Pavel Shilling – elektromagnit telegrafi ixtirochisi
26.03.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

Mamlakatimiz “Aloqa tarixi muzeyi” zallari bo‘ylab navbatdagi sayohatimizda elektr aloqasi tarixida munosib o‘rin tutgan mashhur ixtirochilardan birining faoliyatiga nazar tashladik. Ushbu sahifamiz elektromagnit telegrafi ixtirochisi Pavel Shillingga bag‘ishlanadi.

Pavel Lvovich Shilling 5(16) aprelda Revel (Tallin) shahrida tavallud topgan. Davr talabiga mos qiziqishlari bilan ma’lumotlarni egallab, harbiy xizmatni o‘taganidan so‘ng sharqshunoslik sohasida yuksak darajada bilim darajasiga erishadi. Shu sababli 1822-yilda uni Parij Osiyo ilmiy jamiyati muxbir-a’zosi etib saylaganlar, 1824-yilda unga Britaniya-Osiyo adabiyoti jamiyati diplomi berilgan. Pavel Lvovich Shillingni aynan Sharq adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha 1828-yilda Peterburg Fanlar Akademiyasi muxbir-a’zosi etib saylaganlar. Pavel Shilling Kriptografiyaga va turli kodlashtirish tizimlariga oid ilmiy ishlar muallifidir. Pavel Lvovich yoshlik davridan elektrotexnikani qiziqish bilan o‘rgangan. Uzoq yillar elektr tokidan maishiy ehtiyojlar, jumladan, elektr yoritgichlar uchun foydalanish bo‘yicha tajribalar o‘tkazgan. 1816-yilda Shilling Peterburg shahrida kartografiya uchun zarur bo‘lgan Rossiya davlatida birinchi litografiyani tashkil etgan.

Pavel Lvovich Shilling elektr aloqa tarixida jahonda birin­chi elektromagnit telegrafi ixtirochisi sifatida mashhur. 1832-yil 21-oktabr kuni namoyish etilgan elektromagnit telegrafi taqdimoti uchun olimga besh xonali xonadonidagi joy yetarli bo‘lmay, ko‘p qavatli uyning to‘liq birinchi qavatini ijaraga olishga majbur bo‘lgan. Peredatchik(uzatish qurilmasi) binoning taklif etilganlar jamlangan joyiga, priyomnik(qabul qiluvchi uskuna) esa — Shillingning ish kabinetiga o‘rnatilgan. Uskuna, apparatlar orasidagi masofa 100 metrdan ortiqni tashkil etgan. Mazkur ixtiroga butun mamlakat bo‘ylab qiziqish shunchalik darajada kuchli bo‘lganki, uning taqdimoti Yangi yil bayramlari davrigacha davom etgan. Tashrif buyurganlar orasida: olimlar va davlat arboblari, jumladan, akademik Boris Semenovich, graf Benkendorf, Imperator Nikolay I, Buyuk knyaz Mixail Pavlovich ham bo‘lgandi.

Bugungi kunda mazkur elektraloqasi sohasida qaldirg‘och bo‘lgan qurilmani ko‘rib, o‘sha davr ruhini his etish va baholash mumkin. Unda olti juft asosiy, bir juft chaqiruvchi(qo‘ng‘iroq) va bir juft umumiy klavishlari mavjud bo‘lgan. Har bir juft bir sim bilan qabul qiluvchi stansiyaga birlashtirilgan. Stansiyada asosiy, chaqiruvchi(qo‘ng‘iroq) klavishlari simlarining uchlari muvofiq multiplikatorlar g‘altaklariga ulangan. Har bir juft klavishlar tashqi tomondan rangi bilan farq qiladi. Bir rangdagi asosiy yoki chaqiruvchi(qo‘ng‘iroq) klavishlarining bosilishi bilan liniyali simlar bir batareya qutbiga ulanadi, boshqa rangdagi klavish bosi­lishi bilan — boshqasiga ulanadi. Umumiy juft klavish sxemaga shunday kiritilganki, shu rangdagi umumiy juft klavishlari bosi­lishi bilan asosiy va chaqiruvchi(qo‘ng‘iroq) juft klavishlari doim umumiy liniya simi batareyaning qarama-qarshi qutbiga ulanadi. Bir yo‘nalishdagi tokni ma’lum bir multiplikator orqali yo‘naltirish uchun bir vaqtning o‘zida asosiy va chaqiruvchi(qo‘ng‘iroq) hamda umumiy juft klavishlarini bosish zarur, bunda ularning barchasi bir xil rangda bo‘lishi shart.

Mazkur telegrafning yaratilish tarixi juda qiziq bo‘lgan. Aslida, yakunlangan ixtiro sifatida telegraf haqidagi ma’lumotlar 1830-yillarda e’lon qilingandi. Masalan, 1829-yil may oyida Shilling haqida uning do‘stlaridan biri bo‘lgan Fonton shunday yozgandi: «Shilling telegrafning yangi turini yaratganligi ko‘pchilikka ma’lum emas. Ikki punkt orasidagi simlardan elektr tokining yugurishi asosida u belgilar uzata olgan, bu belgilar alifbo harflari, so‘zlar, nutq va boshqalarni anglatgan. Bu olamshumul voqea emasdek tuyuladi, biroq vaqt o‘tib, takomillashib, zamonaviy telegrafga aylanadi».

Telegraf semaforida allaqachon shartli alifbodan foydalani­lardi. Bu yerda ko‘p sonli ishchi belgilarga zarurat mavjud emasdi. Ivan Kulibin har bir harf yoki bo‘g‘in uchun ikki belgidan foydalangan va unga 100tadan ortiq signal kerak bo‘lgan. Klod Shapp «Alifbo»si esa 8464ta so‘z uchun 250 signaldan tashkil topgan bo‘lib, har biri 92ta so‘zdan iborat, 92ta sahifani band etgan. Shilling esa o‘z oldiga eng kam sonli simlardan foydalanib, bir vaqtning o‘zida har bir harfni ifoda etib, uzatish imkonini beradigan, ya’ni eng kam sonli ishchi belgilar bilan harflarni ifodalab, ishlaydigan telegraf kodini yaratish vazifasini qo‘ygan. Muvaffaqiyat qozongan mazkur vazifaning yechimi Xitoydan topilgan.

1830-yil may oyida P. Shilling alohida davlat topshirig‘i bilan Xitoyda bo‘lgan. Nodir qo‘lyozma asarlaridan tashqari, xitoy tilini o‘rganishga juda qiziqib ketgan olim xalq turmushi, mamlakat falsafasi bilan ham tanishadi. U xitoyning 64 shakldan iborat tizim asosida kelajakni aytib bera oladigan bashoratchilariga qoyil qoladi. Bashoratchilar foydalanadigan har bir shakl (geksagramma) ikki turdagi oltita — uzluksiz, davriy yo‘nalishdan tarkib topgan. Bugungi kunda mazkur — I-Tszin tizimi — jahonda mashhur. 1832-yil mart oyida Peterburgga qaytib kelgan Shilling o‘z loyihasini amalga oshi­rish uchun kirishib ketadi. «Agar olti yo‘nalishli kombinatsiya yordamida inson taqdirini bilish mumkin bo‘lsa, unda alifboni uzatish uchun ham albatta yetarli bo‘ladi!» — u shunday xulosa chiqargandi. Shunday qilib, sharq donishmandligi, nemis xalqining amaliy tajribasi va rus xalqiga xos zehni bilan o‘z ixtirosini yaratib, olamga namoyish etishga muyassar bo‘ladi.

Texnika tarixida Shilling elektromagnit telegrafining uch modeli mavjud. Bundan tashqari, u apparatlarda ishlovchilarning diqqatini jalb etish uchun «budilnik» (qo‘ng‘iroq)ni ham foyda­lanishga kiritgan. 1836-yilda yer osti telegraf liniyasini yaratgan, 1837-yilda Shilling Sankt-Peterburg va Kronshtadt o‘rtasida elektr telegrafining qurilishiga ruxsat oladi. Biroq to‘satdan (1837-yil 6-avgustda) bevaqt vafot etishi sababli mazkur loyiha amalga oshmay qolgan. Pavel Shilling Smolensk shahrida dafn etilgan. 1901-yilda u yashagan uyda yodgorlik belgisi o‘rnatilgan.

Shunday qilib, Pushkin, Gogol kabi mashhur adiblar zamondoshi bo‘lgan olim, elektrotexnik va ixtirochi — Pavel Lvovich Shilling jahonga birinchi bo‘lib, aloqa uchun zarur bo‘lgan elektromagnit hodisalarining amaliy qo‘llanilish imkoniyatlarini jahon ilm ahli oldida isbot qilgan va Morze, Kuk va Uitston ixtirolari uchun yo‘l ochib bergan. Unga telegrafni sotib olish uchun Angliya va AQSH mamlakatlaridan ko‘plab takliflar tushgan, biroq u rad etgan, sababi elektr aloqani aynan o‘zi yashayotgan mamlakatda rivojlantirishni burchi deb bilgan. Pavel Shilling ilmiy izlanishlari taqdim etilgan ekspozitsiyalar Moskva Politexnika muzeyi va Sankt-Peterburgdagi Markaziy aloqa muzeylarida taqdim etilgan.

Maqola O‘zbekiston «Aloqa tarixi» muzeyi va infoCOM.UZ jurnali o‘rtasidagi hamkorlik loyihasi asosida tayyorlan­di. Maqola materialida Vikipediya — ochiq ensiklopediya va boshqa adabiyotlardan foydalanildi.

Mualliflar: Nilufar Azizova, Oygul Madjidova

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq