Davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak
27.04.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: No‘mon Akbarov.

Davlatimiz rahbari “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu g‘oyani ilgari surib, bunda inson manfaati har narsadan ulug‘ ekanligini alohida ta’kidladilar. Ana shu ma’noda, yurtimizda 2017-yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasining tashkil etilishi hayotimizda muhim hodisa bo‘ldi.

Yilimizning nomlanishida katta ezgu-maqsadlar mujassam. Uning mazmun-mohiyatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik jarayonlarning sifati va natijadorligini tubdan oshirish, inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini, shu jumladan, odamlar hayotining munosib darajasini ta’minlash, ularni amalga oshirilishi uchun davlat organlarining roli va mas’u­liyatini kuchaytirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish va ularning murojaatlari bilan ishlashning yangi samarali mexa­nizmlari va usullarini joriy etish, fuqarolarni bezovta qilayotgan ha­yotiy mu­ammolarni o‘z vaqtida hal etish kabi ezgu vazifalar turibdi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Konstitutsiyamizning 35-moddasida murojaat qilish huquqi muhim bo‘lgan siyosiy huquqlar toifasiga kiritilib, unga ko‘ra har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega bo‘lib hisoblanadi. Bu esa, har bir davlat organini fuqarolar­ning mazkur konstitutsion huquqlarini to‘liq ta’minlashga mas’ul ekanligini bildiradi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonining qabul qilinishi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimini belgilab berdi. Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi negizida tuzildi. Bu esa, fuqarolarning xalq qabulxonasiga qilgan har bir murojaatining nazorati davlat rahbarining nazorati daraja­sida ko‘rib chiqilishini anglatadi. Shu bilan birga, jismoniy va yuri­dik shaxslarga murojaatlarni amalga oshirishda qulayliklar yara­tish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi ham tashkil etildi. Unga ko‘ra, fuqarolar axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda mazkur virtual qabulxonaga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mazkur farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti­ning Xalq qabulxonasining hamda Virtual qabulxonasining tashkil etilishi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalarining tashkil etilishi aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan mutlaqo yangi va samarali tizimini ta’minlashga qaratilgandir. Farmonga ko‘ra, mazkur jarayonlarni nazorat qilish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni tarkibiy tuzilmasida alohida Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati ham tashkil etilib, uning bir qator asosiy vazifalari belgilandi. Xususan, murojaatlarni ko‘rib chiqishda aniqlangan tizimli qonunbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan huquqni qo‘llash amaliyoti va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish; Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxona faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek, ularning faoliyatini me’yoriy-uslubiy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash; davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlarining murojaatlar bilan ishlash borasidagi faoliyatini, shu jumladan, joylarga sayyor chiqishlarni tashkil etish hamda kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha tezkorlik bilan tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish orqali nazorat qilish va muvofiqlashtirish; Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonaga kelib tushgan, shuningdek, tegishliligiga ko‘ra davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlariga yuborilgan murojaatlarni qabul qilish, qayta ishlash, ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha qarorlar qabul qilinishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish va boshqalar shular jumlasidandir.

Biz deputatlar ham mazkur farmondan o‘zimizga tegishli xulosalar chiqarib olgan holda, hududlarda saylovchilar bilan bo‘ladigan muloqotlarda xalqimizni qiynayotgan muammolar yechimini topishda faol ishtirok etayapmiz. Parlament nazorati­ning yangi shakli sifatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati va Senat a’zosi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini o‘rganib, tahlil qilish hamda uning natijalari bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish nazarda tutilgan edi, ya’ni, «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da saylovchilar bilan ishlashda ham yangicha yondashuvlar qo‘llanilmoqda. Endilikda hududlardan saylangan deputat va senatorlar tomonidan har oy, 10–12 kun davomida bir tumanda bo‘lib, davlat hokimiyati organlari faoliyati o‘rganilib, tahlil qilinib, tegishli rahbarlarning hisoboti xalq deputatlari Kengashlari sessiyasi muhokamasiga kiri­tilmoqda. Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi ishtirokida o‘rganish natijalari bo‘yicha tegishli xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarini o‘tkazish o‘z samarasini bermoqda. Bu tizim kelgusida yanada takomillashadi.

Deputat xalqning vakili, uning dardi, tashvishi va g‘ami bilan yashashi, har bir qabul qilinayotgan qonunlar xalqimiz turmush darajasini yaxshilashga, uning qaysidir muammolarini hal qi­lishga qaratilganligini sodda va ravon tilda tushuntirib berishi­miz, mazkur qonunlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlashimiz zarur, ayniqsa, xalq bilan muloqotda, ularning murojaatlari bilan ishlashda o‘z ish uslubimizni tubdan o‘zgartirishimiz lozim bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon bu borada olib bora­yotgan ishlarimizning samaradorligini va ta’sirchanligini yanada oshirishda, ko‘proq xalq ichida bo‘lib, ular bilan birgalikda mavjud muammolar yechimini topishda, pirovardida yurtimiz rivoji, taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Eng muhimi, xalq bilan muloqotlarimiz xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi.

Muallif: No‘mon Akbarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq