Bojxonada interaktiv xizmatlar – tadbirkorlar uchun tayanch
27.04.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi­ning 2017-yilning I yarim yilligi uchun «Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi»ga muvofiq ommaviy axborot vositalari uchun «Bojxonada interaktiv xizmatlar — tadbirkorlar uchun tayanch» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda jurnalistlarga Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish boshqarmasi boshlig‘i, bojxona xizmati polkovnigi A. Saidov mavzu yuzasidan ma’ruza qildi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2016-yil 5-oktabrdagi PF-4848-son Farmoni hamda ushbu Farmon bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar dasturi bojxona sohasida tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlari ko‘lami va sifatini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Bugungi kunga kelib, bojxona organlari faoliyatiga jami 35ta avtomatlashtirilgan axborot tizimlari joriy etilgan, shundan 22tasi davlat axborot tizimi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Tadbirkorlik subyektlariga bojxona rasmiylashtiruviga doir bir qator yengillik va qulayliklar yaratish maqsadida, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan hozirda 22 turdagi interaktiv xizmatlar amaliyotga joriy etilgan. Ushbu interaktiv xizmatlar vaqtni tejash, qog‘oz xarajatlarini kamaytirish, bojxona organlariga bormasdan, o‘z ish joylaridan internet orqali kerakli ma’lumotlarni olish hamda rasmiylashtirish kabi bir qator qulayliklar yaratmoqda.

Uch yildan oshdi-ki, respublikamizda tadbirkorlar tomonidan «Tovarlarni elektron deklaratsiya qilish» interaktiv xizmati orqali tovar va transport vositalariga oid hujjatlar hamda hisobotlar­ni bojxona organlariga masofadan turib, elektron taqdim etish va rasmiylashtirish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu xizmat joriy qilingan 2014-yilning o‘zidayoq, 98,7% bojxona yuk deklaratsiyalari elektron shaklda rasmiylashtirildi. So‘nggi 2 yilda esa bu ko‘rsatkich 99, 9 foizni tashkil qilib kelmoqda. Buning natijasida tadbirkorlik subyektlarining xarajatlari va vaqti tejalishiga erishildi. Xususan, BYUDni elektron tarzda taqdim etish hamda qog‘oz ko‘rinishida deklaratsiyalash amaliyoti to‘xtalishi natijasida har yili bojxona yuk deklaratsiyalarining qog‘oz blankalari uchun sarflangan salkam 1,3 mlrd. so‘m miqdoridagi xarajatlar tadbirkor ixtiyorida qolmoqda. Shuningdek, bojxona yuk deklaratsiyasiga ilova hujjatlarini (invoys, nakladnoy, kontrakt va boshqalar) elektron shaklda taqdim etish natijasida har yili tadbirkorlar tomonidan 60 tonnaga yaqin qog‘oz iqtisod qilinmoqda. Eng muhimi esa tovarlarnig bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflangan vaqt 4,7martaga qisqargan.

Eng ommalashgan interaktiv xizmat turlaridan biri, bu tadbir­korlik faoliyati subyektlari tashqi savdo kontraktlari bo‘yicha ma’lumotlarni elektron shaklda Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali, elektron raqamli imzodan foydalangan holda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona eletron axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazishdir. Ushbu xizmat orqali endilikda tadbirkorlar shartnoma va boshqa tegishli hujjatlarni bojxona postiga qog‘oz ko‘rinishida olib kelishlariga hojat qolmadi. 2016-yilda esa jami shartnomalarning 99,9 foizi, ya’ni 106 mingdan ortiq shartnoma va ularga qo‘shimcha bitimlar elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Joriy yilning 1-choragida esa bu ko‘rsatkich 30 mingga yetdi.

Yana bir yangilik shunda-ki, joriy yilning mart oyidan boshlab, tashqi savdo shartnomalarini elektron shaklga o‘tkazish uchun mo‘ljallangan E-KONTRAKT 2 dasturiy ta’minotining yangi versiyasi ishlab chiqilib, ishga tushirildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini qisqartirish maqsadida, ishga tushirilgan mazkur yangi dasturiy ta’minotda shartnomalar ijrosi bo‘yicha barcha ma’lumot­larni, shu jumladan, bank tomonidan kiritilgan ma’lumotlar va BYUD bo‘yicha ma’lumotlarni bojxonaga murojaat etmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlari internet orqali olish imkoniyati ishlab chiqildi. Mazkur elektron xizmat tadbirkorlar tomonidan yaxshi kutib olindi, o‘tgan bir oygina vaqt mobaynida ushbu xizmatdan 541 nafar tadbirkorlar bojxonaga murojaat etmasdan, bevosita elektron shaklda foydalanganlar.

«Bojxona to‘lovlari bo‘yicha solishtiruv dalolatnomasini shakllantirish» interaktiv xizmati TIF qatnashchilariga bojxona to‘lovlari bo‘yicha solishtirma dalolatnomalarini o‘z ish joylarida o‘tirib boj­xona organlariga tashrif buyurmasdan, ortiqcha qog‘oz xarajatlari va vaqtlarini sarf qilmasdan, on-layn tarzda, real vaqt mobaynida, PDF-formatida yuklab olish imkoniyatini beradi. Ushbu inter­aktiv xizmat TIF qatnashchilariga qo‘shimcha qulayliklar yaratib, 2015-yilda 8 mingdan ortiq, 2016-yilda 16 mingdan ortiq, joriy yil­ning 1-choragida esa 5 mingdan ortiq tadbirkor bojxona organlari eshigida navbat kutishdan qutulib, elektron tarzda dalolatnoma­larni olganlar.

Ma’lumki, bugungi kunda, tovarlarni rasmiylashtirishda sarfla­nadigan mablag‘lar haqidagi murojaatlar bojxona organlariga kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyat qismini tashkil etmoqda. Shu munosabat bilan fuqarolarga yengillik yaratish va ularga rasmiylashtiruvga doir sarflanadigan mablag‘larni taxminiy hisoblab beri­lishini ta’minlash maqsadida, joriy yildan boshlab DBQning rasmiy veb-saytida «Bojxona kalkulyatori» interaktiv xizmati amaliyotga joriy etildi. Mazkur xizmatda bojxonada rasmiylashtirilishi rejalashtirilgan tovarning bojxona stavkalari va to‘lanishi lozim bo‘lgan qiymatini har bir fuqaro o‘z uyida yoki ofisda, o‘tirgan holda internet tarmog‘i orqali ma’lumot olishi mumkin. Ushbu xizmat ishga tushirilgandan boshlab bugungi kunga qadar, 1100 dan ortiq foydalunvchilar o‘zlariga kerakli ma’lumotga ega bo‘ldilar. Joriy yilda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulayliklar yaratish va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarining shaffofligini ta’minlash yo‘nali­shida yana 2ta yangi xizmat amaliyotga joriy etildi. Bular «Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish» hamda «Bojxona brokeriga tartib raqamini biriktirish» interaktiv xizmatlaridir.

Endilikda bojxona chegarasini kesib o‘tishni rejalashtirgan fuqaro oldindan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirib, boj­xona organiga taqdim etishi yo‘lga qo‘yildi. Bu xizmatdan foydalangan shaxslarning bojxona chegarasidan o‘tishga va u yerda navbatda turib, deklaratsiyani to‘ldirishga ketadigan vaqtiga barham beriladi. 2016-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi tovarlarni rasmiylashtirish uchun ruxsatnoma olishga doir 7 turdagi interaktiv xizmatlar orqali jami 6,6 mingdan ortiq ruxsatnomalar elektron tarzda berilgan bo‘lib, bu jami berilgan ruxsatnomalar­ning 45,3 foizini tashkil etdi. 2016-yilda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulayliklar yaratish va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bojxona organlari tomonidan ko‘r­satiladigan qo‘shimcha 10ta yangi xizmati joriy qilindi.

Bugungi kunda bojxona organlarining interaktiv xizmatlari­ning reytingi hamda undan foydalanuvchilar soni keskin ortib bormoqda. Xususan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi xizmatlar reytingida oxirgi 3 oy davomida Davlat bojxona qo‘mi­tasining 5ta interaktiv xizmati birinchi 10 talikdan o‘rin olgan. Xususan, ulardan 2tasi 1 va 2-o‘rinlarda va keyingisi 4, 7 va 8-o‘rinlarni egallab turibdi. 2016-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga kelib tushgan 540 mingdan ortiq murojaatlarning salkam 370 mingtasi, ya’ni 68 foizini aynan bojxonaga doir interaktiv xizmatlari orqali kelib tushgan murojaatlar tashkil etdi. Tadbirda bu yo‘na­lishda kelgusida amalga oshirilishi kutilayotgan reja va loyihalar yuzasidan ham axborotlar berildi. Anjuman davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldilar.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq