ARM xodimlari bilimini axborot texnologiyalarini tatbiq qilish sharoitida baholash
26.03.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: H. Islomova.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2011-yil 23-fev­ral­dagi «2011–2015 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiya­lari negi­zida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatlari ko‘rsatishni sifat jihatidan rivojlantirishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1487-son Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Respublikamizning axborot-kutubxona muassasalarida avtomat­lashtirilgan axborot-kutubxona tizimlari (AAKT) joriy qilinmoqda.

AAKT joriy qilishda axborot-kutubxona muassasalari xodimlarini avtomatlashtirilgan tizim bilan ishlashga o‘rgatish katta ahamiyatga ega. Avtomatlashtirilgan tizimning elektron katalogi ma’lumotlar bazasini shakllantirish, adabiyotlarni berish va qaytarib olish, qidiruv va buyurtmalarni bajarish amallarini maxsus dastur asosida o‘qib o‘zlashtirmasdan turib, AAKT axborot-kutubxona muassasalarida joriy qilishda muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Shu sababli ham AAKT axborot-kutubxona muassasasida joriy qilishda dastlab, xodimlar maxsus dastur asosida tizim bilan ishlashga o‘rgatiladi. AAKT o‘qitishda asosiy e’tibor tizimning avtomatlashtirilgan ish o‘rinlari (AIO‘) funksiyalarini o‘zlashtirishga qaratiladi. Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimida asosan beshta Avtomatlashtirilgan ish o‘rni mavjud: Katalolashtiruvchining AIO‘, Adminstratorning AIO‘, Kutubxonachining AIO‘, Kitobxonning AIO‘, Komplektatorning AIO‘.

Katalolashtiruvchining AIO‘ funksiyalarini o‘zlashtirish uchun quyidagi o‘qitish usullaridan foydalanamiz: Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimi asosan beshta avtomatlashtirilgan ish o‘rnidan (Rahmatullayev M. A, Karimov U. F., Islomova H. E., Korpo­rativ axborot-resurs markazlarining avtomatlashtirilgan tizimi elektron katalogi ma’lumotlar bazasini shakllantirish. Avtomat­lashtirilgan axborot-kutubxona tizimidan foydalanuvchilar uchun uslubiy qo‘llanma. Toshkent. Komron press, 2012. — 113 b.) iborat bo‘lgani uchun tizimni o‘rgatish maqsadida har bir AIO‘ni bir mo­dul sifatida qaraymiz. Demak, AAKTni o‘rgatish uchun tinglovchi­lar beshta modul: 1-modul. Administratorning AIO‘. 2-modul. Kataloglashti­ruvchining AIO‘. 3-modul. Kitobxonning AIO‘. 4-mo­dul. Kutub­xonachining AIO‘. 5-modul. Komplektatorning AIO‘ aso­sida o‘qitilishi kerak. Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizi­midagi AIO‘ funksiyalarini tinglovchilar tomonidan o‘zlashtirish darajasini maxsus test o‘tkazish yo‘li bilan aniqlaymiz.

Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimini o‘qitish uchun o‘rta maxsus ta’lim tizimi tarkibidagi ARM rahbarlaridan iborat 10 kishilik guruh tashkil qilindi. Mashg‘ulotlar boshlanmasidan av­val ularning avtomatlashtirilgan tizim to‘g‘risidagi bilim, malaka va ko‘nikmalarini aniqlash maqsadida, har bir modul bo‘yicha alo­hida test o‘tkazildi. Test o‘tkazish uchun dastlab, modullar bo‘yicha test savollari «My test» dasturiga alohida fayllar asosida kiritildi (1-rasm). Dasturda har bir modul bo‘yicha testlarni shakllanti­rishda testning qiyinlik darajasi, belgilangan vaqti, savol-javoblar tartibi (tasodifiy, odatiy) hamda testga doir rasm va diagrammalar mavjud bo‘lsa, ular 2-rasmda keltirilgandek qayd etiladi.

Shunday qilib, mavzular bo‘yicha 5ta moduldan test savollari joylashtirildi. Kataloglashtiruvchining AIO‘ moduli bo‘yicha 36ta test savollari, Kutubxonachining AIO‘ uchun 20ta test savollari, Kitobxonning AIO‘ moduli bo‘yicha 15ta test savollari, Administ­ratorning AIO‘ moduli bo‘yicha 20ta test savollari va Komplektatorning AIO‘ moduli bo‘yicha 10ta test savollar va javoblar tartibi «tasodifiy» berildi. Baholash tizimi 100 ballik tizim asosida olib borildi. Test vaqti cheklangan bo‘lib, tinglovchilar shaxsiy elekt­ron kabineti orqali ro‘yxatdan o‘tgach, belgilangan test natijalari to‘g‘­ridan-to‘g‘ri dastur serveriga kelib tushadi (3-rasm). Demak, ARM rahbarlaridan iborat 10 kishilik guruhni mashg‘ulotlar bosh­lanmasidan avval kataloglashtiruvchining avtomatlashti­rilgan ish o‘rni moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijalari 1-diagramma­dagidek amalga oshiriladi. Diagrammadan ko‘rinadiki, Atamu­hamedova Nargiza 40 foizlik natijaga erishgan. Bu bosh­qa ting­lovchilarga qaraganda, ajralib turibdi. Aniqlanishicha, Atamuha­medova Nargiza Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimi bo‘yicha avval bo‘lib o‘tgan seminar-treninglarda ishtirok etgan ekan. Qolgan tinglovchilarning erishgan natijalari deyarli bir xil. Adminsratorning avto­matlashtirilgan ish o‘rni moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijalari 2-diagrammadagidek amalga oshirildi. Diagrammadan ko‘rinadiki, Adminsratorning AIO‘ funksiyalari bo‘yicha berilgan test sinovlariga deyarli barcha tinglovchilar qoniqarsiz javob bergan. Ikki nafar tinglovchi esa birorta ham savolga to‘g‘ri javob bera olmagan.

Kutubxonachining AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijalari 3-diagrammada tasvirlangan. Kutubxonachining AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijalari shuni ko‘rsatadiki, 2 nafar ting­lovchi hech qaysi savollarga to‘g‘ri javob bera olmagan, qolgan 8 nafar tinglovchi qoniqarsiz javob bergan. Kitobxonning AIO‘ modu­li bo‘yicha o‘tkazilgan test natijalari 4-diagrammada tasvirlangan. Mazkur diagramma natijasi shuni ko‘rsatadiki, barcha res­pondentlar qoniqarsiz javob berganlar. Komplektatorning AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijalari 5-diagrammada berilgan. Komp­lektatorning AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijasi shuni ko‘rsatadiki, tinglovchilardan 3 nafari test savollariga to‘g‘ri javob bera olmagan. Qolgan 7 nafar tinglovchining barchasi qoniqarsiz javob berishgan.

Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimini o‘rgatish bo‘yicha 48 soatlik maxsus kurs tashkil qilindi. Avtomatlashtirilgan tizimning har bir moduli bo‘yicha alohida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Kataloglashtiruvchining AIO‘ modulini o‘rganish bo‘yicha 16 soat, Adminstratorning AIO‘ moduli uchun 6 soat, Kutubxonachining AIO‘ moduli uchun 6 soat, Kitobxonning AIO‘ uchun 4 soat va Komlektatorning AIO‘ uchun 4 soat, mustaqil ishlarni bajarishga 12 soat ajratildi. Mashg‘ulot davomida an’anaviy va interfaol ta’lim metodlaridan foydalanildi. Shuningdek, Power Point taqdimot dasturida ishlab chiqilgan slaydlar yordamida dars berildi. Har bir modul o‘qi­tilgandan so‘ng, tinglovchilarning mashg‘ulotlarni o‘zlashtirish darajasi test o‘tkazish usulida aniqlandi. Kataloglashtiruvchining AIO‘ bo‘yicha olingan test natijalari 6-diagrammada berildi.

Olingan natijalarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, «Kataloglashtiruvchining AIO‘» moduli to‘g‘risida mashg‘ulotlarda ishtirok etgan tinglovchilardan sakkiz nafari qoniqarsiz baholangan. Ikki nafar tinglovchi berilgan savollarga qoniqarli javob bergan. O‘qituvchi tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar yetarlicha ijobiy natija bermagani uchun tinglovchilarga «Kataloglashtiruvchining AIO‘» bo‘yicha tayyorlangan multimediali o‘quv-dasturidan mustaqil ra­vishda foydalanish topshirildi. Ulardan biri bir, ikki, uch va undan ortiq bo‘lgan muallifli kitoblarning bibliografik tavsifini yaratish­ga mo‘ljallangan elektron multimediali qo‘llanma bo‘lib, u Flash Player dasturi yordamida gipermurojaat orqali ishga tushirilishi yoki o‘rnatilishi mumkin. Misol uchun, bir muallifli kitob bibliogra­fik tavsif elementlarini kiritish bo‘yicha yaratilgan multimediali qo‘l­lanmani 4-rasmda ko‘raylik.

Shuningdek, tinglovchilarga avtomatlashtirilgan axborot-kutub­xona tizimida ishlashni o‘rgatuvchi elektron multimediali qo‘llanma ham mustaqil ravishda foydalanishlari uchun berildi. Multimediali qo‘llanma ishga tushirilgandan so‘ng, uning titul varag‘i sahifasi ochiladi. Titul varaqasi sahifasida elektron multimediali qo‘llanmani ishlab chiqishdan maqsad, institut to‘g‘risida ma’lumot, qo‘llan­ma nomi, mundarija va mualliflar to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan (5-rasm). Multimediali qo‘llanmalardan tashqari ARM faoliyatiga oid soha mutaxassislarining elektron kitoblari va Power Point taqdimot dasturida ishlab chiqilgan slaydlar majmuasidan iborat elektron kutubxona ham foydalanishga topshirildi. Bunda asosan korporativ axborot-resurs markazlarining avtomatlashtirilgan tizimi, elektron kutubxona tarmoqlarida ilmiy-texnikaviy, ilmiy-ta’limiy axborotlar yaratish va ulardan foydalanish texnologiyalari, davriy nashrlar elektron katalogini yaratish texnologiyasi, elektron bibliografik resurslar yaratish texnologiyasi va manbalari kabi elektron kitoblar hamda taqdimotlar gipermurojaat shaklida berilgan (6-rasm).

Tinglovchilar yuqorida ko‘rsatilgan multimediali o‘quv qo‘llan­malarni mustaqil ravishda 2 soat o‘rganganlaridan so‘ng «Kata­loglashtiruvchining AIO‘» moduli bo‘yicha qaytadan test sinovlaridan o‘tdilar. Olingan nitijalar 7-diagrammada keltirildi. AAKT «Administratorning AIO‘» moduli bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilgandan so‘ng tinglovchilarning o‘zlashtirish darajasini aniqlash maqsadida, test sinovlari o‘tkazildi. Olingan natijalar 8-diagrammada ko‘rsatilgan.

Uch nafar talaba birorta ham savolga to‘g‘ri javob bermagan. Uch nafar talabaning javoblari qoniqarsiz. To‘rt talabani bergan javoblari qoniqarli. Olingan natijalar qoniqarli bo‘lmagani uchun tinglovchilarga «Administratorning AIO‘» moduli bo‘yicha multimediali qo‘llanmadan mustaqil ravishda foydalanish taklif etildi. Tinglovchilar 3 soat davomida, mustaqil ravishda, «Administrator­ning AIO‘» funksiyalari bilan tanishgach, qaytadan test sinovlari o‘tkazildi. Olingan natijalar 9-diagrammada berilgan. Kutubxonachining AIO‘ moduli bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘t­kazilgandan so‘ng tinglovchilar bilimini sinash maqsadida test sinovlari o‘tkazildi. Olingan natijalar 10-diagrammada tasvirlangan.

Diagrammadan ko‘rinadiki, Kutubxonachining AIO‘ bo‘yicha be­rilgan savollarga javoblar, qoniqarli emas. Respondentlarning 6 nafari qoniqarli javob berdi. Qolgan 4 tinglovchining javoblari qoniqarsiz baholangan. Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimlari (AAKT) funksiyalarini tinglovchilar tomonidan o‘zlashtirish darasini ko‘tarish maqsadida tinglovchilarga Kutubxonachining AIO‘ funksiyalarini o‘rgatuvchi multimediali qo‘llanmalardan foydala­nish tavsiya qilinadi. Tinglovchilar 4 soat davomida multimediali qo‘llanmalardan foydalangandan so‘ng test sinovlari o‘tkazildi. Olingan natijalar 11-diagrammada berildi. Kitobxonning AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijalari 12-diagrammada berilgan.

Bundan ko‘rinadiki, tinglovchilardan 3 nafari mazkur avtomatlashtirilgan ish o‘rni bo‘yicha berilgan test savollariga qoniqarli, 7 nafari esa mazkur test savollariga qoniqarsiz javob berdi. Shuning uchun tinglovchilar 2 soat mobaynida multimediali qo‘llanma­dan foydalandi va qayta test sinovlaridan o‘tdi. Olingan natijalar 13-diagrammada berildi. Komplektatorning AIO‘ moduli bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilgandan so‘ng tinglovchilar bilimini sinash maqsadida test sinovlari o‘tkazildi. Olingan natijalar 14-diagrammada berildi. Diagrammadan xulosa qilish mumkinki, Komplektatorning AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan testdan 4 nafar respondent qoniqarli, 6 nafar tinglovchi qoniqarsiz javob berdi. Shuning uchun mazkur modul bo‘yicha tinglovchilar 2 soat mobaynida multimediali qo‘llanmadan foydalandi va qayta test sinovlaridan o‘tdi. Olingan natijalar 15-diagrammada ko‘rsatilgan. Shunday qilib, avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimini o‘qitishda mashg‘ulotlar boshlanmasidan avval va mashg‘ulotlardan so‘ng ularning avtomatlashtirilgan tizim to‘g‘risidagi bilim, malaka va ko‘nikmalarini aniqlash maqsadida har bir modul bo‘yicha alo­hida test o‘tkazildi. Test natijalarining o‘rtacha ko‘rsatkichi sifatida 16-diagrammani misol qilish mumkin.

Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxonani o‘qitishda dastlab Kataloglashtiruvchining AIO‘ bo‘yicha nazariy va amaliy mash­g‘ulotlar o‘tkazilishi, so‘ngra, multimediali o‘quv qo‘llanmalardan mustaqil mashg‘ulotlarda foydalanilishi, zarur bo‘lgan hollarda esa «Trenajyorlardan foydalanish» maqsadga muvofiq. O‘tkazilgan taj­ribalar shuni ko‘rsatdiki, o‘qituvchining bir marotaba tushuntirib berishi va tinglovchilarning mustaqil ravishda amaliy mashg‘ulotlarni bajarishi avtomatlashtirilgan tizim funksiyalarini to‘liq o‘zlash­tirishda yetarli emas. Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizi­mining har bir modullari. Administratorning AIO‘, Kataloglashti­ruvchining AIO‘, Kutubxonachining AIO‘, Kitobxonning AIO‘ va Komplektatorning AIO‘ to‘g‘risida nazariy ma’lumotlar berilib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilgandan so‘ng tinglovchilar har bir modul bo‘yicha yaratilgan multimediali qo‘llanmalardan mustaqil ravishda foydalanishi katta samara beradi.

Demak, xulosa sifatida shuni ta’kidlash lozimki, avtomatlashti­rilgan axborot-kutubxona tizimini axborot-kutubxona muassasalarida joriy qilish uchun axborot-kutubxona muassasalari xodimlarini avtomatlashtirilgan tizim funksiyalaridan to‘liq foydalanishni o‘rgatuvchi maxsus o‘quv kursi tashkil qilish zarur. Avtomatlashtirilgan tizimni o‘rgatishga mo‘ljallangan o‘quv reja, dastur, o‘quv adabiyotlari, multimediali o‘quv qo‘llanmalari hamda maxsus tre­najyorlar ishlab chiqarilishi, tayyorlanishi lozim. Avtomatlashti­rilgan axborot-kutubxona tizimini o‘qitishda modul usulidan foydalanish katta samara beradi.

1-rasm. “My test” dasturining “Test tahrirlagichi” ish o‘rni

2-rasm. Testning qiyinlik darajasi, vaqtini belgilash, rasmlar joylashtirish

3-rasm. “My test” dasturining “Test o‘tkazish qaydnomasi” ish o‘rni

1-diagramma. Kataloglashtiruvchining AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijasi

2-diagramma. Adminsratorning AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijasi

3-diagramma. Kutubxonachining AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijalari

4-diagramma. Kitobxonning AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijasi

5-diagramma. Komplektatorning AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijasi

6-diagramma. Kataloglashtiruvchining AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijasi

4-rasm. Bir muallifli kitob bibliografik tavsifini kiritish bo‘yicha yaratilgan multimediali qo‘llanma

5-rasm. Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimida ishlashni o‘rgatuvchi multimediali qo‘llanma

6-rasm. ARM faoliyatiga oid soha mutaxassislarining elektron kutubxonasi

7-diagramma. Kataloglashtiruvchining AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijasi

8-diagramma. Administratorning AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijasi

9-diagramma. Multimediali qo‘llanmadan mustaqil ravishda foydalangandan so‘ng o‘tkazilgan test natijasi

10-diagramma. Kutubxonachining AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijasi

11-diagramma. Kutubxonachining AIO‘ bo‘yicha multimediali qo‘llanmadan mustaqil ravishda foydalangandan so‘ng o‘tkazilgan test natijasi

12-diagramma. Kitobxonning AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijasi

13-diagramma. Kitobxonning AIO‘ bo‘yicha multimediali qo‘llanmadan mustaqil ravishda foydalangandan so‘ng o‘tkazilgan test natijasi

14-diagramma. Komplektatorning AIO‘ moduli bo‘yicha o‘tkazilgan test natijasi

15-diagramma. Komplektatorning AIO‘ bo‘yicha multimediali qo‘llanmadan mustaqil ravishda foydalangandan so‘ng o‘tkazilgan test natijasi

16-diagramma. Mashg‘ulotlar boshlanmasdan avval va mashg‘ulotlardan so‘ng olingan natijalarning o‘rtacha ko‘rsatkichi.

Muallif: Hilola Islomova, “O‘zbektelekom” AK “Billing Telekom” filiali “Dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish” bo‘limi oliy toifali muhandisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq