IUT professori Husniddin Olimov Xalqaro Fanlar akademiyasining e’tirofiga loyiq deb topildi
20.04.2017
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Toshkent shahridagi Inha universiteti(IUT) ning fizika fani o‘qituvchisi Husniddin Olimov rivojlanayotgan mamlakatlardagi 45 yoshgacha bo‘lgan Xalqaro Fanlar akademiyasi (The World Academy of Science, TWAS)ning mukofotini olgan 22 nafar yosh olimlar qatoridan joy oldi.

Husniddin Olimovga 2016-yilda TWAS mukofoti so‘nggi besh yildagi fizika fani bo‘yicha xalqaro nufuzli jurnallarda chop etilgan maqolalari uchun topshirildi. Tanlov O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Xalqaro Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda ikkita yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazildi: “Fizika va matematika sohasidagi “Eng yaxshi ilmiy maqolalar” hamda “Kimyo va biologiya sohasidagi “Eng yaxshi ilmiy maqolalar”. IUT professori 2016-yil uchun mazkur nufuzli mukofotni O‘zbekistondan qo‘lga kiritgan yagona laureat bo‘ldi. Qayd etamiz, 2016-yil yakunlari bo‘yicha TWAS mukofotini dunyoning 16ta mamlakatidan qatnashgan 22 nafar yosh olimlar qo‘lga kiritdilar. (https://twas.org/prizes-young-scientists-developing-countries-list-winners). Husniddin Olimovga mukofot sertifikatini O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Prezidenti, akademik Behzod Yuldashev topshirdi.

Husniddin Olimov o‘z quvonchini bayon etib: “Men mana shunday nufuzli xalqaro mukofotni qo‘lga kiritganimdan hamda o‘zim saboq berayotgan Toshkent shahridagi Inha universitetining nomini nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda e’tirof etilishiga sababchi bo‘layotganimdan xursandman. O‘zbekiston – iqtidorlar vatanidir. Ona tuprog‘imiz dunyoga Abu Ali ibn Sino (Avitsenna), Abu Rayxon Beruniy, Al Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk olimlarni bergan. Ular dunyo faniga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shganlar” – dedi. “Universitetimizdagi iqtidorli talabalar bilan birgalikda buyuk ajdodlarimizning an’anasini davom ettirib, nafaqat O‘zbekistonning, balki butun dunyoning fan va texnologiyalari rivojiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak”, — deya qo‘shimcha qildi H.Olimov.

Mukofotdan ruhlangan Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Babaxodjayev: “Toshkent shahridagi Inha universiteti o‘qituvchilari orasida nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo fanining rivojiga o‘z hissasini qo‘shayotgan Husniddin Olimovdek professorlarning bo‘lishi biz uchun katta faxrdir! Mazkur xalqaro mukofot yana bir bor O‘zbekistonda iqtidorli insonlarning juda ko‘pligini va ularni qo‘llab-quvvatlashimiz zarurligini ko‘rsatadi. Yaqinda universitet mahalliy professorlarni tayyorlash dasturini ishga tushirdi. Mazkur dastur doirasida universitetning yosh o‘qituvchilari hamda akademik yo‘nalish bo‘yicha xodimlari O‘zbekistondan tashqarida, jumladan, Janubiy Koreyadagi nufuzli universitetlarida ta’lim olib qaytishlari mumkin. O‘ylaymanki, universitetimizning mazkur dasturi nafaqat ilm dargohimizda saboq berish sifatini oshiradi, balki O‘zbekistondagi fan rivojiga ham o‘z hissasini qo‘shadi. Kelajakda O‘zbekistondan yanada ko‘proq olimlar xalqaro nufuzli mukofotlarning sohiblari bo‘lishlariga umid qilaman”, – deya sharhladi.

Xalqaro Fanlar akademiyasi (The World Academy of Science, https://twas.org)ga 1983-yilda asos solingan. TWAS Bosh ofisi Trieste (Italiya) shahrida joylashgan. Akademiya rivojlanayotgan mamlakatlarga fan va injiniring rivojlanishiga ko‘mak beradi. Akademiya har yili rivojlanayotgan mamlakatlarning olimlariga fan va injiniring bo‘yicha turli sohalardagi tadqiqotlar uchun 1 mln. AQSH dollaridan ortiq miqdorda grant ajratadi. U shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarning olimlari ishtirokida o‘tadigan turli tadbirlar (ilmiy konferensiyalar, simpoziumlar)ni moliyalashtiradi.

Manba: press-reliz

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq