WDM-PON asosida kirish tarmoqlarini qurish usullari
29.04.2017
Rukn: Texnologiya.
Muallif: .

WDM (Wavelength Division Multiplexing) – bir vaqtning o‘zida bitta optik tola bo‘ylab bir necha axborot kanallarini turli to‘lqin uzunliklar asosida uzatishga mo‘ljallangan texnologiyadir. WDM texnologiyasi aloqa kanalining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini sezilarli tarzda oshishini ta’minlaydi.

WDM asosida kirish tarmoqlarini qurish provayderlar tomonidan foydalanuvchilarga xizmatlarni yuqori sifatlar bilan yetkazish imkonini beradi. Bu tizim asosida kirish tarmoqlarini yara­tish an’anaviy TDM (Time Division Multiplexing) tizimlariga qaraganda, ko‘proq afzalliklarni ko‘rsatadi. Masalan, har bir foydalanuvchi alohida to‘lqin uzunligi bilan belgilanib, ajratilgan to‘lqin uzunligi kerak bo‘libganida foydalaniladi, boshqa vaqtda bo‘sh turadi. Bunda tarmoq foydalanuvchisi uchun hech qachon liniyaning band bo‘lish holati sodir bo‘lmaydi. TDM tizimlariga qaraganda, ma’lumotlarni uzatish tezligi yuqori va tarmoqning sig‘imi katta. Biroq bu tizimni kirish tarmoqlariga olib kirish TDM tizimlariga qaraganda ancha qimmat, qurilmalarning tannarxi foydalanuvchilar uchun iqtisodiy jihatdan arzon emas. Tizimning samaradorligi TDM tizimlariga nisbatan ancha yuqori, biroq alohida foydalanuvchilar uchun alohida ajratilgan to‘lqin uzunligining umumiy o‘tkazuvchanlik qobi­liyatidan samarali foydalanilmaydi, ya’ni qachon foydalanuvchi talab qilganida to‘lqin uzunligidan foydalaniladi — boshqa vaqtda tizimning o‘tkazuvchanlik qobiliyatidan maksimal foydalanilmaydi, ammo yuqoridagi bir qator kamchiliklarga qaramasdan, bugungi kunda passiv optik abonent kirish tarmoqlari (PON)da WDM tizimlarini qo‘llashning yangi usul va vositalari ishlab chiqilgan-ki, bu uning yagona yechim sifatida yuqori sifat ko‘rsatkichli aloqa xizmatlarini ko‘rsatish imkonini bermoqda.


1-rasm. WDM-PON tizimini namunaviy ko‘rinishi.

Passiv optik tarmoqlar uchun WDM (WDM-PON) tizimlari kanallari to‘lqin uzunligi bo‘yicha ajratilib, to‘lqin uzunligini multipleksorlash va demultipleksorlash jarayoni optik tarmoqlagich (ONU)da, magistral tarmoqlardan ma’lumotlarni qabul qilish hamda abonent tugunlariga kiruvchi oqimga shakllantirish vazifasini optik liniya terminali (OLT)da amalga oshiriladi (1-rasm). ONU qurilmasiga yoki OLT qurilmasidan multipleksorlash/de­multipleksorlash uchun AWG (Arrayed Waveguide Gratings) panjarasidan foydalaniladi.

WDM-PON tizimlarida (1-rasm) AWG ning har bir porti alohida mustaqil to‘lqin uzunliklarini filtrlaydi hamda har bir ONU qurilmasidagi optik qabul qilgich va uzatgich AWG dagi port orqali ajratilgan maxsus to‘lqin uzunligida optik signallarni uzatadi. Shuni ham alohida ta’kidlab ko‘rsatish mumkin-ki, AWG qurilmalari haroratga juda ta’sirchan bo‘ladi. Bugungi kunda WDM-PON tizimlarini qo‘llash bilan bog‘liq quyidagi ikkita asosiy muammo mavjud:

  1. AWG portining bog‘lanishi va optik qabul qilgich/uzatgich qurilmalari to‘lqin uzunliklari o‘rtasida real vaqtda doimiy bog‘lanish bo‘lishi lozim.
  2. Masofadagi AWG porti va markaziy ofisdagi mahalliy AWG portining to‘lqin uzunligi o‘rtasida real vaqtda doimiy bog‘lanish bo‘lishi lozim. Buning yechimi sifatida to‘lqin uzunligidan ustma-ust foydalanish maqsadga muvofiqdir. Bu usul o‘z ichi­ga optik quvvatni monitoring qilish va haroratni sezmaydigan AWGni oladi. Optik quvvatni monitoring qilish muammosi WDM-PON ustida olib borilgan dastlabki ilmiy-tadqiqot ishlarida taklif etilgan. Hozirda hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy ishlardan biri — bu haroratga bardoshli, ya’ni harorat ta’sir etmaydigan AWG texnologiyasini bevosita qo‘llashdir. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muammolardan tashqari, WDM-PON texnolo­giyasida boshqa kamchiliklar ham mavjud. Bular: xavfsizlik, texnologiyani kirish tarmoqlari uchun mos qilib yaratish, tannarxi va foydalanuvchilar tomonidan o‘tkazuvchanlik qobi­liyatidan samarasiz foydalanish.

WDM-PON tizimlarida signallarni uzatish jarayoni nuqta-nuqta Gigabit Ethernet (P2P-GE) tizimlarida signal uzatish jarayoni bilan o‘xshash. Ushbu tizimlar o‘rtasidagi asosiy farq shunda-ki, P2P-GE tizimlari bir xil turdagi optik tolada (bir modali yoki ko‘p modali) turli to‘lqin uzunliklarining ajratib olishga asoslangan bo‘lsa, WDM-PON tizimlarda har bir ONU o‘ziga tegishli to‘lqin uzunligiga ega bo‘ladi va to‘lqin uzunligining o‘tkazuvchanlik qobiliyati resurslaridan mustaqil ravishda foydalanadi. WDM-PON tizimlarini P2P topologiyasi asosida 2-rasmdagidek ifoda etish mumkin.


2-rasm. WDM-PON tizimlarini P2P topologiyasi asosida ko‘rinishi.

Bugungi kun uchun albatta WDMA-PON arxitekturasidan foydalanish yuqori tezlikli abonent kirish tarmoqlarini qurish uchun eng yaxshi yechimlardan biri hisoblanadi. Bu arxitektura orqali OLT ga har bir foydalanuvchi ajratilgan to‘lqin uzunligida nuqta-nuqta usulida bog‘lanadi. Shu kunga qadar, WDMA-PON arxitektura­sining ko‘pgina yechimlari kirish tarmoqlari uchun taklif etilgan bo‘lib, bulardan foydalanish yoki tarmoqqa tatbiq qilish iqtisodiy jihatdan samarador emas. Agar WDM kirish tarmoqlarida qo‘llanilsa, ONU da ikki chastotadan bir vaqtning o‘zida foydalanish: masalan, birinchi chastotadan faqat uzatish, ikkinchisidan faqat qabul qilish uchun talab qilinadi.

Adabiyotlar:

  1. Design of passive optical network. Juan Salvador Asensi Pla. Brno, Universidad, Politecnica de Valencia. 2011.
  2. S. Azodolmolky & I. Tomkos, «A Techno-economic study for active Ethernet FTTH deployments», Journal of Telecommunications Management, Vol. 1, 3, pp291–310, 2008.
  3. C-Y Lee, G. Keiser & S-L Lee, «A Comprehensive Methodology for Comparing Different FTTP Solutions», paper NThD3, OFC/NFOEC. 2008.


Muallif: Xusan Soatov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU assistenti, Seul fan va texnologiyalar Milliy universiteti (SeoulTech) tinglovchisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq