Axborotlashgan jamiyatda sifatli sotsiologik tadqiqot usullaridan foydalanishning zaruriyati
26.03.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Zamonaviy yoshlarning sotsial muhit shart-sharoitlariga ijtimoiylashuvidagi xususiyatlar transformatsiyalashgan jamiyat va uning oqibatida vujudga kelgan subyektiv vaziyatlarga bog‘liq bo‘lib qoladi. Bu jarayonda yoshlarning o‘z oldilariga qo‘ygan vazifalar, shart-sharoitga moslashuv va istiqboldagi erishilishi ko‘zlangan maqsadlar sotsiologik nuqtai nazardan, ilmiy tahlil va bashorat qilinishi lozim.

Ma’lumki, axborotlashgan jamiyatda jamoatchilik fikrini o‘rganish sotsiologik tadqiqotlarga tayanish va uning natijalari orqali amalga oshiriladi. Tabiiyki, bu mutaxassisdan yuqori kasbiy maho­ratni talab etadi. Sotsiologik amaliyot bo‘yicha tegishli bilim va tay­yorgarlikka ega bo‘lmagan inson muammoni o‘rganish vaqtida ko‘plab subyektiv nuqsonlarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Shu bilan birga, sotsiologik tadqiqotlarni tashkil etish maxsus bilimlarni ta­lab etishi, xususan, nazariy-metodologik dasturning ekspertlar tomonidan qanchalik ilmiy va asosli yozilganligi, maqsad va vazifalarning to‘g‘ri qo‘yilganligi, ilmiy farazlarning to‘liq asoslangan­ligi va reprezentativlikning ta’minlanganligiga bog‘liq bo‘ladi. Ijtimoiy hayotda jamoatchilik fikri insonlardagi o‘zaro sotsial munosabatlarga kirishuvning muhim mexanizmlaridan biri hisoblanadi. U ma’lum darajada boshqaruv jarayonlariga ta’sir ko‘rsatishi, mavjud tizimning ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan fikr va qarorlarini shakllantirishi va qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Jamoatchilik fikri tushunchasi, bu jamiyat tafakkurining sotsial guruhlar, umuman xalqning jamiyat manfaatlarini aks ettiruvchi hodisa va jarayonlarga nisbatan mavjud ijtimoiy munosabatlar asosidagi munosabati (bahosi)ni aks ettiruvchi hodisa sanaladi. Sotsiologik ma’lumot­larning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, u turli xil sotsial guruhlarga birlashgan insonlarning xulqi va tafakkurini u yoki bu darajadagi aniqlik bilan aks ettira oladi. Uning asosiy sifati to‘plangan ma’lumotlarni oldinga qo‘yilgan maqsadga muvofiqligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘ladi.

Tadqiqot natijalarining sifat darajasini ifodalovchi asosiy xusu­siyatlar — bu aniqlik, barqarorlik va reprezentativlik bilan ifoda­lanadi. Sotsiologik ma’lumotlarning aniqlik darajasi o‘rganilgan ijtimoiy hodisa va jarayonlarning o‘ziga xos xususiyatlarini to‘liq aks ettirish hisobiga tashkillashtiriladi. Barqarorlik esa mavjud ma’lumotning muayyan vaqt davomida o‘z foydalilik xususiyatlarini ta’minlashini ifodalaydi. Reprezentativlikda sotsiologik tadqiqotlar orqali olingan natijalarni amaliyotga tatbiq qilinishi mumkin bo‘lgan sohalar qamrab oladi.

XX asrning 60-yillarida taraqqiy etgan G‘arb sotsiologiya yo‘nalishida yetakchi tadqiqot markazlari xodimlari asta-sekin­lik bilan miqdorli tadqiqot usullaridan sifatlisiga o‘ta boshladilar. Sotsiologiyada sifatli usul miqdorli tadqiqotlardagi mavjud strategiya va ilmiy farazlardan tubdan farq qiladi. Miqdoriy ko‘rsatkichlar yig‘indisi makrosotsiologiyaning muntazam barometr o‘lchov yig‘indisi qilib belgilansa, sifatli tadqiqot usullari mikrosotsiolo­giyaning muhim masalalarini yoritib berishda katta ahamiyat kasb etadi. Ushbu ilmiy izlanish hamma davrda o‘zgacha mantiqqa asos­langan tadqiqotchining nazariy maqsadi, uning qiziqish fokusi, o‘rganilayotgan obyektga bo‘lgan munosabati, ma’lumotlarni yig‘ish jarayoni va ularni izohlab berishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi. Misol uchun, tizimli tahlil nuqtai-nazaridan, hozirgi zamon jamiyatining umumiy shart-sharoitlarini turli xildagi sotsial guruhlar, jumladan: talabalar, harbiylar, majburan nafaqaga chiqqanlar va boshqalarni bir xil sharoitda deb olib, so‘ngra uni o‘rganib, tushuntirish mumkin.

Sifatli sotsiologiya (uni yana insonparvarlikka asoslangan so­tsiologiya ham deyiladi) nuqtai-nazaridan olganda — u guruhlar­dagi har bir inson taqdiri bilan bog‘liq omillarni o‘rganadi. Spetsifik sotsial tajriba alohida kechinma va tashvishlardan iborat, ular esa umumlashib, uning maxsus «Hayot dunyosini» tashkil etadi. Bu dunyo aynan «Maxsus dunyo» sifatida o‘rganish obyekti bo‘lishi mumkin. Ularning o‘tmishdagi tajribasi kundalik tashvishlar, kechinmalar faqat bu guruhlarning individual taqdirlarini, umumiy sotsial ko‘rinishda berilgan sotsial-tarixiy holatda o‘rganish, tushu­nish mumkin. Boshqa tomondan, bu kishilarning tajribasi umumsotsial tajribaning bir lavhasi bo‘lib hisoblanadi. Bunday tajribalar yig‘indisi jamiyatning sotsial ko‘rinishini tasavvur qilish imkonini beradi.

Shunday qilib, sifatiy tadqiqotning umumiy fokusi diqqatni ayrim holdagi sotsial tajribalarning butun tizimini diqqat markaziga qara­tadi. Sifatga oid tadqiqotlar nisbatan chuqurroq ma’lumot olishga mo‘ljallangan bo‘lib, uni «izohlovchi» deb yuritish mumkin. Sifatiy tadqiqotlar insondagi xulqiy o‘zgarishlarning sabablari, kishilar­ning xotiraga oid fikrlari haqida ma’lumot olish, ya’ni «Nima uchun?» — degan savolga javob izlaydi. Sifatga oid tadqiqotlarda «kashf etish», «yaratuvchanlik» jarayoni amalga oshirilsa, miqdoriy tadqiqotlarda «isbotlash» va «tasdiqlash» mexanizmlari shakllantiriladi. Ta’kidlash joizki, har qanday miqdorli va sifatga oid usullar o‘ziga xos tadqiqot maqsadi, vazifasi va o‘rganish obyektlariga ega. Miqdoriy va sifatiy tadqiqotlar bir-biriga o‘zaro bog‘liq bo‘lib, bir-birini to‘ldiradi. Shu sababli ularni o‘zaro qarama-qarshi qo‘­yib bo‘lmaydi. Ularni kompleks tarzda qo‘llab, umumiy yondashuv asosida kerakli ma’lumotlar olish imkoni mavjud. Sifatiy tadqiqotlarning natijalarini kontent-tahlil usuli shaklida miqdoriy shaklga o‘tkazish mumkin. Miqdoriy tadqiqotlar (masalan: farazlar, tugallanmagan gaplar, tuzoq-savollar va boshqalar)ni tashkillashtirishda asosan ma’lumot to‘plashning sifatiyga oid texnologiyalari qo‘llaniladi.

Sifatga oid tadqiqot nima? Amaliyotda sifatga oid tadqiqot tu­shunchasi yetarli darajada keng ta’riflanadi va u har doim ham bir turli ma’noni ifodalamaydi. Sifatga oid tadqiqot, ma’lumotlar kuzatish, intervyu olish, shaxsiy hujjatlarni (matnli, kam hollarda ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan, ya’ni foto, video manbalarni) tahlil qilish usuli orqali olingan tadqiqot sifatida ifodalanadi. Ko‘p hollarda bu bir necha turli usullar yordamida to‘plangan dalil-isbotlardir. Dastlabki ma’lumotlar sirasiga ko‘pincha insonlar haqidagi mufassal mulohazalar yordamida, kam holatlarda esa imo-ishoralar, ularning qarashlarini aks ettiruvchi belgilar yordamida ifodalangan fikrlar kiradi. Agar miqdoriy tadqiqotlarda: Qanchalik tez-tez? Qanchalik uzoq muddat davomida? — kabi savollarga miqdorni (hisob birliklarida: ko‘p-kam) qayd qiluvchi yetarli darajadagi obyektiv javob olsak, sifatga oid savollarga: sizga film qanchalik yoqdi? — kabi savolga munosabat sifatini belgilovchi nominal ja­vob olamiz yoki boshqa so‘zlar bilan aytganda, ushbu predmetning individ uchun uning o‘z so‘zlariga ko‘ra qiymatga ega bo‘lgan subyektiv qiymatini, uning ijtimoiy tajribasidan kelib chiqqan holda, berilgan (masalan, film zerikarli, qiziqarli va boshqa) javobni olamiz.

Bu kabi ma’lumotlar matematik jihatdan emas, balki ularning subyektiv ma’nosini analitik yo‘l bilan ochib berish orqali tahlil qilinadi. Sifatga oid tadqiqotlar, avvalambor, ijtimoiy amaliyotning, ya’ni ma’lum bir kishilarning muayyan vaziyatlardagi haqiqiy hayot tajribasining individual jihatini o‘rganish uchun amalga oshiriladi, biroq individual narsani tahlil qilish orqali ijtimoiy guruh, harakatlar yoki ijtimoiy institutlarning muayyan ijtimoiy vaziyatlarda o‘zini tutish tabiatiga tegishli bo‘lgan nisbatan keng ko‘lamdagi ijtimoiy muammolar ham tadqiq qilinishi mumkin. Ma’lumotning qo‘shimcha manbalari sifatida miqdoriy ma’lumotlar (masalan, statistika) ham xizmat qilishi mumkin, biroq ularning tahlili shuningdek, analitik yondashuv asosida amalga oshirilshi mumkin (Semenova V. V. Sifat usullari: insonparvarlik: Ta’lim muassasalari talabalari uchun o‘quv qo‘llanma. /RFA sotsiologiya instituti, M.: Dobrosvet, 1998. — 3–4 bet). Sifatga oid tadqiqot nimadan tashkil topadi? — degan savolni olsak, bu avvalambor, turli-tuman insonlar hujjatlaridan yoki «ha­yot hujjatlaridan» olingan empirik tuzilmalashtirilmagan dalillardir. Ularni intervyu va kuzatuvlarning matnli yozuvlari, shaxsiy va rasmiy hujjatlar, fotosuratlar va hokazolar deb ham ataydilar. Sifatga oid tadqiqotning ikkinchi tarkibiy qismi tahlil uchun qo‘llaniladigan tahliliy va izohlash jarayonlaridir. Ular ta’riflar va izohlashlardan tortib kodlashtirish va toifalarga bo‘lishga qadar bo‘lgan turli tex­nikalarni qamrab oladi (O‘sha manbadan).

Uchinchi tarkibiy qism darak beruvchi (hikoyaga oid) hisobotdir. Bu kabi hisobotning janri va uslubi tadqiqot maqsadlari va u mo‘ljallangan adresatga bog‘liq ravishda ajratiladi: keng ommadan ilmiy ma’ruza yoki munozaraga qadar. O‘z uslubiga ko‘ra, bu odatda, o‘rganilayotganlarning og‘zaki va yozma nutqidan olingan parchalarning ko‘p miqdorda qo‘llanilishi yordamida yozilgan jonli ta’rifdir. Janriga ko‘ra esa — izoh, mulohaza, faraz yoki ijtimoiy hayotning ushbu hodisasi haqidagi nazariyadir, ya’ni alohida muammoni o‘rganish jarayoni sifatidagi sifatga oid tadqiqot nafaqat alohida (sifatga oid) ma’lumotlar mavjudligini talab etadi, balki ularni to‘plash, qayta ishlash va tahlil qilishning o‘ziga xos usullarini ham taqozo qiladi. Shu sababli quyida sifatga oid tadqiqotni belgilash uchun nisbatan umumlashtirilgan atama, ya’ni sifat usuli, yoki turli usullar majmui sifatidagi usullar atamasi qo‘llaniladi.

Nima uchun tadqiqotchilar sifatga oid usullarga murojaat eta­dilar? Birinchi sabab — bu o‘rganilayotgan muammo tabiatidir. Ta­biiyki, ayrim ijtimoiy muammolar, masalan, ayrim shaxslar no­odatiy individual (kasallik, diniy e’tiqod, salbiy illatlarga qaramlik) tajribasini o‘rganishda sifatga oid yondashuv talab etiladi. Sifat usullari hozirgi davrga qadar noma’lum bo‘lgan hodisa tabiatini tushunish, ma’lum muammolarning yangi jihatlarini batafsil ta’rif­lash yoki ijtimoiy tajribaning ommaviy so‘rovlar va miqdoriy ma’lumotlar asosida o‘rganish imkoni mavjud bo‘lmagan harakatlanish mexanizmlari yoki yashirin subyektiv ma’nolarini ochib be­rish uchun zarur. Umuman olganda, bu ijtimoiy hayotning tor sohasini chuqur o‘rganishning nozik vositasidir. Boshqa sabab — tadqiqotchi va uning muayyan falsafiy moyilligini muvofiq ravishdagi nazariy yo‘nalishga yo‘naltirishdir, masalan, fenomenologiyaga yoki nisbatan kengroq bo‘lgan zamonaviy sotsiologiyaning gumanistik g‘oyalariga yo‘naltirilganligidir, bunda ijtimoiy hayotning subyektiv jihati, inson dunyosiga asosiy e’tibor qaratladi.

Sifat tadqiqotchisi qanday ko‘nikmalarga ega bo‘lishi zarur? Sifatga oid yondashuv tadqiqotchining o‘ziga alohida e’tibor qaratadi. U muammoni o‘zini qiziqtirgan obyekt bilan uning uchun tabiiy bo‘lgan vaziyatda uzoq muddat davomida bevosita muloqot jara­yonida o‘rganadi. U shuningdek, bilishning faol «vositasi» bo‘lib xizmat qiladi: odamlarning dunyoni his qilishini va hayot mazmunlarini anglaydi; ma’lumot to‘plashning, qat’iy sxemalarga rioya qilmagan, balki doimiy ravishda, haqiqiy vaziyatlardan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqqan holda egiluvchan jarayonni shakllantiradi; turli tabiatga ega bo‘lgan dala ma’lumotlarini tahlil qiladi, bu esa yangi sujetlarni olib kiradi va dastlabki qarashlar tizimini qayta ko‘rib chiqishga undaydi. Bu o‘rganilayotgan voqelik haqidagi ma’lumot parchalarini boshdan oxirigacha konseptual hissiyotlarga «montajini» amalga oshiruvchi amaliyotchidir. Sifatga oid tahlil jarayonida u ko‘p marotaba dastlabki bosqichlarga qaytadi, vaziyatni tanqidiy jihatdan qayta ko‘rib chiqadi, bunda u real ziddiyatlar va nomuvofiqliklarni o‘rganadi, uni nazariy tasavvurlar bilan qi­yoslaydi. Buning uchun nazariy va ijtimoiy jihatdan tayorlangan bo‘lish, tahliliy masofani mohirlik bilan saqlash, kuzatilayotganni izohlash uchun o‘zining avvalgi tajribalari va nazariy bilimlaridan foydalanish zarur. Sifatli usullarning imkoniyatlari keskin sotsial sharoitlar o‘zgarishi paytidagi obyektiv va subyektiv hollarini hayot tajribasida ko‘rish mumkin.

Shunday qilib, sifatli yondashishning umumiy strategiyasi ochiq qidirish, strukturalashtirilmagan muammoli holatlarni tahlil qi­lishdan iborat. Tadqiqotchining diqqati ayrim subyektlarni yirik­lashtirib ko‘rib chiqishga qaratilgan. Sifatli usullardan foydala­nish, ba’zida tadqiqotchining diqqat markazida ayrim sotsial obyekt­ning o‘ziga xosliklarini o‘rganish, voqeaning umumiy sur’ati yoki hodisaning umumiy tarkibiy birligida, obyektiv va subyektiv omillarning hamkorligida o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Sifatli tadqiqotlar yangi hodisalarni va ommaviy keng tarqalgan, ayniqsa, keskin sotsial o‘zgarishlar sharoitidagi jarayonlarni o‘rganish imkonini beradi.

Sifatli paradigmani yuqorida ta’kidlaganimizdek, gumanistik sotsiologiya deb ham ataydilar yoki interpretativ yoxud tushunadigan berilgan yo‘nalishning asosida yotgan nazariy konsepsiyalarga asoslanib, strukturalizmga nisbatan bu yerda individlari jtimoiy harakat agentlari deb tushuniladi. Ular sotsial dunyoning mahsuloti yoki qurboni emas, balki o‘ylayotgan, his qilayotgan, harakat qila­yotgan subyektlar bo‘lib, atrofdagi dunyoni yaratishga qatnashadilar. O‘zining va boshqalarning tartibiga o‘zining ma’nosini va ahamiyatini beradilar. Katta sotsial tizimlar bunday qarashda munosabatlarning murakkab jarayonlar natijasida paydo bo‘lishi, undagi umumiy ma’nolar va ahamiyatlar ma’lum darajada ijtimoiy munosabatlar qatnashchilarining hammasi tomonidan belgilanadi va ma’qullanadi. Misol uchun, hammaga tushunarli nikoh marosimida aytilgan «Ha» so‘zi. Bu so‘z hamma harakatlarni mujassamlashtirib, barcha qatnashchilar tomonidan bir ma’noda tushuniladi. Shuning uchun sifatli sotsiologiyani subyektiv sotsiologiya deb ham ataydilar. Umuman mikrosotsiologini fragmentar sotsiologiya deb atash mumkin. Chunki bunday yondashish natijasida diqqat aniq munosabatlarning mikro tahliliga qaratiladi. Fragmentar sotsiologiya degan tushuncha — bu jamiyatni ko‘pgina fragmentlardan to‘qilgan mozaik matodek tushunish imkonini beradi.

Shunday qilib, metodologiya nuqtai-nazaridan, sifatli sotsio­logiya o‘zining mohiyati bilan mikrosotsiologiyadir. Tadqiqotchi o‘z diqqatini sotsial harakat agenti bo‘lgan subyektga qaratadi. Bunda, avvalambor, shaxsiy, kundalik tajribasi, boshqalar bilan bo‘lgan munosabat, so‘zlar bilan aytilgan fikrlarga o‘z hayoti haqidagi hi­koyalariga murojaat qilinadi. Interaktiv ma’lumotlarni tahlil qilib (so‘zlar, imo-ishoralar, kommunikativ belgilarni) sotsiolog kishi­larning sotsial turmushining alohida shaklini tushunib oladi va izohlab beradi: u o‘zining kuzatishlarini umumlashtiribgina qolmay, uni atamalar tiliga aylantiradi, kuzatilayotgan sotsial borliq­ning berilgan jihatlarini nazariy izohlab berish uchun o‘ziga xos yondashuv bilan tadqiqotlar o‘tkazadi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston sharoitida sifatli tadqiqotlar o‘tkazishning zaruriyati shundaki, bunda, avvalambor, mamlakat aholisi globallashuv jara­yonlarda faol qatnashmoqda. Shuningdek, bir tomondan, fuqarolik jamiyati sharoitida va ikkinchi tomondan, axborotlashgan dunyo­ning bir qismi sifatida mamlakat aholisi­ning har bir vakilining fikr-mulohazasi istalgan paytda qaysidir bir mavzuning dolzarb nuqtasi bo‘lib chiqishi mumkin.

Muallif: Shaxnoza Rahimova, O‘zMU tadqiqotchisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq