Toshkent shahridagi Inha universiteti abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilishni boshladi
17.04.2017
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2017-yilning 17-aprel kunidan boshlab, Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) 2017-2018 o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilishni boshladi.

IUT ga hujjatlarni topshirish jarayoni avvalgi yillardagi kabi to‘liq onlayn tarzda amalga oshiriladi.

IUT da o‘qishni istagan abituriyentlar, https://admissions.iut.uz havolasi bo‘yicha universitet saytiga kirib, onlayn ro‘yxatdan o‘tish shaklini to‘ldirishlari lozim.

Onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlar shaxsiy ma’lumotlarning elektron nusxasini ilova qilishlari lozim: pasport, akademik litsey, kasb-hunar kolleji/umumiy ta’lim maktabini bitirganligi to‘g‘risidagi diplom/attestat, 086-formasidagi tibbiy ma’lumotnoma, IELTS yoki TOEFL imtihonini topshirganligi to‘g‘risidagi sertifikat.

Agarda abituriyent hali litsey yoki kollejni bitirmagan bo‘lsa – unday holda ta’lim muassasasining ma’lumotnomasini, IELTS yoki TOEFL imtihonini topshirganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lmasa, u holda IELTS yoki TOEFL imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etishi shart.

Qayd etamiz, onlayn ro‘yxatdan o‘tish 2017-yilning 10-iyul kuni soat 17:00 ga qadar davom etadi.

Abituriyentlar uchun talablar o‘zgarishsiz qoldirildi. Abituriyentlar ingliz tilidan o‘z bilimlarini tasdiqlash uchun IELTS yoki TOEFL iBT rasmiy sertifikatini taqdim etishlari lozim.

IELTS yoki TOEFL iBT rasmiy sertifikati bo‘lmagan abituriyentlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, Toshkent shahridagi Inha universiteti Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda IELTS imtihonlariga yopiq sessiyani tashkil etmoqda. Imtihon 2017-yilning 8- iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Abituriyentlar 2017- yilning 12-mayiga qadar ro‘yxatdan o‘tishlari lozim.

Alternativ tarzda abituriyentlar TOEFL iBT® imtihonlarini topshirishlari mumkin. Abituriyentlar 2017- yilning 6-may va 3-iyun kunlari Toshkent shahridagi Inha universiteti binosida bo‘lib o‘tadigan TOEFL iBT imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Imtihonlar Toshkent shahridagi Inha universiteti binosida o‘tkaziladi.

Qayd etamiz, Toshkent shahridagi Inha universitetiga hujjat topshirish uchun albatta IELTS yoki TOEFL iBT rasmiy sertifikatlaridan biri taqdim etilishi lozim.

Bunday sertifikati bo‘lmagan abituriyentlar kirish imtihonlariga qo‘yilmaydi. Imtihonlar quyidagi fanlardan topshiriladi:
— Matematika va fizika fanlaridan – “Kompyuter va Dasturiy injiniring yo‘nalishi” uchun: IELTS 5.0 ball yoki TOEFL iBT 50 balldan kam bo‘lmasligi lozim.
— Matematika fanidan “Logistika” yo‘nalishi uchun: IELTS 6.0 ball yoki TOEFL iBT 75 balldan kam bo‘lmasligi lozim.

Kirish imtihonlari har bir fandan 20 tadan savollarni o‘zida mujassam etib, yozma tarzda o‘tkaziladi. Javoblar uchun 60 daqiqa beriladi. Savollar o‘rta ta’lim dasturiga mo‘ljallangan o‘quv darsliklari asosida tuzilgan. “Kompyuter va Dasturiy injiniring yo‘nalishi” uchun kirish imtihonlarida matematikaning salmog‘i 60 foizni, fizikaning salmog‘i esa 40 foizni tashkil etadi.

Qabul shartlari hamda imtihonlar jarayoni bilan tanishtirish uchun O‘zbekiston viloyatlaridagi akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi. Mazkur uchrashuvlar davomida universitet vakillari abituriyentlarni qiziqtiradigan barcha savollarga batafsil javob berishadi.

Shuningdek, may oyida Toshkent shahridagi Inha universiteti videokonferensiya o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Videokonferensiya davomida akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari hamda ularning ota-onalariga ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur hujjatlar, qabul shartlari hamda imtihonlar jarayoni to‘g‘risida bevosita Toshkent shahridagi Inha universitetining Qabul komissiyasi vakillaridan bilib olish imkoniyati yaratiladi.

Qayd etamiz, IUT 2017-2018 o‘quv yilida dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Kompyuter va Dasturiy injiniring yo‘nalishi” (SOCIE)ga 300 nafar hamda “Logistika” yo‘nalishiga 100 nafar talabalarni qabul qilish rejalashtirilgan.

Manba: press-reliz

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq