Iogann Gelfrix fon Myuller mexanik kalkulyator ixtirochishi
29.04.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

Aloqa tarixi rivojida ko‘plab ixtirochi-olimlarning xizmatlari katta. Ular qatorida mashhur ixtirochilardan biri Iogann Gelfrix fon Myullerning ilmiy-ijodiy faoliyati ham alohida e’tiborga sazovor. Mamlakatimiz “Aloqa tarixi muzeyi” zallari bo‘ylab tanishuv sayohatimiz va navbatdagi sahifamiz dastlabki hisob mashinasi — mexanik kalkulyator ixtirochisi Iogann Gelfrix fon Myullerga bag‘ishlanadi.

Iogann Gelfrix fon Myuller (nemischada: Johann Helfrich von Muller) o‘z davrida mashhur muhandis va arxitektor bo‘lgan. Maxsus mexanik hisoblash qurilmasining ixtirochisi sifatida nomi tarixda qolgan. Jahonda birinchi bo‘lib, hisoblashni ixtisoslashgan qurilmada amalga oshirib, natijasini qog‘ozga bosib chiqa­rish g‘oyasini yaratgan. Kichik gabaritli mexanik kalkulyator ishlab chiqqanligi bilan mashhurlikka erishgan.

Iogann Gelfrix fon Myuller 1746-yil 16-yanvarda Germaniyada tavallud topgan. Otasi ham arxitektor va muhandis, onasi uy bekasi bo‘lgan. Kichik xususiy boshlang‘ich maktabni bitirib, Darmshtadt shahridagi grammatika maktabiga o‘qishga kirgan. 1762-yil bahor faslida harbiy bilim o‘quv yurtida ta’limni davom ettirgan. Bu vaqtda butun oilasi bilan Gisen shahriga ko‘chib o‘tganlar. Iogann Myuller bu yerda Gisen universitetida o‘qib, matematika va fizika fanidan ma’ruzalarni qiziqib tinglaydi. Otasi uni ham oilaviy an’anani davom ettirib, yaxshi muhandis-arxitektor bo‘lishini xohlardi, biroq Iogann o‘z kelejagini boshqa yanada qiziqarli sohalarda tasavvur qilardi. Hali grammatika maktabida o‘quvchilik davridayoq u juda ham rassom bo‘ishni orzu qilardi, universitetda tahsil olarkan, matematika va fizika fanlari professori bo‘lishni maqsad qila boshlagan, biroq muhandislik kasbi undan-da qiziqarliroq tuyulib, ko‘p vaqtini shu sohaga va statistika, gidravlika hamda mexanikaga oid kitoblar mutolaasiga baxsh etdi. Natijada soha bo‘yicha qiziqish bilan faoiyat yurita boshladi.

Myuller 1769-yilda muhandis sifatidagi ish faoliyatida, Gessen shahrining hukmdori, arxitektura va muhandislik sohasida juda keng bilimga ega bo‘lgan, shahzoda Georg Vilgelm e’tiboriga tushadi. Bo‘lajak ixtirochi-olim o‘z bilim doirasini kengaytirish maqsadida, 1769–1770 yillarda Italiya (Rim, Neapol, Venetsiya) hamda Avstriya (Vena)da bo‘ladi. 1772-yil aprel oyida Myullerni shahzoda Vilgelm o‘zi bilan besh oylik Parij sayohatiga olib ketadi, u yerda va Sen-KluVersal va Marli shaharlarida bo‘lib, bino qurilishi hamda ma­shinalarga oid juda ko‘p qiziqari bilimlarni o‘zlashtirib qaytadi. Mazkur sayohatdan so‘ng Myuller o‘zining ko‘p vaqtini moliyaviy hisob-kitoblarni turli usullarda amalga oshirish hamda arxitektura va mexanikaga oid loyihalarga bag‘ishlaydi.

Shu tariqa, Myuller 1774-yil fevral oyida Darmshtadt shahrida quri­lish bo‘yicha inspektor lavozimida faoliyat yuritadi. Uch yil vaqt o‘t­gach, binolarning loyihasi va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mas’ul bo‘lgan quruvchilar pudratchisiga aylanadi. Myuller 1770-yil­da Darmshtadtdagi ko‘plab binolar loyihalarini yaratishda ishtirok etadi. 1780-yilda Darmshtadt shahri markaziy bozori maydonidagi katta favvora ham aynan Iogann Myuller loyihasi asosida bunyod etilgan bo‘lib, hozirga qadar tarixiy yodgorlik sifatida saqlanib qolgan.

Myuller kalkulyatori

Bugungi kunga kelib, kalkulyator oddiy zerikarli qurilmadek bo‘lib tuyulmoqda, sababi zamonaviy mobil telefonlari, kompyuterlar menyusiga ham kalkulyator kiritilgan bo‘lib, ulardan foydala­nish qiziqarliroqdek ko‘rinadi. Batareykalarda ishlaydigan kalkulya­tor qurilmalari hisoblash, ayrimlari hatto jadval chizishni amalga oshira oladi. Aslida, kalkulyator qurilmalari yaratilganligi o‘z davri­da juda zamonaviy texnologiya hisoblangan. Hozirgi davrda, kundalik hayotimizda kalkulyatorlardan barcha sohalar hisob-kitob ishlarida foydalanamiz. Foydalanayotgan mazkur qurilmamiz juda ko‘p ixtirochi-olimlarning mehnatlari evaziga takomillashtirib, ishlab chiqilgan. Shunday ixtirochilardan biri — Iogann Myuller bo‘lgan.

Iogann Myuller juda ham keng ijodiy tafakkurga ega inson edi, u 1770-yillarning boshidayoq turli ixtirolarni amalga oshirgan. Uning dastlabki ixtirosi shahzoda Georg Vilgelm buyurtmasiga ko‘ra uning farzandlari uchun yaratilgan optik va mexanik imkoniyat samarasiga ega bo‘lgan teatr edi. Bundan tashqari, uning ijodiy mahsuli sifatida turli ishlanmalar: katta olov hosil qiluvchi (fokuslanuvchi) ko‘zgu, quyosh soatlari, havo nasosi, barometr, dalnomer va boshqalarni yaratdi. Ishlanmalari orasida katta e’tibor qozongan muhim ixtirosi — bu 1780-yillarda yaratgan hisoblash qurilmasi­ning loyihasi — mexanik kalkulyator va farqlar mashinasi edi. Mazkur mashina ko‘proq viktorian vaqt mashinasini eslatsada, uning yordamida nafaqat oddiy matematik funksiyalar, balki logarifmlar va trigonometrik funksiyalarni ham hisoblash mumkin edi.

Myuller 1776–1790 yillarda davlat arxitektori lavozimida ishlagan. 1820-yilga qadar faoliyat yuritib, nafaqaga chiqqan. Buyuk xizmatlari uchun unga 1810-yil 23-iyunda dvoryanlarcha nasabini ko‘tarib, an’anaga ko‘ra familiyasiga: fon Myuller darajasi berilgan. 1781-yilda Iogann Myuller oila quradi va besh farzandli bo‘ladi. Uning nabirasi taniqli yozuvchi — Luiza Shyukingdir. Muhandis-arxitektor va ixtirochi Myuller 1830-yil 12-iyunda Darmshtadtda vafot etgan. Xulosa qilib aytganda, jahonga mexanik kalkulyator loyihasi va qurilmasini taqdim etgan ixtirochi Iogann Myuller aloqa tarixi sahifalaridan munosib o‘rin egalladi. Uning nomi jahonda dastlabki hisoblash mashinasi — mexanik kalkulyatorni taqdim etgan ixtirochi sifatida tanildi.

 Maqola «Aloqa tarixi» muzeyi va infoCOM.UZ jurnali o‘rtasidagi hamkorlik loyihasiga asosan tayyorlandi. Maqola materialida Vikipediya — ochiq ensiklopediya va boshqa adabiyotlardan foydalanildi.

Mualliflar: Abdulvoris Muhamedov, Nilufar Azizova

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq