Toshkent shahridagi Inha universitetiga hujjat topshirish uchun IELTS yoki TOEFL iBT rasmiy sertifikatini taqdim etish lozim
14.04.2017
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2016-yilda bo‘lganidek, joriy yilda ham Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)ga hujjat topshirish uchun IELTS yoki TOEFL iBT rasmiy sertifikatini taqdim etish lozim.

Mazkur hujjat topshirish bilan bog‘liq masalalar, bu yilgi qabul shartlari bo‘yicha har kuni Toshkent shahridagi Inha universitetiga ko‘plab qo‘ng‘iroqlar, murojaatlar bo‘lmoqda.

IUT ning “Qabul hamda akademik masalalar” bo‘limi rahbari o‘rinbosari Behzod Jalilov qayd etganidek: “Abituriyentlar uchun talablar xuddi o‘tgan yildagidek qoldirildi. Hech qanday o‘zgarishlar yo‘q. Hujjatlarni qabul qilish onlayn tarzda amalga oshiriladi. Toshkent shahridagi Inha universitetiga hujjat topshirish uchun IELTS yoki TOEFL iBT rasmiy sertifikatini taqdim etish lozim”.

“IELTS yoki TOEFL iBT rasmiy sertifikati bo‘lmagan abituriyentlar IUT abituriyenti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, 2017-yil 10-iyulga qadar shunday hujjatni qo‘lga kiritishlari kerak. Qayd etamiz, Toshkent shahridagi Inha universitetiga hujjat topshirish uchun albatta IELTS yoki TOEFL iBT rasmiy sertifikatlaridan biri taqdim etilishi lozim. Bunday sertifikati bo‘lmagan abituriyentlar kirish imtihonlariga qo‘yilmaydi”, — qo‘shimcha qildi, Jalilov.

Abituriyentlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, Toshkent shahridagi Inha universiteti Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda IELTS imtihonlariga yopiq sessiyani tashkil etmoqda. Imtihon 2017-yilning 8-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Abituriyentlar 2017-yil 12-mayga qadar ro‘yxatdan o‘tishlari lozim. Hujjat topshirmoqchi bo‘lganlar qo‘shimcha ma’lumot uchun IUT ma’muriyatiga murojaat qilishlari mumkin.

Behzod Jalilovning qayd etishicha, mazkur sessiya IELTS sertifikatini olish uchun abituriyentlarga so‘nggi imkoniyat hisoblanadi, sababi, Britaniya Kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, IELTS imtihonlari uchun barcha sanalar joriy yilning avgust oyiga qadar yopilgan.

Alternativ tarzda abituriyentlar TOEFL iBT® imtihonlarini topshirishlari mumkin. Abituriyentlar 2017-yilning 6-may va 3-iyun kunlari Toshkent shahridagi Inha universiteti binosida bo‘lib o‘tadigan TOEFL iBT imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Behzod Jalilovning qayd etishicha, odatda abituriyentlar o‘z hujjatlarini qabul kampaniyasi tugashiga ozgina qolganda topshiradilar, shuning uchun ham ular IELTS yoki TOEFL iBT imtihonlarini topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tishga ulgurmay qoladilar.

“Biz Toshkent shahridagi Inha universitetiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan barcha abituriyentlarni hujjatlarni o‘z vaqtida topshirib, IELTS yoki TOEFL iBT rasmiy sertifikatini qo‘lga kiritish uchun yaratilgan imkoniyatdan unumli foydalanishlariga chaqiramiz”, — qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, hujjatlar 2017-yil 17-apreldan to 10-iyulga qadar universitetning sayti (www.inha.uz) da onlayn tarzda qabul qilinadi. Saytda abituriyentlar maxsus anketani to‘ldirib, quyidagi hujjatlarning elektron nusxasini: pasport, akademik litsey yoki kasb-hunar kollejini bitirganligi to‘g‘risidagi diplom (agar abituriyent hali litsey yoki kollejni bitirmagan bo‘lsa – unday holda ta’lim muassasasining ma’lumotnomasi)ni, IELTS yoki TOEFL imtihonini topshirganligi to‘g‘risidagi sertifikat (agarda abituriyentda hali bunday sertifikat bo‘lmasa, u holda IELTS yoki TOEFL imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma)ni va 3,5×4,5 hajmdagi fotosuratni ilova qilishlari lozim.

Manba: press-reliz

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq