O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarning ma’naviy jihatdan foydali va zararli tomonlari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi
15.04.2017
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

2017 yil 14 aprel kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarning ma’naviy jihatdan foydali va zararli tomonlari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini tutish, shaxsiy axborotni, jumladan shaxsiy foto va video fayllar joylashtirishda nimalarga e’tibor qaratish, axborotni ximoya qilish, boshqa shaxslarga tegishli axborotni tarqatishda nimalarga e’tibor qaratish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatiladigan axborotlarning ishonchiligini tekshirish lozimligi xaqida fikrlar yuritildi. Unda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent arxitektura-qurilish instituti talabalari ishtirok etdilar.

Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi axborot havfsizligi bo‘limi mutaxassisi X.Daliev talabalar bilan ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarning foydali va zararli tomonlari, hozirgi kunda dolzarb mavzu — yoshlarni nosog‘lom axborotlardan himoyalash zarurligi, ularning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasiga zid tarmoqlarning salbiy ta’siridan himoya qilish haqida suhbatlashdilar. U yoshlar bilan shu kabi suhbatlarni tez-tez o‘tkazib turish va ularga ijtimoiy tarmoqlardagi noto‘g‘ri muloqotning salbiy ta’sirini tushuntirib berish kerakligi haqida so‘zladi. Shuningdek, X.Daliev seminar ishtirokchilariga Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi tomonidan tayyorlangan taqdimot namoyish etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda muloqotning salbiy va ijobiy jihatlari haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirar ekan, ishtirokchilar bu savolga nisbatan bir to‘xtamga kelish mumkin emasligini ta’kidladilar. Ijtimoiy tarmoqlarda muloqotning ijobiy tomonlari sifatida qo‘yidagilar aytildi: dunyoning turli burchagidagi odamlar bilan muloqot qilish, masofali ta’lim imkoniyatlari, g‘oyalar va loyihalar almashinuvi, hamfikrlar bilan topishish imkoniyatlari, muloqot doirasini kengaytirish kabilar. Salbiy tomonlari deb esa quyidagilar topildi: internet orqali amalga oshirilayotgan tahdidlar, yoshlar ongiga salbiy ta’sir etayotgan buzg‘unchi g‘oyalar va “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi madaniyatsizlikning salbiy oqibatlari.

Tadbir ishtirokchilari o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va tashkilotchilarga tanlangan dolzarb mavzu uchun minnatdorchilik bildirdilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq