Simsiz optik aloqa tizimlarini kirish tarmoqlarida qo‘llash masalalari
26.03.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

Hozirgi davrda optik aloqa tizimlarini (OAT) zamonaviy texnikalarda qo‘llash keng tarqalmoqda.

Optik aloqa ti­zimlarining qo‘llanilishiga qarab, ularni quyidagilarga ajratish mumkin:

  • simli lazerli tolali optik aloqa liniyalari, ulardan korporativ tarmoqlarda, uzoq masofali aloqani ta’minlab beruvchi maxsus texnikalarda keng qo‘llaniladi;
  • simsiz optik aloqa tizimlari (SOAT).

Aynan SOATlar haqida fikr yuritsak, aytish kerakki, ko‘proq lazerli SOAT keng tarqalgan. Radioreleyli aloqa tizimlariga nis­batan lazerli SOATning uzatish tezligi ancha yuqori, 1 Gb/s.dan 10 Gb/s.gacha bo‘ladi. SOAT ma’lum masofada 50 m. dan 4 km. gacha bo‘lgan masofada aloqani juda qisqa vaqt, o‘rtacha 3 soat mobaynida ta’minlashi mumkin. Buning uchun ariq kavlash yoki ustunlar(stolbalar)ni o‘rnatish shart bo‘lmaydi. Faqatgina kerakli qurilmalarni joyiga o‘rnatish, ularni sozlash va ishga tushirish lozim bo‘ladi. Energiya ta’minoti esa 10 Vt.dan ko‘p bo‘lmaydi. Bu esa uning uzoq vaqt akkumulyator batareyasida ishlashini bildiradi. Radioreleli aloqa tizimiga nisbatan SOATning ishonchliligi yuqori, elektr sanoati shovqinlaridan, atmosferali elektrdan yuqori darajada himoyalangan. Uzatish, qabul qilish qurilmalari moduli hattoki, chaqmoqning to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushishidan himoyalangan. Lazer nuri axborotning o‘g‘irlanishiga yo‘l qo‘y­maydi.

SOAT quyidagi muammolarni yechishga yordam beradi:

  • ichki stansion aloqa (telemetrik ma’lumotlarni uzatish, video­kuzatuv);
  • ichki korporativ aloqa kanallarini tezkor tashkil etish (turli binolarda joylashgan ofis va obyektlar o‘rtasida);
  • yuklash va tushirish terminallari oralig‘ida vaqtinchalik va sta­tsionar aloqa kanalini tashkil etish;
  • 100 Mbit/s tezlikka ega bo‘lgan «halqa» va «halqa-yulduz» turidagi tarmoq konfiguratsiyasini ishga tushirish;
  • ushbu usulning afzalligi shundaki, shahar joylarda uning ekolo­gik xavfsizligini, abonentlarning shovqinlardan himoyalanganligini, tarmoqning mobilligi, qisqa muddatda tarmoqni konfiguratsiyasini o‘zgartirish mumkinligi hisoblanadi. «Lazer halqa» yordamida bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishlarga axborotni uzatish mumkin. Bu abonentlar uchun ko‘p qulayliklar keltiradi, zaxira kanallarini tashkil etishni osonlashtiradi;
  • SOATni qo‘llashga bo‘lgan asosiy qarshilik, bu murakkab meteo-sharoitlar hisoblanadi. Real holatda SOAT yomg‘irda ham, atmosferali elektr ta’sirida ham, yuqori kuchlanishli elektr liniyasi yaqinida ham ishlashi mumkin. SOATning yaxshi ishlashiga asosan tumanli havoning ta’siri kuchli bo‘ladi, biroq kuchli tumanli havo O‘zbekiston sharoitida kamdan-kam uchraydi. Odatda SOAT baland imoratlar tomlarida o‘rnatiladi. Bu esa aloqa yo‘qolishining ehtimolini kamaytiradi. Lazer nurini to‘sish juda ham mushkul. Birinchidan, trassani bilish lozim, ikkinchidan, trassaning balandligi 10 m. dan baland bo‘ladi. SOATning tan narxi nisbatan ancha past bo‘ladi.

SOATni amalga oshirish uchun quyidagilarni bajarish lozim:

  1. Ofisning tashqarisida antennani o‘rnatish;
  2. Blok — o‘zgartirgichlarni o‘rnatish va uni optik tolali kabel orqali antenna bilan ulash;
  3. Maxsus qurilma yordamida antenna yo‘nalishini to‘g‘rilash.
  4. Ehernet yoki E1 (juft sim) tarmoq kabellarini va elektrik manbaini ulash.

SOAT avtonom yoki maxsus dasturiy ta’minotiga ega bo‘lgan shaxsiy kompyuter yordamida boshqarilishi mumkin. Bu holatda aloqa kanallarining parametrlari o‘lchanadi va ularning dinamikasi tahlil etiladi. IP tarmoq orqali Ehernet tarmog‘ining xohlagan nuqtasidan qurilmalarning holatini monitoring qilib borish mumkin. Tizimning xizmat kanali SOAT terminallari o‘rtasida axborot almashishni ta’minlaydi. Lazer SOAT blokining og‘irligi 5–6 kg.ni tashkil etadi. Blokning ish rejimi harorati -40 °С dan +60 °С gacha ishlaydi. Tizimda 1,55 mkm to‘lqin uzunligidagi yarim o‘tkazgichli lazer ishlatiladi. Telekommunikatsiya tarmoqlarida lokal tarmoq­lar hosil qilish, internet tarmog‘iga imkoniyat yaratish, raqamli ATSlar o‘rtasida aloqani ta’minlash uchun SOAT modellaridan biri MOST 100/500 tavsiya etilgan.

Lazerli SOATning ishlashi quyidagicha amalga oshadi. Signal axborot manbaidan interfeys (OTAL yoki mis sim) orqali elekt­ron blokdan o‘tib birinchi terminal blokiga tushadi. Signal uzatilayotgan axborotga qarab, modulyatsiyalanadi va atmosfera orqali ikkinchi terminalning qabul qilish va uzatish moduliga uzatiladi, keyin esa ikkinchi elektron blokka va interfeys orqali lokal tarmoqqa yoki ikkinchi foydalanuvchiga uzatiladi. Shu usulda signal qarama-qarshi tomonga uzatiladi. SOATning ishdan chiqqunga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘i 10 4–10 6 soatni tashkil etadi. Bit xatolik ehtimolligi 10–6 ga teng. Aloqa yo‘nalishni ushlab turish aniqliligi 0,03–0,08 mrad. ni tashkil etadi. Real atmosferaning «yupqa» strukturasining o‘tkazuvchanlik kengligi bir nechta o‘nlab nm li yutuvchi tor spektral kengliklardan tashkil topgan bo‘ladi. Bu esa yarim o‘tkazgichli lazer nurlatuvchi spektri kengligiga mos keladi.

Agar ular mos kelib qolsa, u holda atmosferada lazer nurini o‘tkazish bir necha barobarga pasayishi mumkin. Bu masalani la­zerli yorug‘lik diodi nurlatgichlarini qo‘llash usuli bilan hal etish mumkin. Chunki yorug‘lik diodining nurlanishi «yupqa» strukturali yutish polosasi va lazer nuri kengligidan yuz barobariga ortiq bo‘ladi. Yorug‘lik diodining nuri yutish polosasi oralig‘idan o‘tishga qodir. Yorug‘lik diodi nuri nokogerent bo‘lganligi uchun inter­ferensiya holati kuzatilmaydi. Yorug‘lik diodi nurlatgichlari lazer diodiga nisbatan ancha arzon turadi va ekologik toza hisoblanadi hamda nokogerent nurlatish manbai bilan inson salomatligi uchun xavfsiz bo‘ladi. Biroq SOAT masofasini oshirish uchun lazer nurlatgichdan foydalanish ma’qulroq bo‘lib hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. СкляровОК. Волоконно-оптичeскиe сeти и систeмы связи. — М.: Сaлон-Прeсс, 2004. — 272.


Mualliflar: A. Eshmuradov, TATU kafedrasi mudiri, t.f.n., dotsent, K. Abdurahmonova, TATU talabasi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq