Intellektual hisoblagichlarni boshqaruvchi dasturiy tizim (ASKUE)
28.04.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
Hozirda aholi va xo‘jalik yurituvchi tashkilotlar tomonidan iste’mol qilinayotgan elektr energiyasi, suv, issiqlik va tabiiy gaz resurslari miqdorining aniq hisobini yuritish, ushbu resurslarni iste’molchilarga yetkazib berish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan yo‘qotishlarni kamaytirish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir. Buning uchun esa, iste’mol qilinayotgan energiya va tabiiy resurslar hisobini yuritishda foydalanilayotgan, ma’naviy jihatdan eskirgan hisoblagichlarni dasturiy ta’minot tomonidan to‘liq boshqariluvchi zamonaviy intellektual hisoblagichlarga to‘liq almashtirish hamda ushbu hisoblagichlardan samarali foydalanishni ta’minlovchi ilg‘or axborotni qayta ishlash tizimlarini amaliyotga joriy etish talab etiladi.
Ma’lumki, Navoiy, Jizzax va Buxoro viloyatlarida elektr energiyasi hisobini yuritishda ma’naviy eskirgan hisoblagichlarni zamonaviy intellektual hisoblagichlarga to‘liq almashtirish va iste’molchilarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi hisobini yuritishda rivojlangan davlatlar tajribasiga asoslangan zamonaviy axborot tizimlaridan foydalanishga o‘tish ishlari davom etmoqda. Ushbu loyiha bo‘yicha bosh pudratchi Koreya Telekom kompaniyasi bo‘lib, intellektual hisoblagichlar hamda tegishli dasturiy ta’minot yetkazib berish ushbu kompaniyaning hamkorlari bo‘lgan Xitoy va Janubiy Koreya kompaniyalari zimmasiga yuklangan. O‘tgan vaqt davomida ushbu kompaniyalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, xorijiy kompaniyalar tomonidan taklif etilayotgan axborotni qayta ishlash tizimlarini O‘zbekiston sharoitida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq etish yetarlicha samara bermaydi. Ushbu axborotni qayta ishlash tizimlarini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish esa, uzoq vaqt va qo‘shimcha mablag‘ talab qiladi. Ushbu loyiha doirasida o‘rnatilishi lozim bo‘lgan axborotni qayta ishlash tizimlari markazlashtirilmagan bo‘lib, har bir energiya yetkazib beruvchi korxona uchun alohida tizimlar majmuasi sifatida amaliyotga joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekenergo aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan foydalanilayotgan mavjud markazlashgan axborotni qayta ishlash tizimi o‘rniga bir-birlari bilan o‘zaro bog‘lanmagan, alohida tarqoq tizimlar majmuasining o‘rnatilishi esa, Respublikamizda energiya ta’minoti nazoratining mavjud markazlashtirilgan tizimining izdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Vaholanki, Respublikamiz yagona energiya ta’minoti tizimiga ega bo‘lgan bir sharoitda energiya hisobini yurituvchi axborotni qayta ishlash tizimlarining tarqoq bo‘lishi energiya yetkazib berish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan yo‘qotishlarni aniq hisoblash hamda energiya sotuvi va iste’moli o‘rtasidagi balansga erishish imkonini bermaydi.
Axborot texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi kunda hamda istiqbolda energiya va tabiiy resurslar tejamkorligini yanada oshirish, iste’mol qilinayotgan energiya va tabiiy resurslar hisobini yuritishning va uni nazorat qilishning mavjud mexanizmlarini eng zamonaviy texnologiyalar asosida, doimiy ravishda, takomillashtirib borish talab etiladi, biroq bu borada, xorijiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy tizimlaridan foydalanish tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘pchilik hollarda ushbu dasturiy tizimlarni rivojlantirish imkoniyatlari chegaralangan yoki uzoq vaqt va qo‘shimcha xorijiy valyuta mablag‘lari talab etadigan jarayondir. Bu esa, o‘z navbatida, ushbu dasturiy tizimlardan foydalanish natijasida tejalgan mablag‘ning sezilarli qismini dasturiy ta’minotni rivojlantirishga yo‘naltirishni talab etadi.
Ta’kidlash joizki, iqtisodi rivojlangan davlatlar sharoitida elektr energiyasi va tabiiy resurslar iste’moli jarayonida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan qallobliklar nisbatan kam uchragani uchun ushbu davlatlarda bunday qallobliklarga qarshi kurash asosan qonuniyat doirasida chegaralangan. Iqtisodiy rivojlangan davlatlar sharoitida bunday qallobliklarning oldini oluvchi ishonchli himoya mexanizmlarini ishlab chiqish sarf qilinishi lozim bo‘lgan xarajatlarning yuqoriligi bois, iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblanadi. Shu bois, bu borada, rivojlangan davlatlarda yetarlicha tajriba to‘planmagan. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, kelgusida bu borada, mahalliy kompaniyalar yoki O‘zbekiston sharoitida ish tajribasiga ega bo‘lgan chet el kompaniyalari bilan hamkorlik qilish maqsadga muvofiqdir.
Shuni qayd etish joizki, bugungi kunda O‘zbekistonning ba’zi dastur yaratuvchi kompaniyalari tomonidan energiya va tabiiy resurslar hisobini yurituvchi axborotni qayta ishlash tizimlari va zamonaviy intellektual hisoblagichlarni boshqaruvchi dasturiy ta’minot yaratish borasidagi xorijiy kompaniyalarning ilg‘or tajribalari o‘zlashtirilgan, jumladan, «Fido-Biznes» MCHJ tomonidan bu borada bir qator dasturiy tizimlar yaratilgan bo‘lib, hozirda O‘zbekenergo aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi barcha korxonalar tomonidan iste’molchilarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi hisobini yuritish va energiya ta’minoti nazoratida ushbu kompaniya tomonidan yaratilgan markazlashtirilgan billing tizimidan samarali foydalanilmoqda.
Bundan tashqari, «Fido-Biznes» MCHJ tomonidan intellektual hisoblagichlarni boshqaruvchi dasturiy tizim (ASKUE tizimi) yaratilgan bo‘lib, ushbu tizim bugungi kunda, O‘zbekenergo aksiyadorlik jamiyati tuzilmalarida foydalanilayotgan, xorijiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqilgan ASKUE tizimlariga nisbatan bir qator afzalliklarga ega. Ushbu ASKUE tizimi markazlashgan hisoblagichlarni boshqarish va axborot tahlili tizimlariga ega bo‘lib, hozirgi kunda, Respublikamizda mavjud barcha turdagi intellektual hisoblagichlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bevosita yoki bilvosita, ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etilgan dasturiy tizimlar orqali ishlay olishi bilan ajralib turadi. Ushbu ASKUE tizimining yana bir afzalligi shundaki, undan nafaqat O‘zbekenergo aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi tuzilmalarida, balki tabiiy gaz, sovuq suv, issiq suv va issiqlik energiyasi yetkazib beruvchi tashkilotlar tuzilmalarida ham ular tomonidan foydalanilayotgan barcha turdagi intellektual hisoblagichlarni markazlashgan holda boshqarish va nazorat qilishda foydalanish mumkin.
Aholi va xo‘jalik yurituvchi tashkilotlar tomonidan iste’mol qilinayotgan energiya va tabiiy resurslar miqdorining hisobini va nazoratini yurituvchi axborotni qayta ishlash tizimlarini yaratishda mahalliy dastur yaratuvchi kompaniyalarni jalb qilish Respublikamiz iqtisodi uchun zarur bo‘lgan valyuta resurslarini tejash bilan birga, bu borada yaratilgan axborotni qayta ishlash tizimlarining doimiy ravishda, rivojlantirib borilishiga hamda Respublikamiz qonunchiligidagi o‘zgarishlarga o‘z vaqtida mutanosiblashtirib borilishiga zamin yaratadi. Energetika sektorini yanada rivojlantirish, undagi energiya iste’moli hisob-kitob mexanizmlarini zamonaviy talablar darajasida takomillashtirish Respublikamiz energetika tizimining hozirgi kundagi asosiy va dolzarb masalalaridan biri bo‘lib, bu yo‘nalishda Respublika energetika sohasida faoliyat yurituvchi tashkilot va korxonalari bir qator ishlarni hayotga tatbiq etib bormoqda.
Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yildagi 150 va 245-sonli, 2013-yildagi 295-sonli va 2015-yildagi 309-sonli qarorlari esa bu sohada amalga oshirilishi kerak bo‘ladigan asosiy chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish bosqichlarini belgilab berdi. Sohada o‘rganilayotgan ko‘p yillik tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, energiya resurslarini markazlashgan yagona hisob-kitob mexanizmini ta’minlovchi, zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni qo‘llangan holda joriy etilishi kerak bo‘ladigan hisoblash tizimlari energetika sohasida kelajakda samarali hisob-kitob mexanizmni ta’minlashi mumkin.
Respublikamizda elektr energetika sohasida dastlabki avtomatlashtirilgan hisoblash tizimlarini iste’molchilarda joriy etilishi, elektr energiyasini hisoblash, nazorat qilish, boshqarish va kuzatish, hisobot tahliliy va elektr energiyasini kelajakda samarali iste’mol qilish bo‘yicha aniq rejalashtirish imkoniyatlarini namoyon etdi. Hozirda Respublikadagi yuridik iste’molchilarda MDH va xorij korxonalarida ishlab chiqilgan ko‘pgina avtomatlashtirilgan tizimlar amaliyotda ishlatib kelinmoqda. Ushbu avtomatlashtirilgan tizimlarni ishlatish jarayonida keng ko‘lamda malaka va ko‘nikmalar hamda tajribalar orttirilmoqda.
Shu bilan birga, energetika tizimidagi avtomatlashtirilgan tizimlar xorij korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy ta’minotlar asosiga qurilgan bo‘lib, O‘zbekiston energetika tizimiga to‘liq muvofiqlashtirishni talab etib kelmoqda. Ularni ishlatish jarayonida texnik xizmat ko‘rsatib borish, yangilash, qo‘shimcha yangi joriy etib boriladagan talablarni yangitdan avtomatlashtirilgan tizimlarga kiritib borish muammoli hol bo‘lib qolmoqda. Avtomatik tizimlarni dasturiy ta’minotlarini sotib olish, ishlatish jarayonida ular uchun ko‘rsatiladigan har bir xizmat qo‘shimcha valyuta va vaqt talab etishi, amaliyotda ishlatilayotgan avtomatik tizimlarni samarali ishlashiga yo‘l qo‘ymaydigan asosiy omil bo‘lib qolmoqda.
Bundan tashqari, avtomatlashtirilgan tizimlarning dasturiy ta’minotlari jahon tajribasida, har bir energetika obyekti uchun individual tarzda ishlab chiqilishi hisobga olinganda, Respublika energetika tizimida qo‘llanilayotgan dasturiy ta’minotlar shu muhitning barcha ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, yaratilgan dasturiy ta’minotlari sifatida emas, balki umumiy qo‘llanish uchun mo‘ljallangan dasturiy ta’minotlar hisoblanadi. O‘zbekiston energetika tizimi ham turli xil murakkab tuzilma va ko‘rinishga ega bo‘lib, energiya resurslarini avtomatlashtirilgan tizimlar orqali hisob-kitob ishlarini amalga oshirishda mahalliy muhitda yaratilgan milliy dasturiy ta’minotlarni qo‘llash, ularni doimiy ravishda, ishlatish jarayonlarida kuzatuv olib borish va davriy ravishda, yangilab borish, energetika tizimida innovatsion texnologiyalari qo‘llash va ulardan samarali foydalanishda o‘zining ko‘pgina ijobiy tomonlarini namoyon etishi va soha mutaxassislariga ko‘plab qulayliklarni yaratishi mumkin.
Mahalliy dasturiy ta’minoti ishlab chiquvchilarga Respublika qonunchiligi talablaridan kelib chiqib, kerakli amallarni bajara oladigan dasturiy ta’minotlarni yaratish va ularni amaliyotga tatbiq etish sohada, doimiy ravishda, to‘xtovsiz energiya resurslarini hisob-kitob ishlarini yuqori sifatda amalga oshirish sharoitlarini yaratadi. Shu bilan bir qatorda, tarmoqda energiyaning texnologik va boshqa yo‘qotishlarni hozirga qadar olib borilayotgan an’anaviy hisoblash mexanizmlarining o‘rniga, yangi samarali bo‘lgan va inson omili aralashuviga yo‘l qo‘ymasdan, hisoblay oladigan avtomatlashtirilgan tizimlardagi dasturiy ta’minotlar yordamida aniq, qulay va tezkor hisoblash usullarini joriy etish imkonini beradi. Amaliyotda qo‘llanilayotgan xorij dasturiy ta’minotlari esa bu masalani hal etishda energetika obyektlarini o‘rgangan holda, qayta ko‘rib chiqishni talab etadi hamda ushbu dasturiy ta’minotlar boshqa ishlab chiqaruvchi korxona dasturiy ta’minotini birgalikda ishlashini ta’minlay olmay, ular orasidagi hisobot ishlarini oddiy tartibdagi hisob-kitob orqali amalga oshirishni talab etadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, shuni ta’kidlash mumkinki, Respublika energetika tizimlarida ishlatilayotgan zamonaviy energiya hisoblash vositalari, elektr, gaz, issiq va sovuq suv, issiqlik va boshqa hisoblagichlarni yagona dasturiy ta’minot bazasida yaratiladigan avtomatik tizimlarga ulash, ushbu tizimlarning boshqa tizimlar bilan doimiy birgalikda ishlashini ta’minlash, doimiy ravishda rivojlantirish va takomillashtirib borish O‘zbekiston Respublikasida nafaqat energetika sohalarini, balki ushbu soha bilan bog‘liq bo‘lgan sanoatning barcha sohalarida rivojlanishni ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shadi.
Muallif: Feruz Jo‘rayev, “Fido-Biznes” MCHJ, oliy toifali dasturchi