Ma’ruza o‘qish jarayonida talabalar faolligini oshirish
26.03.2017
Rukn: Internet.
Muallif: .

Talabalarga nazariy bilim berishda ma’ruza o‘qish jarayoni katta ahamiyatga ega. O‘qituvchi 80 daqiqa ma’ruza o‘qiyotganda talabalarning diqqa­tini o‘rganilayotgan mavzu doirasida ushlab turishi, ularni zerikib qolmasligi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishi lozim.

Bir maromda ma’ruza o‘qilishi ba’zida talaba­larni zeriktirib qo‘yadi, natijada ularning ba’zilari mobil telefonini ishga solib tarmoq orqali nimalarnidir o‘qiy boshlaydi, ayrimlari esa ma’ruzani tinglayotgandek o‘tirsa­da, fikri-xayoli boshqa joyda bo‘ladi.

Ma’ruza paytida talabalarning diqqatini tushuntirilayotgan mavzu doirasida ushlab turish, tushuntirilayotgan mavzuni qanchalik o‘zlashtirilayotganligini bilish va shunga qarab, ma’ruza o‘qishni davom ettirishda pedagoglardan katta mahorat talab etiladi. Respublikamiz OTM reyting nazorati orqali talabalar bilimini baholash yo‘lga qo‘yil­ganligi tufayli ba’zida faqat ma’ruzalar o‘qish bilan shug‘ullanayotgan o‘qituvchilar talaba­larning o‘zlashtirishini baholashga qiyna­ladilar. Buning sababi ma’ruza o‘qiyotgan o‘qituvchi ma’ruza mazmunini talabalar tomonidan qanday o‘zlashtirilayotganini o‘z vaqtida bilmaydi. Natijada talabaning bili­miga berilayotgan baho obyektiv bo‘lmay qoladi. Ma’ruzaning bir qismi tushuntirilib bo‘lingach, shu qism bo‘yicha qisqa tezkor savol-javob o‘tkazish orqali ma’ruzaning o‘zlashtrilishini aniqlash va talabalarning berilgan savollarga individual javob qayta­rishlari asosida ularning bilimiga baho be­rish ma’ruza jarayoni samarasini keskin oshiradi. Ma’ruza paytida talabalarga savollar bilan murojaat qilish va ularni avvaldan tayyorlab qo‘yilgan savollarga javob qay­tarishga undash ularni tushuntirilayotgan mavzuni diqqat bilan tinglashlari va tezlikda berilayotgan savollarga javob izlashga undaydi.

Ilg‘or axborot texnologiyalaridan foydalanib, ma’ruza o‘qish paytida qisqa savol-javoblarni o‘tkazishga mo‘ljallangan maxsus dasturiy vosita bilan ishlashni ko‘rib chiqaylik. Bunday dasturiy vositalardan biri Internet tarmog‘ida joylashtirilgan Kahoot dasturidir. Dastur ma’ruza o‘qiyotgan o‘qi­tuvchiga ma’ruza o‘qish jarayonida ma’ruza bo‘yicha tezkor savol-javob o‘tkazish imkoniyatini beradi. O‘qituvchi tomonidan tayyorlangan savol va javoblar auditoriyadagi ekranda aks etadi. Tinglovchilar esa o‘zlaridagi telefon yoki kompyuterlari orqali berilgan savolning javobini tanlaydilar. Savol-javoblardan olingan natijalar auditoriyadagi ekranda aks etadi. Tizim onlayn rejimida ishlaydi.

Dasturning bosh sahifasiga kirish uchun Internet tarmog‘ida https://create.kahoot.it manzilga murojaat qilish kerak (1-rasm). Bosh sahifadagi «get my free account» tugmasiga sichqoncha bilan chertish orqali ti­zimdan foydalanishda qaysi rolni bajari­shingizni tanlash mumkin (2-rasm). Masalan, siz — o‘qituvchisiz. Tizimda «O‘qituvchi» rolini bajaruvchiga tegishli ma’lumotlarni quyidagi maydonlarga ketma-ket kiritamiz (3-rasm). O‘qituvchiga tegishli ma’lumotlar mos holda tegishli maydonlarga kiritilgach o‘qituvchiga mo‘ljallangan interfeys ochiladi (4-rasm). O‘qituvchi tomonidan ma’ruza paytida tezkor savol-javob o‘tkazish uchun ma’ruza bir necha qismlarga ajratilib, uning har bir qismi uchun avvaldan savol-javoblar tuzib qo‘yilishi kerak. Bu savol-javoblar Kahoot dasturiga kiritilishi lozim. Tezkor savol-javoblarni tizimga kiritish uchun Quiz tugmasi sichqoncha bilan chertiladi (5-rasm).

1-rasm. Kahoot tizimining bosh sahifasi

2-rasm. Tizimda «O‘qituvchi» rolini tanlash

3-rasm. O‘qituvchiga tegishli ma’lumotlarni kiritish

4-rasm. Tizimdan foydalanuvchi (savolnoma tuzuvchining) bosh sahifasi

5-rasm. Tezkor savol-javoblarni kiritish

Quiz tugmasi chertilganda quyidagi oyna ochiladi (6-rasm). Tezkor savol-javoblarga tegishli ko‘rsatkichlar kitirilgach, savol va javoblarning o‘zi kiritiladi (7-rasm). Yangi savol qo‘shish uchun «add question» tugmasi bosiladi (8-rasm). Yangi savol qo‘shish oynasida «Question» maydoniga savol ki­ritiladi va to‘g‘ri javobga tugmasi bosib qo‘yiladi (9-rasm) (savolga qo‘shimcha tariqasida video lavha va fotosurat ham qo‘­shish mumkin). Barcha savollar qo‘shil­ganidan so‘ng (10-rasm) tezkor savol-javob jarayonini boshlasa ham bo‘ladi (11-rasm). 11-rasmdagi ko‘rsatilganidek play tugmasi bosilganda talabalar kirishi mumkin bo‘lgan http://kahoot.it manzilidagi oyna ochi­ladi (12-rasm).

6-rasm. Tezkor savol-javoblarga tegishli ko‘rsatkichlarni sozlash

7-rasm. Savol-javoblarga tegishli ko‘rsatkichlar

8-rasm. Yangi savol qo‘shish

9-rasm. Kahoot! Tizimida Quiz tugmasiga chertish orqali savol qo‘shish oynasi

10-rasm. Kahoot! Tizimiga qo‘shilgan savollar.

11-rasm. Kahoot! Tizimida tezkor savol-javobni boshlash oynasi

12-rasm. Kahoot tizimida texkor savol-javobni boshlash oynasi

Bu yerda «Classic» rejimi orqali har bir talaba o‘zining (telefon, planshet, kompyu­ter) qurilmasidan foydalanib kiradi, o‘zi uchun ball to‘playdi. Team mode (jamoaviy rejim)da talabalar guruhlarga bo‘linadi va to‘g‘ri javob uchun guruhga ball beriladi. Kerakli rejim tanlanganidan so‘ng savol-ja­vobga qo‘shiluvchilar uchun maxsus axborot oynasi ochiladi (13-rasm). Bu yerda tizim­ning Internet tarmog‘idagi manzili va seans pinkodi aks ettiriladi. Barcha talabalar seansga qo‘shilganidan so‘ng start tugmasi bosiladi. «Start» tugmasi bosilganda, barcha uchun umumiy savol bosh ekranda paydo bo‘ladi (14-rasm). Har bir javob maxsus belgi va rang bilan belgilangan bo‘ladi, talaba­larning qurilmalarida faqat javoblar aks ettiriladi (15-rasm). Har bir savolga berilgan javoblarni tahlil qilish uchun savoldan so‘ng to‘g‘ri javob berganlar yuqori ball (agar ikki va undan ortiq talaba to‘g‘ri javobni ko‘r­satgan bo‘lsa, to‘g‘ri javobni birinchi tan­lagan talabalarga yuqoriroq ball beriladi) olgan talabalarning reytingini ko‘rsatib tu­ruvchi oyna ochiladi (16-rasm). Tahlil qilib bo‘lingach «Next» tugmasi bosiladi va keyingi savollarga o‘tiladi. Barcha savollarga javob berilgandan so‘ng «End» tugmasi bosiladi va seans tugatiladi (17-rasm). «End» tugmasi bosilgach, tezkor savol-javobda yuqori ball to‘plagan talabaning ismi chi­qadi (18-rasm).

13-rasm. Savol-javobga qo‘shilish uchun talabalarga berilgan axborot.

14-rasm. Barcha talabalar uchun bosh ekrandagi umumiy savol

15-rasm. Talabalarning qurilmaridagi javoblar oynasi

16-rasm. O‘yinda qatnashayotgan talabalar reytingi.

17-rasm. Seans tugatish oynasi

«Feedback & results» tugmasi bosilgach seans davomidagi barcha jarayonlarning xronologiyasini yuklab olish va natijalar baholanishi mumkin (19-rasm). Yuklab olingan.xls kengaytmali faylda o‘yin xronologiyasi to‘g‘risidagi barcha ma’lumot aks ettiriladi (20-rasm). Kahoot dasturidan ma’ruzalar jarayonida foydalanish uchun auditoriyada Internet tarmog‘i mavjud bo‘li­shi va undan samarali foydalanish uchun tegishli texnika vositalari (kompyuterlar, tarmoqqa ulangan telefon, proyektor) mavjud bo‘lishi kerak. Kahoot dasturidan ma’ruzalar paytida foydalanish quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:

18-rasm. Eng yuqori ball to‘plagan talabaning ismi-sharifi

19-rasm. O‘yin xronologiyasini yuklab olish oynasi

20-rasm. O‘yin xronologiyasi

  1. Ma’ruza o‘qilishi jarayonida uning o‘z­lashtirilishini nazorat qilish.
  2. Ma’ruzaning bir qismi o‘qilgach, uning qay darajada o‘zlashtirilishini aniqlash va qisqa savol-javob o‘tkazish orqali talabalarning diqqatini ma’ruza mazmuniga jalb qilish.
  3. Qisqa savol-javoblar natijasiga qarab tinglovchilarga tegishli ballar berish. Tinglovchilar tomonidan ma’ruza paytida to‘plangan ballar Oraliq va Yaku­niy nazorat ballariga qo‘shilishi mum­kin.
  4. Ma’ruza paytida uni diqqat bilan tingla­yotgan va faol ishtirok etgan talabalarni aniqlash hamda ularning bilimini baholash.

Xulosa qilib aytganda, ma’ruza o‘qila­yotgan paytda uning bir qismi bo‘yicha tezkor savol-javoblar o‘tkazilishi talabalar­ning o‘qilayotgan ma’ruza mazmuniga diq­qat bilan e’tibor qaratishlarini ta’minlaydi.

Mualliflar: O‘ktam Karimov, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti assistenti, magistr, Barno Karimova, P. F. Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘qituvchisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq