Shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minotini tartibga solishda AKTni joriy etish
27.04.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O‘zbekiston tanlagan islohot yo‘li ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirishga qaratilgan.

Respublikamizda olib borilayotgan ijtimoiy siyosatning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri uning iqtisodiy vaziyatlarga bog‘liq emas, balki o‘zbek oilasiga madad berish, xalqning ma’naviy qoidalariga asoslangan holda keksalarga moddiy yordam berish ehtiyoji bilan bog‘liq. Mustaqillikning dastlabki yillaridan to hozirgi kungacha mamlakatimizda bozor munosabatlari rivojlangani sari hamda iqtisodiy islohotlar chuqurlashgan sharoitda olib borilayotgan ijtimoiy siyosatning asosiy yo‘nalishlariga tuzatishlar kiritildi. Eng avvalo, haqiqatan ham muhtoj oilalarga yordam berishga qaratildi. Aholini ijtimoiy himoyalash tizimida yolg‘iz qariyalar, yolg‘iz qariyalar, nafaqaxo‘r­lar va nogironlarning ehtiyojlari va talablariga alohida e’tibor berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-sonli «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni bilan tasdiqlangan «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi»ni «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 203-bandiga asosan joriy yilning 2-choragida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Mehnat stajini hamda budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta to‘lovlari davriyligini ro‘yxatga olish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori loyihasini ishlab chiqish va kiritish ko‘zda tutilgan. Bu qaror qabul qilinishi natijasida respublikamizda mehnat stajini elektron tarzda ro‘yxatga olish hamda davlat ijtimoiy sug‘urta to‘lovlarini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarning yagona reyestrini yuritish imkoni yaratildi.

Shaxsiy pensiya badallarni ajratishning majburiy va ixtiyoriy shakllari bo‘lib, fuqarolarning pensiya ta’minotiga ajratgan badallari va shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘lariga hisoblab qo‘shilgan foizlar Xalq bankida ochilgan hisobvaraqqa kelib tushadi hamda daromadlar hisobga olinadi. Respublikamizda fuqarolarga davlat pensiyasini o‘z vaqtida to‘lash bilan birga, jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tartibini nazorat qilish va hisobraqamdagi mablag‘larni samarali boshqarishni takomillashtirish yo‘llarini ishlab chiqish bugungi kunda muhim masala sanaladi. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda xorijiy davlatlar tajribasi tahlilini o‘tkazgan holda, zamon talablariga javob beradigan milliy pensiya tizimini ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Masalan, Janubiy Koreya Respublikasida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga a’zo bo‘lish xuddi bizdagidek majburiy va ixtiyoriy turlari mavjud. Malayziya davlatida esa barcha fuqarolar majburiy tarzda a’zo bo‘ladilar. Singapur davlatida esa jamg‘arib boriladigan mablag‘lar 3ta hisobvaraqda yig‘iladi:

1)  Oddiy hisobvaraq — ko‘chmas mulk va turar-joy binolarini, aktivlarni sotib olish uchun ishlatiladi. Shuningdek, bu mablag‘lar ta’lim xarajatlarini qoplashga va boshqa hisobvaraqqa o‘tkazilishi mumkin.

2)  Maxsus hisobvaraq — bu hisobvaraqdagi mablag‘lar keksalik pensiyasi, favqulodda maqsadlar uchun va moliyaviy mahsulotlarga investitsiya kiritish uchun ishlatiladi.

3)  Tibbiy jamg‘arma hisobvarag‘i — bu hisobvaraqdagi mablag‘lar tibbiy xarajatlar va tibbiy sug‘urta uchun ishlatiladi.

Hozirgi kunda dunyoning ko‘plab davlatlarida mehnat daftarchalari va jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi o‘rniga soliq to‘lovchilar, ishchilar, mehnatni hisobga olishning elektron tizimlaridan foydalanilmoqda. Hozirgi paytda mehnat daftarchasi fuqarolarning mehnat stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat ekanligi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilab qo‘yilgan. Fuqarolar pensiya yoshiga yetganda ular uchun pensiya miqdori belgilanayotganda mehnat staji mehnat daftarchasidan tashqari, ishlagan joyidan ma’lumotnomalar, buyruqlardan ko‘chirmalar, mehnat shartnomalari, oylik maoshi vedomostlari, arxiv ma’lumotnomalari va boshqa hujjatlar talab etilmoqda. Bu esa fuqarolarga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda va natijada bu hujjatlarni tayyorlash uchun qimmatli vaqtlarini yo‘qotmoqdalar.

Hozirgi paytda raespublikamizda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali pensiya va shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari to‘g‘risida 5ta davlat xizmatlari onlayn tarzda fuqarolarimizga taqdim etilmoqda. Bularga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • Fuqarolarni jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimiga hisobga olish;
  • Shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga badallar reyestrini qabul qilish va qayta ishlash;
  • Fuqarolarni shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i holati haqida ma’lumot olish;
  • Pensiya va nafaqa miqdorlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olish uchun elektron ariza yuborish;
  • Mehnat faoliyatini tasdiqlash to‘g‘risidagi arxiv ma’lumot­nomalarini berish.

Ushbu interaktiv xizmatlardan foydalanish uchun 2013-yil yanvardan 2017-yil 9-martiga qadar 26999ta murojaat kelib tushgan. Shularning 25678tasi ko‘rib chiqilib, fuqarolarning murojaatlari ijobiy hal qilingan hamda 1321tasi tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Fuqarolarni jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimiga hisobga olish davlat xizmati bo‘yicha eng ko‘p 22901ta murojaat kelib tushgan. Keyingi o‘rinda esa mehnat faoliyatini tasdiqlash to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotnomalarini berish davlat xizmatidan foydalanish uchun 3882ta fuqarolarimiz tomonidan murojaat kelib tushgan.

Mehnat stajini hisoblashda fuqarolarning ishlagan joylaridan jamg‘arib boriladigan majburiy pensiya badallari to‘langan davr hisobga olinmoqda. Demak, mehnat daftarchasini yuritish maqsadga muvofiq emas. Bugungi kunda Xalq bankining hududlardagi fi­liallari orqali fuqarolar uchun budjetdan tashqari Pensiya jam­g‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestridan pensiya jamg‘ar­masi mehnat staji haqidagi ma’lumotlarni SMS xabar tarzida olish imkoniyati yaratilgan. 2004-yil 2-dekabrda «Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi munosabati bilan 2005-yil 1-yanvar­dan Respublikamizda jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti ti­zimi joriy etildi. Shu sanadan boshlab ishlayotgan fuqarolar tomonidan daromad solig‘i to‘lanishi bilan bir paytning o‘zida umumiy hisoblangan oylik maoshining 1 foizi soliqqa o‘tkazilgan daromad solig‘idan tegishlicha ajratib olinib, jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimiga o‘tkazib kelinmoqda. Jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida jamg‘arilgan mablag‘lari saqlanishi hamda to‘lanishi davlat tomonidan kafolatlangan.

Istiqbolda respublikamizda tuman va shaharlarda tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari tomonidan jismoniy shaxslarga ham zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiya­lari(AKT)ni keng joriy etgan holda davlat xizmatlaridan foydala­nish oshkoraligini ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshi­rish lozim bo‘ladi. Shu bilan birga, mazkur markazlarda jismoniy shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, «yagona darcha» markazlarini samarali boshqarish, ular faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirishda tizimli yondashuvni hamda ularning boshqa davlat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligini belgilash zarurligini ko‘rsatmoqda. Jismoniy shaxslar to‘g‘risida to‘liq milliy ma’lumotlar bazasini shakllantirish va uni «elektron hukumat» tizimiga joriy etish natijasida «Yagona darcha» markazlari yoki yagona davlat interaktiv xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali fuqarolar pensiyaga oid masalalar yuzasidan murojaat qilgan paytda mutasaddi tashkilotlar parallel ravishda to‘liq va aniq ma’lumotlar bilan ta’minlanishi kafolatlanadi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya hisobi va mehnat stajini hisobga olib borish uchun mehnat daftarchasi va jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchalari o‘rniga maxsus himoyalangan mikrochipli plastik kartani joriy etish lozim bo‘ladi. Ushbu mikrochipli plastik karta banklararo ishlab chiqiladi hamda fuqarolarga ishga kirishlarida beriladi. Bunda fuqarolar boshqa ishga o‘tganlarida plastik kartasini almashtirishlari hojat qolmaydi. Tegishli banklarda plastik kartadagi mavjud ma’lumotlar id.gov.uz sayti orqali to‘ldirish talab etiladi. Unda fuqaroning to‘liq ismi-sharifi, jamg‘arib boriladigan pensiya raqami, shaxsiy hisobraqamlari, shaxsiy identifikatsion ma’lumot­lar (shu jumladan, elektron raqamli imzo) va plastik kartochka berilgan sana mavjud bo‘ladi. Natijada ishlayotgan har bir fuqaro o‘z mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishli veb-saytlar yoki qisqa raqam orqali mobil telefon raqamiga SMS-xabar tarzida olishlari mumkin bo‘ladi. Ishtirokchilar Xalq bankiga borib, pensiya daftarchalariga yozuvlarini qayd etish uchun vaqt sarflamaydi hamda o‘z mablag‘lari harakatini nazorat qilib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi va shu bilan birga, pensiya daftarchalarining elektron shakl­ga o‘tish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Bu esa ortiqcha qog‘ozbozlikning oldini oladi, fuqarolarimiz­ning qimmatli vaqtlarini bekorga yo‘qotmasligiga olib keladi. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar zamirida inson omili yotadi. Keyingi paytlarda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va virtual qabul­xonalar orqali pensiya masalalariga oid fuqarolar murojaatlari tahlil qilinganda tegishli sohalarda islohotlar zarurligini ko‘rsatdi. O‘z navbatida, aholidan kelib tushayotgan arizalar va takliflarni chuqur tahlil qilish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, fuqarolarning mehnat staji va oylik ish haqi to‘g‘risida ma’lumotlar elektron bazasini yara­tish asosida ularning pensiya ta’minoti tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish murojaatchilar­ning og‘irini engil qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Pensiya doir davlat xizmatlarini elektronlashgan yagona tartibini to‘liq joriy qi­lishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va nuqsonlarni aniqlash, ularni bartaraf etish maqsadida bu boradagi ishlar samaradorligini oshi­rishda tegishli davlat muassasalarini javobgarligini oshirish zarur.

Respublikamizda pensiya tizimidagi islohotlarni tezlikda amalga oshirib bo‘lmaydi, ularni iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar bilan: bandlik, mehnat bozori, aholi daromadlari, soliq, moliya va kredit sohasidagi islohotlar bilan birgalikda amalga oshirish lozim. Davlat pensiya ta’minotiga oid qonunchilik bazasini maromiga yetkazish bugungi kunning dolzarb vazifasidir, jumladan, fuqarolarni ijtimoiy himoyalash tizimining asosiy yo‘nalishlari, tibbiy-mehnat ekspertiza inspeksiyasi faoliyati, bank tizimiga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish lozim.

Mualliflar: Burhon Normirzayev, Esonbek Mehmanov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi 2-kurs iqtisodiy soha menejmenti yo‘nalishi tinglovchilari

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq