Ustozimiz – akademik Telman Radjabov
26.03.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Ustozimiz Telman Dadayevich Radjabov mamlakatimiz va jahonda taniqli alohida hurmatga sazovor bo‘lgan insondirlar.

Telman Radjabov  fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Xalqaro aloqa akademiyasi akademigi, IEEE a’zosi (Institute of  Electrical and Electronics Engineers — Elektr va elektronika bo‘yicha muhandislar instituti), 560ta ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlar, beshta monografiya va 55tadan ortiq patentlar muallifi bo‘lib hisoblanadi. Shunday uztoz bilan birga TATUda uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotganimizdan g‘oyatda faxrlanamiz.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari bilan uchrashuvlari hamda 2016-yil 29-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademiklari faoliyatini yanada takomillashtirish va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-4907-son  Farmonining e’lon qilinganligi ayni muddao bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Odatda, inson hayot-faoliyati davomida tez-tez ortda qolgan yillarga nazar tashlab, qanday yashagani, qanday ezgu-ishlarni amalga oshirishga muyassar bo‘lgani, qilgan ishlari, bosib o‘tgan yo‘llariga razm solib boradi. Hayotidan mamnun va rozidek bo‘ladi. Umrining qimmatli onlari bekor sarflanmaganiga, ko‘pchilikka nafi tekkanligiga amin bo‘ladi. Buyuk shoirimiz, Hazrat Alisher Navoiyda shunday satrlar bor: “Odam borki, odamlarning naqshidir” – nazarimda bu fikr aynan ustozim Telman Dadayevichga haqida aytilgandek go‘yo. Mana 64 yildirki, Telman Dadayevich mamlakatimizda eng sharafli kasbiy sohalardan birida mehnat qilib kelmoqdalar.

TATUda ustoz tashabbusi bilan “Mobil aloqa texnologiyalari” kafedrasi qoshida telekommunikatsiya sohasida istiqbolli texnologiyalarni tadqiq etish va ishlab chiqish ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil qilingan. Mazkur laboratoriyada optik tolali aloqa tizimlari, radioaloqa qurilmalari, axborot xavfsizligi, radiomonitoring qurilmalari va ma’lumotlarni uzatish masalalari o‘rganiladi. Aloqa tizimlarini sinovdan o‘tkazish maxsus stendlari ishlab chiqilgan. Shuningdek,  soha korxonalari (radio televideniye uzatish markazi davlat unitar korxonasi, UNICON.UZ davlat unitar korxonasi va boshqalar) bilan aloqalar tashkil etilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi  axborot  texnologiyalari  va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining korxona va tashkilotlari bilan o‘ndan ortiq, “Fan va texnika” rivojlantirish qo‘mitasi bilan uchta shartnoma tuzilgan. Bular qatorida, xalqaro grantlar va shartnomalar tuzishda faol qatnashgan. Bulardan Tempus, Libante va boshqalar mavjud.

Telman Radjabov  1992-1998 yillarda Toshkent Elektrotexnika Aloqa institutiga rektorlik qilgan. Shu yillarda institutdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan. U Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Ixtisoslashgan Ilmiy kengashlarining a’zosi. Uztoz mehnat faoliyati davomida katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil tadqiqotchilarga ilmiy izlanishlarni  olib borishda rahbarlik qilmoqda. Uning rahbarligi ostida  39 nafar fan nomzodlari, 7 nafar fan doktorlari muvaffaqiyatli himoya qilgan. Hozirgi kunda Telman Radjabov 2 nafar doktorlik dissertatsiyasi ishiga rahbarlik qilmoqda. Ilmiy ishiga rahbarlik qilayotgan  magistrant  Doniyor Rasulov  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidagi davlat stipendiyasi sohibidir.

Telman Radjabov  fidokorona mehnatlarining samarasi sifatida: “Xalqlar do‘stligi”,  “Mehnat shuhrati” ordenlari, “Mehnat fahriysi” medali, yubiley medali, “Ixtirochi” belgisi va bir qancha faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. Ustoz oilasi, kasbdoshlari va talabalar orasida katta obro‘-e’tiborga ega.  Telman Radjabov umr yo‘ldoshi Ra’no Madrahimova bilan baxtli va ibratli umrguzaronlik qilib kelmoqda. Telman Dadayevich ikki nafar farzandning otasi va bir qancha nabiralarning mehribon bobosidir. Ayni vaqtda ustoz rahbarligida o‘zim ham mustaqil-izlanuvchi sifatida “Yangi avlod optik  kuchaytirgichlarning ekspluatatsion xarakteristikalar  samaradorligini oshirish usullarini ishlab chiqish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqdaman.

Telman Radjabovga talabalar va bizdek yosh olimlarga yana ko‘p yillar ustozlik qilishlarida  muvaffaqiyatlar, sog‘liq-salomatlik,  omonlik tilayman, shunday insonlardan namuna olish bizning burchimizdir.

Mahbuba Sultonova, TATU, Mobil aloqa texnologiyalari Kafedrasi katta o‘qituvchisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq