Toshkent shahridagi Inha universitetida matematika bo‘yicha olimpiada o‘tkaziladi
27.04.2017
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) poytaxtimizdagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining birinchi bosqich o‘quvchilari o‘rtasida matematika fani bo‘yicha Olimpiada (“Inha Tashkent Math Challenge”) o‘tkazmoqda.

Ro‘yxatdan o‘tgan dastlabki 200 nafar o‘g‘il-qizlar 2017-yilning 21-may kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti binosida o‘tkaziladigan Olimpiadaga taklif qilinadilar.

Olimpiadadan ko‘zlangan asosiy maqsad – poytaxtimizdagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining birinchi bosqich o‘quvchilari orasidan iqtidorli va faollarini aniqlab olish, shuningdek, matematika fanini o‘rganish qiziqarli va foydali ekanligini ko‘rsatishdir.

Olimpiada ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda Toshkent shahridagi akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining birinchi bosqichida ta’lim olayotgan o‘quvchilar quyidagi ilova orqali ro‘yxatdan o‘tishlari lozim: https://goo.gl/forms/0ZlIILxLdyAdUI1u1.

Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng Olimpiada ishtirokchilari ta’lim muassasasidan ma’lumotnoma olib kelishlari shart. Hujjatlar 2017-yilning 15-may kuniga qadar topshirilishi lozim.

Ikkinchi bosqichda Olimpiadaning barcha ishtirokchilari 90 daqiqa davomida 20 ta savolga javob berishlari kerak bo‘ladi.

G‘oliblar Toshkent shahridagi Inha universitetining sertifikati hamda  IUTning Tayyorlov kurslarida bepul ta’lim olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Bu haqda Uzluksiz ta’lim markazining menejeri Amirulla Abdullayev shunday dedi: «Biz yoshlarni fanlarga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga katta e’tibor qaratmoqdamiz. O‘tgan yili Toshkent shahridagi Inha universitetida «Qiziqarli matematika» ilmiy-amaliy festivali katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Toshkent shahridagi Inha universiteti rahbariyatiga festivaldan so‘ng shunga o‘xshash tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha ko‘plab iltimosnomalar tushdi. Yoshlarni tabiiy fanlarga jalb etish borasida “Inha Tashkent Math Challenge” matematika fanidan olimpiadasi ushbu yo‘nalish bo‘yicha olib borilayotgan ishlardan biridir. Biz kelajakda ham, iqtidorli va faol o‘quvchilarni aniqlash maqsadida, shunday qiziqarli ilmiy tadbirlar tashkil qilishni davom ettirish niyatidamiz».

Manba: press-reliz

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq