Ta’lim va ilm-fanning ishlab chiqarish bilan hamkorligini kuchaytirish – AKT sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlash garovi
28.04.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar, Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Fayzulla Agzamov.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida davlat va hukumat rahbariyati tomonidan ko‘rsatilgan yuksak e’tibor natijasida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari tez sur’atlar bilan rivojlanib kelmoqda.

Teshabayev To‘lqin Zakirovich, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori

Hozirgi kunda mamlakatimiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) infratuzilmasi jahonning rivojlangan mamlakatlari infratuzilmasi bilan bemalol raqobatlasha oladigan darajaga erishdi. Mustaqillik ozod yurtimizga jahon maydonida o‘zbek millatining yuksak salohiyatini ko‘rsatish, o‘ziga xos rivojlanish g‘oyalarini namoyon etish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Ushbu ulkan ishlarni davom ettirib, ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, shuningdek, respublika iqtisodiyoti­ning yetakchi tarmoqlari va sohalari uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Res­publikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 15-martda «Toshkent axborot texnologiyalari universiteti­ning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘ri­sida»gi PQ-2834-son qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 2017-yil 20-martda amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Prezident Qaroriga muvofiq, universitetga buyuk ajdodimiz «Muhammad al-Xorazmiy» nomi berildi. Universitet va uning hududiy filiallarida jahondagi rivojlangan boshqa davlatlarning universitetlaridagi sharoitlardan qolishmaydigan zamonaviy jihozlangan o‘quv va ilmiy laboratoriyalar hamda kompyuter sinflari, shuningdek, professor-o‘qituvchilarni xo­rijiy davlatlarning nufuzli universitetlarida malaka oshirishlarini ta’minlash maqsadida universitet qoshida Ilmiy-innovatsion rivojlan­tirish jamg‘armasi tashkil etildi. Universitet va filiallarning iqtidorli talabalari uchun «Muhammad al-Xorazmiy» nomidagi stipendiya ta’sis etildi. Shuningdek, yosh tadqiqotchilar, ilmiy ish bilan shug‘ul­lanayotgan magistr va bakalavrlar uchun «Muhammad al-Xorazmiy avlodlari» nomli ilmiy-amaliy va axborot-tahliliy jurnali tashkil etildi. Ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish va startap g‘oyalarini rivojlantirish maqsadida «Yosh olimlar kengashi» tashkil etildi hamda Nizomi tasdiqlandi. «Yosh olimlar kengashi» tarkibiga universitetda faoliyat olib borayotgan 4 nafar akademiklar, O‘zbektelekom AK va uning «Telekommunikatsiya transport tarmoq­lari» va «Billing telekom» filiallari, Davlat aloqa inspeksiyasi, O‘zbekiston Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish markazi, EMMM DUK, O‘zbekiston Pochtasi AJ, RRTM DUK, Matbuot tarqatuvchi AK kabi 10dan ortiq soha korxonalaridan 21 nafar ekspert va rahbar xodimlari jalb qilindi. Universitet huzuridagi Dasturiy mah­sulotlar va apparat dasturiy majmualar yaratish markazi negizida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi tashkil etildi. Prezidentimiz­ning mazkur qarorlari bilan amalga oshirilgan ishlar istiqbolda universitet va uning hududiy filiallarida ta’lim sifatini xalqaro standartlar darajasiga yetkazish, AKT sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqadi albatta!

O‘zbekistonda respublika iqtisodiyoti tarmoqlarining turli sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha yetuk va malakali mutaxassislarni tayyorlash davlatimiz ta’lim tizimining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Respublikamizda AKT sohasida zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ning maqsad va g‘oyalaridan kelib chiqqan holda, o‘z faoliyatlarini yangi yo‘nalishda olib borayotgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inxa universitetida amalga oshirilmoqda. Rivojlangan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribasi shuni ko‘rsatmoq­daki, yuqori malakali, professional oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashda oldinga qo‘yilgan maqsad va ko‘rsatkichlarga to‘laqonli eri­shish uchun ta’lim va ilm-fanning ishlab chiqarish bilan integratsiyasi yuqori darajada ta’minlanishi zarur. Ushbu yo‘na­lish maqsadlarini inobatga olgan holda, Toshkent axborot texnolo­giyalari universiteti rahbariyati tomonidan ta’lim va ilm-fanning ishlab chiqarish bilan hamkorligini kuchaytirish va integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha keyingi yillarda bir qator tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2013-yil 26-martdagi «Axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1942-sonli Qarori, shuningdek, vazirlikning 2016-yil 20-dekabrdagi 370-son buyruqlari universitet va uning filiallarida ta’lim va ilm-fanning ishlab chiqarish bilan hamkorligini va integratsiyasini kuchaytirish, ilmiy salohiyatli kadr­lar tayyorlash bo‘yicha bir qator ustuvor vazifalarni amalga oshi­rishda dasturulamal bo‘lmoqda.

I. Ta’lim va ilm-fanning ishlab chiqarish bilan hamkorligini kuchaytirish, ilmiy salohiyatli kadrlar tayyorlashning joriy holati

Ilm-fanning ishlab chiqarish bilan hamkorligini kuchaytirish, il­miy salohiyatli kadrlar tayyorlash, bu borada hal qilinishi lozim bo‘l­gan asosiy masalalarni aniqlash va muammolarni bartaraf etish, ta’lim-tarbiya ishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Hukumat rahbariyatining mazkur topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, bu borada, o‘tgan davr mobaynida o‘quv-tarbiya tizimini ishlab chiqarish bilan hamkorligi yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2016-yil sentabr oyidan boshlangan tadbirlar davomida O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi, «Media markaz», «GM O‘zbekiston» AJ kabi tashkilotlar bilan hamkorlik shartnomalari tuzilib, tashkilotlarning soni 9taga hamda Respublika tele­kommunikatsiya bozorida faoliyat olib borayotgan NEC kompaniyasi, CISCO, Nokia, Microsoft korporatsiyasi singari xorijiy ishlab chiqarish korxonalari bilan o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumlari imzolanib, xorijiy hamkor korxonalarning soni 11taga yetkazildi.

Vazirlik tizimidagi 33ta soha korxonasi va uning viloyatlardagi bo‘linmalarida 46ta kafedra filiallari tashkil etildi. Universitet va soha korxonalarining yaqindan hamkorligi natijasida mashg‘ulotlar, BMI va MD himoyalari va amaliyotlar real o‘tkazilayotgan kafedra filiallari soni universitetda 10taga, filiallarda 7taga yetkazildi. Soha korxonalari bilan hamkorlik doirasida 2014–2016 yillarda universitet va uning filiallari kesimida 32ta o‘quv laboratoriyalari tashkil qilingan, jumladan, O‘zbektelekom AK bilan birgalikda «CDMA-450», «NGN keyingi avlod texnologiyalari», mobil aloqa va optik aloqa tizimlari o‘quv laboratoriyalari, «Raqamli televideniya», Urganch filiali yangi o‘quv binosidagi laboratoriyalar, ZTE, Huawei o‘quv laboratoriyalari va boshqalar shular jumlasidandir.

Huawei kompaniyasining Markaziy Osiyoda birinchi axborot va tarmoq texnologiyalari akademiyasi ochildi va interaktiv o‘quv laboratoriyasi tashkil etildi. ZTE kompaniyasining «Smart Classroom» yangi interaktiv o‘quv laboratoriyasi tashkil etildi. 2016-yil sentabr va joriy yil mart oylari davrida «O‘zbektelekom» AK va uning filiallari, «Matbuot tarqatuvchi» AJ, «O‘zbekiston pochtasi» AJ, RRTM DUK, «Alskom» SK, «Uzinfokom» DUK, UNICON.UZ DUK, EMMM DUK, «Elektron hukumat tizimlarini rivojlantirish markazi, shuningdek, xorijiy ishlab chiqarish korxonalarining tajribali mutaxassislari ishtirokida 36 marta «master klass» uchrashuv soatlari o‘tkazildi. BMI va MD ishlariga soha korxonalaridan rahbarlar va maslahatchilar biriktirildi. Bu borada, 2015–2016 o‘quv yilida 1285 nafar (53,5 foiz) bakalavrlarning BMI ishlariga va 93 nafar (52,8 foiz) magistrlarning MD ishlariga soha korxonalari mutaxassislari ilmiy rahbar etib tayinlangan bo‘lsa, 2016–2017 o‘quv yilida 1461 nafar (63,7 foiz) bakalavr hamda 117 nafar (59,7 foiz) magistr bitiruvchilarining BMI va MD ishiga soha mutaxassislari ilmiy rahbar sifatida biriktirildi.

2015–2016 o‘quv yilida jami 2400 nafar bakalavr bitiruvchidan 610 nafari (25,4 foizi) va 176 nafar magistrdan 112 nafari (63,6 foiz) soha korxonalariga ishga joylashgan. Joriy o‘quv yilida esa 2294 nafar bakalavr bitiruvchidan 634 nafarini (27,6 foizi) va 196 nafar magistratura bitiruvchilarining 118 nafari (60,2 foiz) mazkur korxo­nalarga ishga yuborilishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida, soha korxonalari va tashkilotlari bilan birgalikda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasini samarali tashkil etish rejalashtirilmoqda. Soha korxonalari tomonidan darslik va o‘quv qo‘llan­malari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelinmoqda. Jumladan, mutaxassislik fanlaridan 2015–2016 o‘quv yilida EMMM DUK homiyligida 5 nomdagi 700 nusxa o‘quv adabiyoti chop etilgan, «O‘zbektelekom» AK homiyligida 47 nomda 47 dona chet el adabiyotlari keltirilgan. RAKM DUK tomonidan 3 nomda 600 nusxa adabiyot taqdim etilgan, UNICON.UZ DUK tomonidan 3 nomdagi 43 nusxa adabiyot taqdim etilgan.

2016–2017 o‘quv yilida «O‘zbektelekom» AK homiyligida 1 nomdagi 100 nusxa, UzDigital korxonasi tomonidan 3 nomdagi 255 nusxa o‘quv adabiyoti olib kelingan. O‘quv jarayonida ehtiyoj eng ko‘p bo‘lgan 9ta darslik, 24ta o‘quv qo‘llanma va 11ta o‘quv-uslubiy maj­mualarni chop etish bo‘yicha reja tasdiqlanib, uning bajarilishi yuzasidan Vasiy­lik kengashi tomonidan 300 mln. so‘m mablag‘ ajratilishi ijobiy hal qilindi. Bundan tashqari, Nukus filialida 2017-yil davomida qoraqalpoq tilida bitta darslik va 15ta o‘quv qo‘llanmalar tarjima qilish va yaratish bo‘yicha reja tasdiqlanib, tayyorlangan darslik va o‘quv qo‘llanmalarni chop etish bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan mablag‘ ajratish masalasi muhokama etilmoqda. Shu bilan birga, universitet axborot resurs markazida mavjud o‘quv adabiyotlarini raqamlashtirish dolzarb vazifa ekanligini nazarda tut­gan holda, universitet va RAKM DUK o‘zaro hamkorlikda ishlarni amalga oshirmoqda. RAKM DUK universitet ARM fondidagi 42 ming nomdagi o‘quv adabiyotlarini raqamlashtirish bo‘yicha har yili bir qator ishlarni amalga oshirib keladi, jumladan, RAKM tomonidan 14 ming nomdagi (33,4 foiz) o‘quv adabiyoti raqamlashtirilib berildi.

II. Yuqori malakali ilmiy salohiyatli kadrlar tayyorlash bo‘yicha joriy holat va yangi tadbirlar

Rahbariyat topshiriqlaridan kelib chiqqan holda, universitet va filiallarda ilmiy salohiyatni oshirish asosiy vazifaga aylandi. Hozirgi kunda ilmiy salohiyatni oshirish ishlariga ushbu ta’lim dargohi­ning akademiklari, yetuk olimlari va professorlari, fan nomzodlari, yosh olimlari, ilmiy ishlarni tayyorlagan va olib borayotgan katta ilmiy xodim va mustaqil izlanuvchilar va ilmiy ish bilan shug‘ul­lanayotgan jami pedagoglar jalb qilingan. Universitet rahbariyati tomonidan ilmiy salohiyatni oshirishda eng asosiy hal etilishi lo­zim bo‘lgan ishlar quyidagilar hisoblanadi:

  • pensiya yoshi bilan yoki boshqa ishga o‘tishi bilan bog‘liq ishdan ketgan ilmiy salohiyatli kadrlar o‘rniga maksimal darajada ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan mutaxassislarni ishga qabul qilish;
  • yosh mutaxassislarning ilmiy ishlar bilan shug‘ullanishi uchun kafedralarda ilmiy yo‘nalishlarni shakllantirish va ilmiy laboratoriyalarni tashkil qilish, shuningdek, kafedra mudirlarining yosh mutaxassislarni ilmiy ishlarga jalb etish, ularga ilmiy yo‘nalishlarni va maslahatchilarni aniqlash bo‘yicha ish olib borishlarini ta’minlash;
  • dissertatsiya natijalari bo‘yicha yetakchi xorijiy ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishga ko‘maklashish, yosh olimlarni va ilmiy xodimlarni rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • ilmiy ishlari tayyorligi 50 foizdan oshgan yoki yakunlash arafasida turgan yosh olimlar va tadqiqotchilarni aniqlash, ular bilan alohida reja asosida ishlashni tashkillashtirish.

Universitet va filiallar bo‘yicha o‘rtacha ilmiy salohiyat ko‘rsat­kichi hozirgi kunda 25,0 foizni, jumladan, universitetda 26,5 foizni, filiallarda 23,4 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi yillarda universitet va filiallarga 60dan ziyod yosh iqtidorli magistrlar ishga qabul qilindi. Soha korxonalari bilan integratsiyani mustahkamlash maqsadida universitet va hududiy filiallariga soha korxonalari mutaxassislari 0,25 va 0,5 st. o‘rindoshlik asosida jalb qilindi. Jumladan, universitetda 27 nafar, filiallarda 20 nafar jami 47 nafar soha mutaxassislari o‘rindoshlik asosida kafedralarga jalb qilingan. Bu yo‘nalishdagi ishlar yanada rivojlantirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-dekabrda ilm fan fidoyilari bilan uchrashuvda belgilab bergan asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, universitetda ilmiy salohiyatli kadrlar tayyorlash holatini tubdan yaxshilash maqsadida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi: 4 nafar akademiklarning ish faoliyatlari uchun zarur sharoitlar yaratilib, ularning rahbarligida «Axborot xavfsizligi», «Kompyuter va dasturiy injiniringi», «Ehtimollar nazariyasi va amaliy matematika» hamda «Mobil va optik tolali aloqa tizimlari» kabi ilmiy maktablari yaratildi. Sohadagi korxonalarining 24 nafar rahbar xodimlari va tajribali mutaxassislari, universitet yosh olimlari va magistrlardan iborat bo‘lgan «Yosh olimlar kengashi» tashkil etildi.

«Namunali kafedra» tanlovi o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. 3 nafar katta ilmiy xodim izlanuvchilar va mustaqil tadqiqotchilar 2016-yil noyabr–dekabr oylarida doktorlik himoyalarini amalga oshirdi. 2016-yil dekabr oyida doktorlik ishini himoya qilgan 3 nafar katta ilmiy xodim izlanuvchilarning har biriga va ularning ilmiy mas­lahatchilariga 1,6 mln. so‘mdan mukofot puli berildi. 2017-yilda 19 nafar katta ilmiy xodim izlanuvchilar hamda 19 nafar mustaqil tadqiqotchilar­ning doktorlik himoyalari rejalashtirildi, ulardan 34 nafari universitet, 2 nafari Samarqand filialidan va 2 nafari Urganch filialidan himoyaga chiqish arafasida turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-fevraldagi «Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-4958-son Farmoniga muvofiq, 2017-yilda 5 nafar xodim fan doktori yo‘nalishida, 33 nafar xodim esa PhD tizimida doktorlik ishini himoya qiladi. 2017-yilda Radioelekt­ronika va aloqa ilmiy-texnik jamiyatining 320 mln. so‘m hajmdagi 2ta ilmiy-tadqiqot ish­larining bajarilishi rejalashtirilgan, 8ta ilmiy-tadqiqot ishlari AKTni rivojlantirish fondi hisobidan 2,2 mlrd. so‘m hajmida moliyalashtiri­lishiga erishildi. 2016-yil dekabr oyida Yevropa ittifoqi­ning Erasmus+ dasturi doirasida 65,8 ming yevro hajmidagi xalqaro ta’lim granti qo‘lga kiritildi. Bugungi kunda universitetda umumiy miq­dori 170,2 ming yevroga teng bo‘lgan 6 loyiha ustida ish olib borilmoqda.

III. Ilmiy salohiyatli kadrlar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar

Ilmiy salohiyatli kadrlar tayyorlashning asosi magistratura bo‘yicha iqtidorli mutaxassislarni yetishtirish bo‘lib hisoblanadi. Hozirgi kunda universitet va filiallar kesimida magistraturaga qa­bul kvotasini shakllantirish ishlari olib borilmoqda. 2013–2016 yillarda universitet va filiallardan 21 nafar xodimlar katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga o‘qishga qabul qilingan. Yosh mutaxassislarni ilmiy yo‘nalishlarga jalb etish maqsadida, 2017-yilda universitet va filiallarning 11 nafar xodimlari doktoranturaga qa­bul qilindi.

Universitet va filiallar bo‘yicha 2013–2016 yillarda, 26 nafar xodim mustaqil izlanuvchi sifatida o‘qishga qabul qilingan, shundan 9 nafari universitet, 17 nafari filiallar xodimlaridir. Yosh olimlar kengashi faoliyatiga jalb etish maqsadida, olib borilgan ishlar natijasida, 2016–2017 o‘quv yilida universitet va filiallardan 10 nafar xodimlarni mustaqil izlanuvchilar sifatida o‘qishga qabul qi­lindi. 2012–2016 yil davomida TATU va uning filiallarining 17 nafar ilmiy xodimlari doktorlik dissertatsiyalari himoya qilishgan. Shulardan 8 nafari universitet, 6 nafari Samarqand filiali, 2 nafar Nukus filialidan, 1 nafar Farg‘ona filialidan doktorlik ilmiy ishini himoya qildi.

Doktorlik dissertatsiyalari asosida jami 78ta, jumladan, universitetda 15ta, Samarqand va Farg‘ona filiallarida 29ta, Nukus filialida 6ta, Qarshi filialida himoyaga chiqish arafasida turgan pedagoglar tomonidan 28ta patent va guvohnomalar olingan. Universitetda 17 nafar, Samarqand, Farg‘ona, Qarshi va Nukus filiallarida faoliyat olib borayotgan 4 nafar fan doktorlariga 27 nafar doktorant va 29 nafar mustaqil tadqiqotchilar biriktirilgan. Ulardan o‘tgan davr ichida universitetdan 3 nafar va Nukus fili­alidan 1 nafar katta ilmiy xodim doktorlik himoyasini amalga oshirgan. TATU va uning filiallarida jami 19ta, jumladan, universitetda 12ta, Samarqand filialida 5ta hamda Nukus filialida 2ta ilmiy laboratoriya mavjud. Hozirgi kunda ilmiy laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Universitet tomonidan «Algoritmlash va dasturlash», «Multimedia va Dasturiy injiniring», «Telekommunikatsiya tizimlari va tarmoqlarining axborot xavfsizligi», «Zamonaviy simsiz aloqa tizimlari va texnologiyalari» kabi 7ta ilmiy laboratoriyalar lo­yihalari ishlab chiqildi.

IV. Ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar

Universitet rahbariyati tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari ilmiy pedagogik salohiyatni oshirishning asosini tashkil etishini hisobga olgan holda, 2017-yilda amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarining ahamiyatiga, ularning salmog‘i va hajmiga alohida e’tibor berildi. Xususan, universitetda 2016-yilda 312 mln. so‘m hajmdagi 9ta fundamental, 1040,2 mln. so‘m hajmdagi 24ta amaliy va 253,35 mln. so‘m hajmdagi 3ta innovatsion yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, filiallarda 216,9 mln. so‘m hajmdagi 4ta fundamental, 847,0 mln. so‘m hajmdagi 10ta amaliy yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi. 2017-yilda 2764,5 mln. so‘m hajmdagi 24 ta loyiha qo‘lga kiritildi, jumladan, 830 mln. so‘m hajmda 8ta fundamental, 1404,5 mln. so‘m hajmda 10ta amaliy, 350,0 mln. so‘m hajmda 2ta innovatsion, 65,0 mln. so‘m hajmda 2 nafar yosh olimlarning fundamental, 115,0 mln. so‘m hajmda 2ta idoralararo davlat buyurtmasi bo‘lgan loyihalar bajarilishi rejalashtirilmoqda. Davlat ilmiy texnik dasturlari doirasida bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlari­ning natijasida universitet va filiallar bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni bajarish orqali 4ta patent, 158ta mualliflik guvohnomalari va 47ta tatbiq etilganlik dalolatnomalari olingan.

2017-yilda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fondi tomonidan 2,2 mlrd. so‘m hajmida 8ta loyiha moliya­lashtirildi. Universitetda ITIlarning jami hajmi 4,956 mlrd. so‘mga yetdi. 2016-yilda universitet va uning filiallarida 993,2 mln. so‘m hajmdagi 127ta xo‘jalik shartnomasi asosida ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilib, universitet hissasiga 633,3 mln. so‘m va filiallar ulushiga 360 mln. so‘m to‘g‘ri keldi. Bu yo‘nalishdagi asosiy masalalardan biri, soha korxonalari bilan tuzilayotgan xo‘jalik shartnomalaridir, misol uchun, 2015-yilda 759,8 mln. so‘mlik xo‘jalik shartnomasi bajarilgan. Universitet oldida turgan eng asosiy vazifa­lardan biri bo‘lgan 2017-yilda soha korxonalari bilan xo‘jalik shartnomalarini tuzish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Fan ta’lim va ishlab chiqarishning amaliy hamkorligini ta’minlash hamda sohadagi muammolar yechimining ilmiy asoslarini yaratishda xo‘jalik shartnomalarining ahamiyati katta hisoblanadi. Soha korxonalari tomonidan bu borada universitet bilan hamkorlikni davom ettiri­lishi va yanada kuchaytirilishi yuzasidan ikki tomonlama chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Universitet qoshidagi «Fan, ta’lim va ishlab chiqarishda innovatsion hamkorlik markazi» tomonidan 33ta tashkilotning ilmiy texnik muammolari o‘rganildi va natijada 24ta tashkilot bilan in­novatsion hamkorlik shartnomasi tuzishga erishildi. Universitet qoshidagi Dasturiy mahsulotlar va apparat-dasturiy majmualar yara­tish markazi tomonidan 2012–2016 yillar oralig‘ida 1,55 mlrd. so‘m hajmida 4ta fundamental, 4,18 mlrd. so‘m hajmida 22ta amaliy loyihalar, 136,9 mln. so‘m hajmda 4 nafar yosh olimlar loyihalari va 321,3 mln. so‘m hajmda 3ta innovatsion loyihalari olib borilgan. Markaz tomonidan 2017-yil uchun Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasiga 850 mln. so‘m hajmdagi 6ta fundamental, 150 mln. so‘m hajmdagi bitta amaliy, 140 mln. so‘m hajmdagi bitta innovatsion, 650 mln. so‘m hajmdagi 4ta idoralararo loyihalar va jami 1,79 mlrd. so‘m hajmdagi 12ta ilmiy-tadqiqot ishlari taqdim etildi. Bugungi kunda Markazning faoliyatini yanada takomillashtirish, uning iqtisodiyotning real sektorlari, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining dasturiy mahsulotlar va apparat dasturiy majmualarga bo‘lgan asosiy ehtiyojlarini ta’min­lashga qaratish maqsadida muhim hujjatlar loyihasi tayyorlandi va Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

V. Ilmiy-tadqiqot ishlari va turli xil loyihalarga iqtidorli talabalar, magistrantlar va ilmiy xodimlarni jalb etish bo‘yicha ma’lumot

2016-yil davomida TATU va uning filiallarida jami 326 nafar iqtidorli talabalar, 103 nafar magistrantlar va 37 nafar doktorantlar ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etilgan. 2017-yildan boshlab har bir ilmiy loyihaga iqtidorli bakalavriatura va magistratura talabalarini jalb etish tartibi joriy etildi. 2012–2016 yillar davomida TATU va uning filiallarida bajarilayotgan davlat ilmiy texnik dasturlari doirasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarining Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasida 223 ishlanmalar bilan ishtirok etishga erishildi. Universitetning iqtidorli talabalar, magistrlar va professor-o‘qituvchilarining dasturiy va texnik ishlanmalari ko‘rgazmalari tashkil etildi va ko‘rgazmada diqqatga sazovor bo‘lgan 27ta veb-ishlanma, 67ta dasturiy ishlanma, 33ta apparat va texnik ishlanmalar hamda 8ta o‘yin dasturlari ularni keng miq­yosda targ‘ib qilish maqsadida www.innovation.tuit.uz veb-sahifasiga joylashtirildi. «Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar» Respublika yarmarkasida 179 mln. so‘m qiymatidagi 7ta korxona va tashkilotlar bilan xo‘jalik shartnomalari tuzildi. Ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli talabalarni jalb etish, dasturlash tillari o‘qitilishini yanada kuchaytirish, «TUIT-SOFT» brendi asosida dasturiy mahsulotlarni yaratish va ishlab chiqarish sohalariga tatbiq etish bo‘yicha Nizom ishlab chiqildi hamda faoliyatini yuritish uchun dasturchilardan iborat ishchi guruh tuzildi.

2017-yil fevral oyida universitet, uning hududiy filiallari va Toshkent shahridagi Inxa universitetida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida Dasturlash tillari bo‘yicha olimpiada tashkil etildi. Mazkur tadbirda universitetlar va hududlardagi filiallardan on-layn tarzda jami 250 nafardan ortiq iqtidorli talabalar ishtirok etishdi. Keyinchalik mazkur olimpiadani respublikamizdagi barcha OTMlari o‘rtasida hamda xalqaro darajada tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda. O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan GM Uzbekistan korxonasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Unga muvofiq, 2017-yilda 18 nafar iqtidorli talabalar mazkur korxonada ishlab chiqarish amaliyotini o‘tkazishib, keyinchalik ish bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlar keyingi yillarda ham davom ettiriladi. Universitetning bir nafar rahbar xodimi va 10 nafar talabalari xalqaro hamkorlik doirasida joriy yil fevral oyida Sankt-Peterburg davlat telekommunikatsiyalar universitetida tashkil etilgan «Qishki maktab — 2017» dasturida ishtirok etish uchun 2 haftalik o‘zaro tajriba almashishga yuborildi. 2017-yil yoz oylarida Sankt-Peterburgdan iqtidorli talabalar keli­shi rejalashtirilib, universitetning Bo‘stonliqdagi dam olish maskanida «Yozgi maktab — 2017» dasturi bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish tadbirlarining o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

2017-yil yanvar oyida universitetning 5 nafar xodimlari Germaniyaning SAP tashkiloti tomonidan tashkil etilgan Axborot texnologiyalari sammitida ishtirok etish uchun Qozog‘istonning Xalqaro axborot texnologiyalari universitetiga xizmat safariga yuborildi. Mazkur tadbirda hamkorlik shartnomalari tuzilib, Germaniya SAP tashkilotining tashabbusi bilan tashkilotning keyingi sammiti 2017-yil iyun oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bugungi kunda professor-o‘qituvchilar hamda talabalar faoliyati uchun sharoitlarni yanada yaxshilash va moddiy-texnik bazani ta­komillashtirish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda: Xal­qaro JICA tashkiloti granti doirasida universitetda televizion texnologiyalar sohasida Markaziy Osiyoda yagona «Media o‘quv markazi» tashkil etilayotgan bo‘lib, bunga universitetdan 1,5 mlrd. so‘m, JICA tashkilotidan 1,5 mln. AQSH dollar hajmida mablag‘ ajratilishi ijobiy hal qilindi. Hozirgi kunda universitet tomonidan loyihaning ijrosi uchun joy ajratilgan va JICA tashkiloti mutaxassislari tomonidan obyekt dizayni va texnologiyalarni xarid qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Universitet va Janubiy Koreyaning KOICA tashkiloti tomonidan «Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik» ta’lim yo‘nalishining dasturlari va moddiy texnik bazasini modernizatsiya qilish hamda «Elektron ta’lim» loyihasi» bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Universitet balansiga Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasi, 118-uy manzilida joylashgan ikkita 9 qavatli o‘quv binosi o‘tkazildi. Hozirgi kunda o‘quv maydonini kengaytirish, binoni zamonaviy talablar asosida ta’mirlash va jihozlash hamda hududini obodonlashtirish maqsadida moliyaviy manbalarni hal qilish ishlari ketmoqda.

TATUda ta’lim va ilm-fanning ishlab chiqarish bilan hamkorligini kuchaytirish, ilmiy salohiyatli kadrlar tayyorlash bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalarning bajarilishi ta’minlash va yo‘l qo‘yila­yotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ustuvor vazifalar:

  1. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ta’lim va ishlab chiqarish hamkorligi bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilash;
  2. Pedagog-kadrlarni ilmiy salohiyatini oshirish hamda ularni ilmiy maqolalarini xorijiy ilmiy jurnallarda chop etishni rag‘­batlantirish va qo‘llab-quvvatlash tizimini ishlab chiqish;
  3. Universitet va filiallarda ilmiy-tadqiqot ishlarini, ayniqsa, soha korxonalari bilan xo‘jalik shartnomalari tuzish va shu asosda ilmiy ishlarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratish;
  4. Universitetda ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash va ilmiy salohiyatni oshirish bo‘yicha 2017-yil uchun tasdiqlangan rejani bajarilishining qat’iy ta’minlash;
  5. TATU va uning hududiy filiallarida magistrlar tayyorlash bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish;
  6. Janubiy Koreyada malaka oshirgan professor-o‘qituvchilarning pedagogik va ilmiy faoliyati samaradorligini oshirish, ular olgan amaliy tajriba va ko‘nikmalarini dars mashg‘ulotlarida foydalanishlarini tizimli tashkil etish;
  7. Dasturchilarni maqsadli tayyorlash, yetuk kadrlar va talabalarning darslardan tashqari maktabini tashkillashtirish va ushbu jarayonni to‘liq tijoratlashtirish, dasturlash bo‘yicha olimpiada­larni tashkil etish, soha korxonalari uchun maxsus tayyorlangan kadrlarni yetkazib berishdan iborat.

Muallif: Fayzulla Agzamov, O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq