunga jadallashmoqda. Bu esa qaysi sohaga oid bo‘lishidan qat’iy nazar, Internetning Milliy segmentida milliy-ma’naviy ruhdagi axborotlarimizni tobora ko‘paytirib borishni taqozo etadi. Qachonki, mahalliy saytlar, portallar kerakli axborotni yetkazib bera olmas ekan, u holda foydalanuvchi xorijiy Internet manbalariga murojaat qilishi tabiiy hol. Taassufki, xorijiy manbalardagi ma’lumotlarning bari ham birdek haqqoniy va xolis emas. Aytaylik, ongi to‘la shakllangan mustaqil shaxs bunday axborotlarni tahlil qilish, tanqidiy ko‘z bilan nazardan o‘tkazish va keraklisini tanlay bilish imkoniga ega, biroq Internetdan foydalanuvchilarning bari ham bundaylar sirasiga kirmaydi. Ularning aksariyati yoshlar, talabalar, o‘quvchilarni tashkil etadi.

Shularni hisobga olib, mamlakat umumta’lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining, oliy ta’lim muassasalari talabalarining axborotga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini har tomonlama qondirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shu­ningdek, Internet tarmog‘ining milliy segmentida ta’lim va bilim beradigan axborot resurslarini rivojlantirish maqsadida hukumatimizning bir qator farmoyish va buyruqlari chiqarilgan. O‘zbekis­tonning turli tuzilmalari tomonidan axborotlarni uzatish tarmoq­larida ta’lim va yoshlar bo‘yicha yaratilayotgan axborot resurslari yagona ZiyoNET axborot tarmog‘iga birlashtirilgan.

Uning vazifalari yoshlar uchun milliy axborot resurslarini shakl­lantirish va rivojlantirish, yoshlarning ma’naviy va aqliy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashadigan axborotdan keng ko‘lamda foydalanishlarini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va jismoniy tarbiya va sport turlarini ommalashtirish, o‘quvchilar va yoshlar uchun masofadan turib, ta’lim olish usullarini va boshqa axborot-kommunikatsiya xizmatlarini ta’lim tizimiga joriy etishda ko‘maklashish, ularning huquqiy madaniyati va ma’naviyatini yanada yuksaltirish va boshqalardan iboratdir. Berilayotgan huquqiy ka­folatlar samarasi sifatida, hozirgi kunda yurtimizda faoliyat ko‘rsa­tayotgan OAVning soni ortishi bilan birga, nodavlat matbuot nashrlari, radio, televideniya faoliyati jonlandi, ularning Internet global tarmog‘iga kirish imkoniyatlari kengaydi. Ayni chog‘da OAVning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va modernizatsiyalash jarayonidagi ahamiyati, ta’siri, mas’uliyatini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.

Yuqoridagi omillarga asoslanib, mamlakatimizda axborotlash­tirish va AKT sohasiga hukumatimiz alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil fevral oyidagi «Milliy tarmoqni yaratish va dunyo axborot tarmoq­laridan foydalanishni tartiblash to‘g‘risida»gi, keyinroq «O‘zbekiston Respublikasida 1999–2003 yillar ichida ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘ini rivojlantirish va takomillashtirish dasturi», 2002-yil iyundagi «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot — kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari qabul qilindi. Shu munosabat bilan respublikamizdagi qator ta’lim muassasalarining texnika zahirasi, jumladan, kompyuter texnikasining yangi avlodi bilan jihozlanishi, shuningdek, ularning Internet tarmoqlariga ulanishi, elektron aloqalar bilan ta’minlanishiga e’tibor yanada kuchaydi. Bularning barchasi ta’lim mazmunini samarali tashkil etish maqsadida respublika ta’lim muassasalariga yangi pedagogik va axborot texnologiya­larini joriy etish, o‘quv rejalariga kiritilgan fanlarni yangi interfaol usul va vositalardan foydalangan holda o‘qitish, jumladan, masofadan o‘qitish, elektron darsliklar yaratish va ularni o‘quv-tarbiya jarayoniga tatbiq etishga qaratilgan.

Xulosa qilib aytganda, yosh avlodni turli xil virtual va real xavfdan saqlash uchun bolalarni, yoshlarni internetdan chetlashtirib qo‘ya olmaymiz, albatta. Bu davr talabi, zamondan orqada qolib bo‘lmaydi. Farzandlarimizga virtual olamda nima yaxshi-yu, nima yomonligini o‘rgatish, ularda internetdan foydalanish madaniyatini shakllantirishimiz kerak. Bunda asosiy mas’uliyat ota-ona, o‘qituvchi-pedagoglar zimmasiga tushadi. Binobarin, yosh­larimizning ruhiy-ma’naviy olamini zararli unsurlardan himoya qilish orqali taraqqiyot poydevori yaratiladi. Ma’naviy barkamollik esa jamiyat taraqqiyotining muhim omilidir.

Adabiyotlar

  1. Учебный курс «Основы информационной безопасности» доктора физ.-мат. наук, заведующего сектором в отделе информационной безопасности НИИ системных иссле­дований РАН В. А. Галатенко
  2. Begimqulov U. Sh. Oliy pedagogik ta’lim muassasalarining yagona axborot makonini tashkil etish va uni rivojlantirish istiqbollari //J. Xalq ta’limi. — Toshkent, 2006. — №4. — Б. 4–7.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2012-yil
    21-martdagi «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnolo­giyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘ri­sida»gi PQ-1730-sonli Qarori.
  4. https://ru.wikipedia.org


Muallif: Aziza Abduqodirova, ZiyoNET Resurs-markazining Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi bo‘limi mutaxassisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq